Ta’limning tashkiliy-metodik tamoyillariga quyidagilar kiradi: ta’limning tizimliligi va izchilligi; ta’limda onglilik, faollik va mustaqillik; ko‘rsatmalilik; ta’limning o‘quvchilarga mos bo‘lishi; ta’limda bilim ko‘nikma va malakalarni puxta va mustahkam o‘zlashtirish tamoyili; tushunarlilik. Ta’limning tizimliligi va izchillik tamoyili bayon qilinayotgan o‘quv materialini mustahkamlash va ilgari o‘tilgan materiallarni to‘ldirishga xizmat qilishini, o‘quvchilarning uzluksiz va tizimli suratda mustaqil ish olib borishlarini, o‘quvchilarning o‘zlashtirgan bilim va hosil bo‘lgan ko‘nikma, malakalarini hisobga olib borishni ham o‘z ichiga oladi. Izchillik ta’lim mazmuni, uning shakli va usullari, o‘quv jarayoni ishtirokchilari bo‘lgan subektlarning o‘zaro munosabatlariga taalluqli. U alohida parsial (yunoncha partialis - qisman) va xususiy o‘quv vaziyatlari, predmet va hodisalar o‘rtasidagi bog‘ liqlik, aloqadorlik qonuniyatlarini asta-sekin o‘zlashtirish asosida ularni yagona yaxlit o‘quv jarayoniga birlashtirishga imkon beradi. Izchillik ta’lim jarayonining ma’lum tizim va ketma-ketlik asosida bo‘lishini nazarda tutadi, zero, murakkab masalalarni oddiy masalalarni o‘rganmay turib hal etib bo‘lmaydi. Tizimlilik va ketma-ketlik u yoki bu o‘quv materialini o‘zlashtirish sur’ati, uning elementlari o‘rtasidagi o‘zaro mosligini tahlil qilishga imkon beradi. Ta’limning tizimliligi va ketma-ketligi ma’lum fanlar bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalarini shakllantirish, borliqni yaxlit idrok etish o‘rtasidagi qaramaqarshilikni hal etishga imkon beradi. Ushbu holatlar birinchi navbatda dastur va darsliklarni muayyan tizimda yaratish, fanlararo hamda fanlar ichidagi bog‘liqlikni ta’minlash evaziga namoyon bo‘ladi. Ta’limda onglilik, faollik va mustaqillik tamoyilio‘qitishni shunday tashkil etishni nazarda tutadiki, bunda o‘quvchilar ilmiy bilimlarni hamda ularni amalda qo‘llash usullarini ongli va faol egallab olishlari lozim. Bilimlarni ongli ravishda o‘zlashtirish quyidagi omil va shartlarga bog‘liq: o‘quv motivlari, o‘quvchilarning faollik darajasi, o‘quv-tarbiyaviy jarayonning samarali tashkil etilishi, o‘qituvchi tomonidan qo‘llanuvchi ta’lim metodlari va vositalarining samaradorligi va boshqalar. O‘quvchilarning faolliklari reproduktiv va ijodiy xarakterga ega bo‘lishi mumkin. Mazkur tamoyil o‘quvchilarning tashabbuskorliklari va mustaqil faoliyatlarini nazarda tutadi.