Filologiya fakulteti



Yüklə 64,22 Kb.
səhifə6/9
tarix01.05.2023
ölçüsü64,22 Kb.
#105328
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Latofatxon

Sheʼrim
Sen yuragimning chashma suvi sen,
Sen koʻzlarimning gavhar nurlari.
Sening bahongni kim soʻrasa, de:
Bahom umringning bahosiga teng!”
Usmon Nosir sheʼriyati hech kimnikiga oʻxshamagani, adabiyot oʻziga yaratib olgan andozalar va qoliplarga sigʻmagani bilan oʻziga xosdir. Sheʼrlarda shoirning tirik, otashin, isyonkor ruhi sezilib turadi. Masalan, “Yurak” sheʼrida
Itoat et!
Agar sendan
Vatan rozi emas boʻlsa,
Yoril, chaqmoqqa aylan sen,
Yoril! Mayli, tamom oʻlsam!..
deya xitob qiladi.
Zamonasining yirik shoirlaridan biri Turob Toʻla Usmon Nosir sheʼriyati haqida shunday deydi: “U shunday toʻpolon va toʻlqin bilan keldiki, uncha-muncha sheʼriy uslub va ijodni toʻs-toʻs qilib yubordi. Uni oʻzimizda “Oʻzbekning Lermontovi”, Moskva gazetalarida “Sharqda Pushkin paydo boʻldi”, deb yozishdi”.
Darhaqiqat, Usmon Nosir sheʼriyati avvalo, hayotiyligi, jozibadorligi va shunday boʻlsada, nihoyatda sodda va ravon boʻlgani uchun ham xalq qalbiga yaqin.
Yana sheʼrimga
(Sonet)
Sheʼrim! Yana oʻzing yaxshisan,
Boqqa kirsang, gullar sharmanda.
Bir men emas, hayot shaxsisan,
Jonim kabi yashaysan manda.
Yuragimning dardi — naqshisan,
Qilolmayman seni hech kanda!
Oʻt boʻlurmi ishqi yoʻq tanda?
Dardimsanki, sheʼrim yaxshisan.
Sen orada koʻprik boʻlding-da,
Geyne bilan oʻrtoq tutindim.
Lermontovdan koʻmak oʻtindim.
Butun umrim sening boʻyningda.
Saharda qon tupursam, mayli.
Men — Majnunman, sheʼrim, sen — Layli!
Dengizga
Oq dengiz, yaxshi qol! Yaxshi qol, Shimol!
Koʻnglimda ishqingni olib qaytaman.
Sochimni oʻynaydi muzdek shoʻx shamol,
Men unga dardimni qanday aytaman?
Kechqurun qirgʻoqda aylanib tanho
Sevdim, sevib qoldim toʻlqinlaringni.
Oyni choʻmiltirgan tinch tunlaringni
Tushimda koʻrganda ne qilarman, o?
Oʻynagil soʻng marta, chayqal, erkalan!
Armonim qolmasin ketar oldimda.
Bagʻringda baliqday yuzgan oq yelkan
Bir umr sayr etgay mening yodimda…
Yaxshi qol, erkin suv! Yaxshi qol, dengiz!
Toʻlqinlar, qoʻynimga qizday kirdingiz…
Usmon Nosir oʻzini nafaqat isteʼdodli shoir balki, dramaturg sifatida ham namoyon etadi. 18 yoshida “Nazirjon Xalilov” dramasini yaratadi. Uning “Dushman” (1931), “Soʻnggi kun” (1932), “Atlas” (1935) pyesalari Qoʻqon teatrida sahnalashtirilgan.
Nasimaga deganim
Yoʻq, hali hammasi oʻtganmas,
Koʻp hali hayotdan nasibam.
Silligim bezarar, hech gapmas,
Borini koʻraman, Nasimam,
Yoʻq, hali hammasi oʻtganmas!
Oldimda kutadir imtihon –
Men ogʻir janglarda boʻlarman.
Nasima! Bu kungi issiq qon,
O, balki toʻkilur… oʻlarman…
Oldimda kutadir imtihon!
