[XVI] Farhodning Qoran bila xoro yoʻnarda muqorin boʻlub, balki ul oyning bu Zuhal bila
qiron qilmogʻi va bu fanda anga sohibqironliq eshigi ochilmogʻi va Moniy qalam
moʻyidin tasvir fanin qalam-baqalam, balki moʻ-bamoʻ bilmogʻi va jamii sanoyi’ va
hunar daqoyiqi aning ilgiga kelmogʻi va toʻrt yilda toʻrt hadiqai Eram misol va toʻrt qasri
Xavarnaq timsolningkim, toʻrt fasl muqtaziyoti rangi bilan bino qoʻyulub erdi, itmomi va
xoqonning alarni Farhodga musallam tutub, anda bazmi ishrat tuzarga ehtimomi
Bu xoro uzra tez etkan qalamni,
Yuziga boʻyla naqsh etti raqamni:
Ki, chun shahzoda tushti uyga ul shom,
Yoʻq erdi koʻnglida bir lahza orom.
Boʻlub xoro tamoshosigʻa magʻlub,
Solib har dam havas koʻngligʻa oshub.
Nechakim aql riri zufunundur,
Havas atfoli ilgida zabundur.
Chu boʻldi tun qaro togʻi nigunsor,
Nechukkim zilzila boʻlgʻonda koʻhsor.
Quyosh la’li chekib togʻ uzra avrang,
Falakni subh qildi marmariy rang.
Chu gardun qullasigʻa mindi xurshed,
Tamosho azmigʻa otlandi Jamshed
(1)
.
Surub markabni chun ul yon yovushti,
Hunar ahliga rustoxez tushti.
Solib har xayl ichiga chun nazar tez,
Tavaqquf aylamay aylab guzar tez.
Debon har kim ishiga chun solib koʻz,
Ham oning istilohi birla bir soʻz.
Topib ahli hunar bu nav’i komin,
Fuzunroq aylab ishda ehtimomin.
Soʻzidin chun tamattu’ oldi har xayl,
Ravoni ayladi Qoran sori mayl.
Yana tutti hamul xopoda maskan
Yana yoʻndi hamul xoroni Qoran.
Buyurdikim, kelib ustodi haddod,
Yasogʻay teshau metini roʻlod.
Hamul ohangudozi ohaninchang,
Ravon qildi buyurgʻon ishga ohang.
Boʻlub oʻtdin temur la’li Badaxshon,
Shafaq ichra nechukkim mehri raxshon.
Yasab har nav’idin afzori diljoʻ,
Vale afzorigʻa Qoran berib suv.
Suv bergach olibu xoro yoʻnub tez,
Boʻlub xorodin ul suv otashangez.
Ne ish soriki solib koʻz nihoniy,
Nihonu oshkoro onglab oni.
Tasarruflar qilib ul nav’i mulhaq
Ki, birdin ming boʻlub ul ishga ravnaq
Aningdek qildi xoro yoʻnmogʻin vird
Ki, yuz Qoran qoshida boʻldi shogird
(2)
.