To‘rtinchi bosqich 2008 yildan hozirgi vaqtgacha davom etib kelmoqda. Mazkur davrda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi tasdiqlanib, 2008 yil 1 yanvardan kuchga kiritildi.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining avvalgisidan asosiy farqi ushbu Kodeks to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasir kuchiga ega bo‘lgani, yani har bir soliqni hisoblash va to‘lash tartiblari turli huquqiy-me’yoriy hujjatlar, yo‘riqnomalar asosida amalga oshirilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Soliq kodeksida aks ettirilganidir.
Shu bilan birga, Kodeksda soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida soliq to‘lovchilar, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish va to‘lash uchun zarur elementlar belgilab qo‘yilgan taqdirdagina soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar belgilangan, deb hisoblanishi, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar qonunchilik hujjatlari va Prezident Qarorlari bilan o‘rnatilishi belgilandi.
Iqtisodiyotni modernizatsiyalash jarayonida soliq tizimini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan Farmon va Qarorlar soliq siyosatini erkinlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy sohani rag‘batlantirish, soliq yukini kamaytirish hamda soliq ma’murchiligini takomillashtirishga qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 16 iyuldagi "Statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni bilan respublikada qulay ishbilarmonlik muhitini vujudga keltirish maqsadida moliyaviy va soliq hisobotlari shakllarini qisqartirish, ularni taqdim etish mexanizmini takomillashtirish tadbirlari belgilanib, unga ko‘ra soliq organlariga taqdim etiladigan 2 ta moliyaviy hisobot shakllari bekor qilindi, 11 turdagi soliq hisobotlari va boshqa ma’lumotlarni birlashtirib 5 taga tushirildi, 12 turdagi soliq hisobotlarini taqdim etish davriyligi qisqartirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 15 maydagi "Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-4725-sonli Farmoniga binoan, xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi roli va o‘rnini tubdan oshirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yo‘lidagi mavjud to‘siq va cheklovlarni tugatish, xususiy mulkning yalpi ichki mahsulotda, jumladan, xorij sarmoyasi ishtirokidagi ulushini izchil oshirish uchun yanada qulay iqtisodiy, huquqiy sharoit va rag‘batlar yaratishga qaratildi.
Xususan, 2015 yilning 1 iyulidan boshlab:
mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklari faoliyatiga oid barcha tekshiruvlar rejali tartibda nazorat organlari tomonidan to‘rt yilda bir martadan, boshqa xo‘jalik sub’ektlarida esa faqat O‘zbekiston Respublikasi Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi qaroriga asosan uch yilda bir martadan ko‘p bo‘lmagan tartibda amalga oshiriladi;
moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshiruvlar o‘tkazish muddati 10 kalendar kunidan oshmaydi;
tadbirkorlik sub’ektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini rejali tekshirishlar faqat so‘nggi tekshiruvdan keyingi davrni qamrab oladi;
qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar munosabati bilan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt jalb etgan advokatlar ishtirokida amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) birinchi marta sodir etgan, jinoyat aniqlangandan keyin 30 kun ichida davlatga etkazilgan zararni to‘liq qoplagan, penya va boshqa turdagi moliyaviy sanksiyalarni to‘lagan shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilmaydi va u javobgarlikdan ozod qilinadi;
2015 yilning 1 iyulidan yakka tartibdagi tadbirkorlarga, faoliyatidan kelib chiqqan holda, har bir yollangan ishchi uchun byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida sug‘urta badali va yakka tartibdagi ish beruvchi tadbirkor uchun belgilangan soliq stavkasining 30 foizi miqdorida soliq to‘lash sharti bilan bir nafardan uch nafargacha ishchini yollash huquqi berildi hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishga yollagan holatda kollejni bitirgandan boshlab o‘n ikki oy mobaynida yollanma ishchilar uchun belgilangan soliqdan ozod etildi.
2015 yildan boshlab davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq va moliyaviy hisobotlar 100 foiz elektron ko‘rinishda qabul qilinmoqda va "Soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti" orqali soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash tizimi amaliyotga joriy etildi.
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona soliq siyosati natijasida ilgari faqat fiskal vazifalarni bajargan davlat soliq xizmati organlari bugungi kunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan ko‘p funksiyali davlat boshqaruvi organiga aylantirildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaratilgan "Elektron hukumat" tizimi tarkibiga kiruvchi Davlat soliq qo‘mitasining "my.soliq.uz" rasmiy sayti soliq ma’murchiligini takomillashtirishda aholining yanada faol qatnashishini va davlat soliq xizmati organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlashda qulay sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda.
Soliq va moliyaviy hisobotlarning to‘liq elektron shaklda taqdim etilishiga o‘tilganligi tadbirkorlarni 2-3 soat vaqt sarflab navbatda turishlarining oldini olish bilan bir qatorda ularning o‘rtacha 9 mlrd.so‘mdan ortiq mablag‘lari iqtisod qilinmoqda va bu usul davlat byudjetiga to‘lanadigan mablag‘lar bo‘yicha ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish imkonini berdi. SHuningdek, soliq to‘lovchi yuridik shaxslar internetdagi "Shaxsiy kabinet"lari orqali soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni onlayn shaklda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.