Oʻylanib koʻzingga qarasam,
Ikkita dengizday koʻrinur…
Nasima! Ichaman rost qasam,
Olovdek lovullab dil yonur,
Baxtliman janglarga yarasam!
Usmon Nosir betakror sheʼrlari, sahna asarlaridan tashqari adabiy tarjima bilan ham shugʻullangan. Xususan, Aleksandr Pushkinning “Bogʻchasaroy fontani”, Mixail Lermontovning “Iblis” dostonlarini oʻzbek tiliga mahorat bilan oʻgirdi. Bundan tashqari, Nikolay Dobrolyubovning “Haqiqiy kun qachon keladi?” yirik asari hamda jahon adabiyotining yirik shoirlaridan boʻlmish Geyne, Gyote, Bayron sheʼrlaridan ham tarjimalar qildi.
1937 yilning 27 yanvar kuni Usmon Nosir adabiy faoliyatining 10 yillik yubileyi keng nishonlanadi. Biroq bayramdan yarim yil oʻtib Yozuvchilar uyushmasida yosh shoirning “xulq-atvori” muhokama qilingan majlis boʻlib oʻtadi. Yigʻilishdan ikki kun oʻtib, 14 iyul kuni endi Yozuvchilar uyushmasidan chiqarilgan 24 yoshli Usmon Nosir hibsga olinadi. Shoirning kitoblari, suratlari, qoʻlyozmalari musodara qilinadi. Dastlab shoirning qayerda ekanligi qarindoshlar bilmaydi. Va nihoyat bir kuni shoirning singlisi Rohatoy nomiga Toshkent qamoqxonasidan xat keladi. Unda: “Singlim Rohatxon! Uygʻunnikiga borib narsalarimni ol. Madamin Davronning uyida paltom bor. Ibrohim Nazirnikida etigim ham. Shularni olib kelib, menga kirgizib yubor. Ketadiganga oʻxshayman...” deb yozilgan edi. Faqatgina bir marta shoirning singlisi va otasiga Usmon Nosir uchun kiyim-bosh, yegulik kiritib berishga ruxsat berishadi, boshqa bunday imkoniyat boʻlmaydi...
Shoirga Oʻzbekiston SSR Jinoyat kodeksining 60-moddasi 1-qismi bilan “muntazam ravishda millatchilik va aksilinqilobiy tashviqot olib borgani va Sovet hukumati haqida ommaviy ravishda odobsiz shaklda soʻzlagani” ayblovi qoʻyiladi.
SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining sayyor majlisi Usmon Nosirni “terrorchilar bilan aloqasi borligi, shuningdek, uning “Oʻzbekistonning nufuzli yozuvchi va shoirlaridan biri boʻlib, yoshlarni millatchilik, rus klassiklari asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilishda ataylab buzib koʻrsatib aksilinqilobiy ruhda tarbiyalaganini”da aybli deb topadi va 10 yilga axloq tuzatish lageriga joʻnatish haqida hukm chiqaradi.
“Xalq dushmani” tamgʻasi bilan hali 25 yoshga toʻlmagan shoir Zlatousk, Vladivostok, Magadan, Mariinsk qamoqxonarida boʻladi. 1943 yili Kemerovo viloyatida joylashgan Sibir lageriga joʻnatiladi.
Boʻlmoq istab, sheʼriyat uzra dargʻa,
Itardilar meni chuqur bir jargʻa.
Menga ayon, bulbulning oshiyonigʻa,
Qoʻnolmagʻay urinish bilan qargʻa
Ushbu satrni shoir 1937 yili sentyabrida zindonda yozgan. Shubhasiz, sheʼrda shoirga hasad qilganlar, uni xalq dushmani deya chaqib tuhmat qilganlar tilga olingan.
1940 yilning 20 avgust kuni Usmon Nosir Magadandan I.V.Stalin nomiga xat yozadi. Maktubda shoir “ish”ini qayta koʻrib chiqishlarini soʻraydi. Shuningdek, qamoqxonada turib ham “sheʼriy roman, uchta sahna asari va bir qator sheʼrlar yozgani” haqida xabar beradi. Maktubda: “Men hali yoshman va gʻayratga toʻlaman. Men xalq uchun ijod qilishim kerak! Menda ayb yoʻq!” degan soʻzlar ham boʻladi.
