bir qator idoralarning vazifalari deklarativ xususiyatga egaligi va ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yetarli emasligi;
faqat holatlarni qayd etish va statistikani to‘plashdan iborat bo‘lib qolgan faoliyatni baholashning samarasiz tizimi va bu ko‘pchilik hollarda joylardagi ishlarning haqqoniy holatini aks ettirmaydi;
hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va aholining eng muhim muammolarini hal qilishda mahalliy hokimiyat organlari rolining pasayishiga olib keluvchi davlat funksiyalarining haddan tashqari markazlashtirilganligi;
xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan davlatning tartibga solish va xo‘jalik funksiyalari qo‘shib olib borilishi, sog‘lom raqobat muhitining rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi imtiyoz va preferensiyalarni tanlab taqdim etish amaliyoti;
hududlarning rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan ayrim rahbarlarda lozim darajada mas'uliyat va tashabbuskorlikning mavjud emasligi.
Ushbu kamchiliklar iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani modernizatsiyalash, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, aholining hayot darajasi va farovonligini yuksaltirish bo‘yicha davlat siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda. Bu borada Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Farmon 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda muhim qadam hisoblanadi hamda mohiyatiga ko‘ra O‘zbekistonning davlat va jamiyat qurilishida yangi sahifani ochib beradi. O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilishning 6 ta asosiy yo‘nalishi belgilab berildi.
Birinchi yo‘nalish ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga bag‘ishlangan. Mazkur sohadagi chora-tadbirlar quyidagilarni nazarda tutadi: ijro etuvchi hokimiyat organlarini tashkil etish va tugatishning aniq mezonlari hamda tartib-taomillarini joriy qilish;
kadrlar va moddiy resurslardan oqilona foydalangan holda, ijro etuvchi hokimiyat organlarini optimallashtirish;
ijro etuvchi hokimiyat organlarining mustaqilligini oshirish hamda ularning Vazirlar Mahkamasi bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish;
davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini izchil takomillashtirish va «Elektron hukumat» tizimini yanada keng joriy etish;
ma'muriy adliyani rivojlantirish va murojaatlarni kollegial eshitishni joriy qilish.
Ikkinchi yo‘nalish ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifalarini, ularni amalga oshirish mexanizmlari va javobgarlik sohalarini aniqlashtirishni nazarda tutadi. Shu munosabat bilan quyidagi masalalar bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘riladi: rivojlanish dasturlarini shakllantirishda hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tashabbuskorligi va rolini oshirish;
maqsadli indikatorlarga erishishga asoslangan, barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning rahbarlari faoliyatini baholashning prinsipial yangi tizimini joriy qilish;
xalqaro amaliyotda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan, shu jumladan, sifat menejmenti, indikativ rejalashtirish, autsorsing, kraudsorsing kabi ishni tashkil etishning zamonaviy uslublaridan foydalanish;
rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilishda jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorlikning zamonaviy shakllarini joriy etish.
Uchinchi yo‘nalish iqtisodiyot tarmoqlariga ma'muriy ta'sirni qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishda quyidagilar rejalashtirilmoqda: xususiy sektor samarali faoliyat ko‘rsatayotgan sohalarda davlat ishtirokidagi tijorat tashkilotlarini tuzishni cheklash va amaldagi davlat korxonalarini qayta tashkil etish;
iqtisodiy faoliyatda davlat ishtirokining aniq bozor mexanizmlarini ishlab chiqish;
ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishda ijtimoiy hamda davlat-xususiy sheriklikning huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirish;
ayrim davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish.