Biogeotsenoz barqaror, o’z-o’zini boshqaradigan biologik sistema bo’lib, bunda tirik organizmlar (mikroorganizmlar, o’simliklar, hayvonlar) anorganik tabiatning tarkibiy qismlari (suv, tuproq, iqlim) bilan o’zaro bog’langan. Ularga tog’ o’rmoni, adir, yaylov biogeotsenozlarini misol qilib olish mumkin.
Ekosistema tushunchasi
Ekosistema tushunchasi
«Ekosistema» atamasi 1935-yilda Angliyalik botanik olim A. Tensli tomonidan fanga kiritilgan. Uning fikriga ko’ra, ekosistemalar faoliyati moddalar almashinuvi va energiya oqimi bilan bog’liq bo’lgan tirik organizmlar va atrof-muhitning fizik omillari majmuasidir.
A. Tensli ekosistemalarni «Yer yuzining asosiy tabiiy birliklari» deb hisoblaydi.
Biogeotsenoz va ekosistema tushunchalari bir-biriga yaqin tushunchalar
bo’lib, hayotning bitta tuzilish darajasidagi biosistemalar hisoblanadi. Bu
sistemalar o’zaro bog’liq tirik va anorganik tarkibiy qismlardan tashkil
topganligi hamda moddalar va energiya oqimi kabi bir qancha umumiy jihatlarga ega. Ekosistema va biogeotsenoz tushunchalari ko’pincha bir
Ma’noda ishlatilsa ham, ular talqinida ayrim farqlar mavjud.
«Biogeotsenoz» tushunchasi biosistemaning aniq tarkibiy jihatlarini aks
ettirsa, «ekosistema» tushunchasi biosistemaning funksional mohiyatini ifoda
etadi. Ekosistemalar o’zining o’lchami, turlarining xilma-xilligi va murakkabligi bilan biogeotsenozlardan farq qiladi. Biogeotsenozlar ma’lum chegaraga ega bo’ladi, ekosistemalarda esa chegarani aniqlash qiyin hisoblanadi.
Ekosistema ikkita tarkibiy qism – muhit sharoitlari (biotop) va Yer yuzida moddalarning davriy aylanishi hamda energiya oqimini ta’minlovchi uchta funksional guruhga birlashadigan tirik organizmlar (biotsenoz)dan tashkil topgan.
Biotop (yunoncha «bios» – hayot va «topos» – joy yoki yashash joyi), nafaqat jamoaning egallagan joyi, balki jamoa hayotini belgilovchi muhit omillarining o’zaro bir-biri bilan bog’liq kompleksidir. Tirik organizmlar o’z hayotiy faoliyatlari davomida muhitning abiotik shart-sharoitlari (ekotop)ga o’z ta’sirini o’tkazib, uni biotopga aylantiradi.