ozbek tilida ruhiy holatni ifodalovchi sifatlar semantikasi
3. Ruhiy holat ifodalovchi sifatlar semantikasi Ma’lumki, sifatlarning ma’no jihatidan 9 turi farqlanadi: xarakter-xususiyat, holat, rang-tus, shakl-ko’rinish, hajm-masofa, maza-ta’m, hid bildiruvchi hamda o’rin va paytga munosabat bildiruvchi sifatlar. Mazkur sifatlar predmetlarning ichki va tashqi belgilarini, shakliy farqini ifoda etadi.1 Ma’lumki, tabiat va jamiyatda sodir bo’layotgan har xil o’zgarishlar, hayotdagi turli xil insoniy munosabatlar kishi xarakteriga, uning ruhiyatiga ta’sir etmay qolmaydi. Ana shu tashqi ta’sir kishi ruhiyatida har xil holatlarning vujudga kelishi uchun zamin hozirlaydi. Inson ruhiyati juda serqirra bo’lib, u shodlik, g’azab, xafalik, loqaydlik kabi turli holatlar majmui sanaladi. Shundan kelib chiqib, tilimizdagi ruhiy holat ifodalovchi sifat leksemalarni bir qator turlarga ajratish mumkin:
1. Xursandlik holatini ifodalovchi sifatlar kishi ruhiyatidagi oniy lahzalarni, muayyan bir harakat yoki holatdan mamnunlikni turli shakllarda aks ettiradi. Bunday sifatlarning barchasi semantik jihatdan bir nuqtaga, leksik-semantik guruhga birlashadi: xursand, mamnun, xushhol, xushnud, xurram, quvnoq, shodmon, shod, xushchaqchaq, masrur kabilar. Xursandlik ifodalovchi bunday sifat leksemalar orasida xursand uslubiy jihatdan betaraf bo’lib, dominant leksema hisoblanadi. Bu so’z og’zaki va yozma nutqda, adabiy tilning turli vazifaviy uslublarida keng qo’llaniladi. Shuningdek, to’plangan misollar , xushhol, xushnud, xurram, quvnoq, shodmon, shod, xushchaqchaq kabi ko’pgina sifat leksemalarning xursandlik ruhiy holatini turli darajada ifodalashga xizmat qilishini ko’rsatadi (Barcha xushnud, dillar chog’ edi. (E.V.). Shod va xurram so’zlarining yonma-yon kelishi ma’noni yana ham kuchaytirishga xizmat qiladi. Shod so’ziga nisbatan quvnoq so’zida ijobiy holat semasi ancha kuchli: quvnoq so’zining ma’no ko’lami xursandlikni ifodalovchi boshqa sifat leksemalarga nisbatan ancha kengdir.
Misollar Odil Yoqubovning “Diyonat” romanidan tanlandi:
Xursand: Judayam xursandman. (43-b.) Ikkinchidan Polikarnov domlaga xursand bo’lib gapirdi, katta yordam va’da qildi. (49-b.) Bu gaplardan qat’iy nazar, u xotinni chaqirib gaplashinglar, xursand qilinglar. Mamnun: Uning aytishicha, otasi bu ajoyib oila bilan yaqinlashayotganidan benihoya mamnun emish. (37-b.) U hozir o’zidan ham, kuyoviga aytgan gaplaridan ham, hammasidan mamnun, chunkibugungi suhbat kuyovida yaxshi taassurot qoldirganini sezardi. (51-b.) Ha, Vohid Mirobidov hayotdan mamnun bo’lsa arziydi. Otaqo’zi o’g’lidan mamnun edi. (72-b.) Bugun Otaqo’zi nihoyatda mamnun. (184-b.) Ha, ota yanglishmagan – bu odamlarning hammasi tog’a-jiyanlarining gaplashib qolganidan mamnun. (277-b.)
Quvnoq:Mohiraning ovozi dadasining ovozidan quvnoqroq edi. (35-b.) Bu quvnoq qahqaha Shukurovga yana domla Shomurodovning uyida bo’lib o’tgan gaplarni eslatdi. Agar u sal shaddod, sal sho’xroq, sal quvnoqroq bo’lsa, Haydar sevinar edi. (52-b.) Abror Shukurovich xotinining xiyol erka va qandaydir juda quvnoq ovozini eshitib ajablanadi. (249-b.)