Ajablanarlisi, minglab shunday maktublar orasidan Usmon Nosirning xati eʼtiborga tushadi va Oʻzbekiston hukumati Kremldan shoir ishini qayta koʻrib chiqish haqida buyruq oladi.
1944 yilning soʻnggida professor Borovkov, shoir Maqsud Shayxzoda, va “Qizil Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharriridan tarkib topgan komissiya Usmon Nosirni aybsiz deb topadi. Biroq, bunday xulosaga endi juda kech edi. Shoir 1944 yilning 9 mart kuni vafot etadi. Uni mahalliy aholilardan boʻlgan Anatoliy Mitrofanovich Sirota ismli inson dafn etadi.
Shoirning singlisi Rohatxonning qizi Nodira Rashidova togʻasining qabrini topish uchun bir qancha saʼy-harakatlar qiladi. Togʻasi haqida maʼlumot soʻrab Kemerovaga xat yozadi. Tayinli maʼlumot ololmagach, Kemerovaga oʻzi tashrif buyuradi. Unga Usmon Nosirning oʻlimi haqida tibbiy xulosasining nusxasi beriladi. Hujjatda shoirning “oʻpka kasalidan vafot etgani” toʻgʻrisida yozilgan edi. Shoirning jiyani qiyinchiliklar bilan togʻasining qabrini topishga muvaffaq boʻladi. Xotira yodgorligi oʻrnatadi.
Keyinchalik Usmon Nosirning avaxtada yozilgan 18 qator sheʼri yaʼni 8 satr, ikki toʻrtlik va bitta ikkilikdan iborat “Yurak tugʻyoni” nomli sheʼr qoʻlyozmasi topiladi. Ajablanarlisi, qoʻlyozmani adabiyotshunos olimga oʻsha payti Usmon Nosirning tergovida qatnashgan va xizmat vazifasiga xilof boʻlsada, “xavfli sheʼrlarini” turmadan olib chiqqan tergovchi topshirgan.
Otashqalb shoir Usmon Nosir xotirasi nafaqat u tugʻilib oʻsgan yurtda, balki Kemerovada ham yodga olinadi. Kemerovoda har yili shoir sheʼriyatiga bagʻishlangan adabiy kechalar oʻtkaziladi. Bundan tashqari u yerda Usmon Nosir muzeyi ham bor. Usmon Nosir sheʼrlari Kuzbass shoirlari tomomnidan rus tiliga tarjima qilingan.
Shoir bir sheʼrida shunday bashorat qilgan edi:
Ming yillardan keyin ham
Unutmas meni bogʻim.
Sheʼrlarim yangrab qolur…
Bir umrga oʻlmayman.
2021 yil sentyabrida prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvda 2022 yilda Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi munosib nishonlanishini maʼlum qilgandi.
“Usmon Nosir ayni ijodiy kuch-quvvatga toʻlgan 25 yoshida qamalib, qatagʻon qilindi. Chunki mustabid tuzum bunday millatparvar, vatanparvar insonlarni oʻzining eng ashaddiy dushmani, deb hisoblar edi. Shuning uchun ham, shoir umrini qamoqxonalarda azob-uqubatda oʻtkazib, 1944 yili 32 yoshida vafot etadi. Kelgusi yili yurtimizda Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi munosib nishonlanadi”, - degan edi Mirziyoyev.
2022 yil 10 fevral kuni “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra Usmon Nosir hayoti va faoliyatini, xususan, uning qatagʻon davrida kechgan yillarini oʻrganish, hozirga qadar nomaʼlum boʻlib kelayotgan qoʻlyozma asarlarining taqdiri haqida maʼlumotlar toʻplash maqsadida ishchi gyruh tuzilib, uning Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek, Rossiyadagi tegishli arxiv materiallari bilan tanishishi uchun sharoit yaratiladi.
Namangan shahrida Usmon Nosir haykali oʻrnatiladi. Toshkent va Namangan shaharlaridagi koʻchalarga Usmon Nosir nomi beriladi.

Yüklə 64,22 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin