O‘zini o‘zi tahlil qilish pedagog tomonidan kasbiy faoliyatda tashkil etayotgan o‘z amaliy harakatlari mohiyatining o‘rganilishidir.
O‘zini o‘zi tahlil qilish orqali pedagog o‘zini o‘zi ob’ektiv baholash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Zero, pedagoglarning kasbiy kompetentlik sifatlariga ega bo‘lishida ularning o‘z-o‘zini baholash malakalariga egaligi ham muhimdir.
O‘zini o‘zi baholash (O‘O‘B) – shaxsning o‘z-o‘zini tahlil qilishiorqali o‘ziga baho berishi. O‘zini o‘zi baholash sub’ekt uchun shaxsiy imkoniyatlarini hisob-kitob qilish, o‘ziga ob’ektiv baho berish, o‘zidan qoniqishni ta’minlaydi O‘z-o‘zini baholash shaxsning qobiliyatini o‘z kuchi bilan yuzaga chiqishiga yordamlashishi zarur. O‘z-o‘zini baholash qiyin, lekin shaxsni bunga bevosita tayyorlash mumkin. Har qanday mutaxassisda bo‘lgani kabi pedagogning ham o‘zini o‘zi samarali baholay olishiga bir qator omillar ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zini o‘zi samarali baholash omillari:
1. O‘zini tushunish (o‘zi haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish).
2. Shaxs sifatida o‘z qadr-qimmatini anglash (o‘zi to‘g‘risidagi ijobiy ma’lumotlarni to‘plash).
3. O‘zini-o‘zi nazorat qilish (o‘zi to‘g‘risidagi shaxsiy fikrning atrofdagilar tomonidan unga berilayotgan bahoga mos kelishi.
O‘z-o‘zini baholash darajasi shaxsning o‘z-o‘zidan qoniqishi yoki qoniqmasligini belgilab beradi. Bunda o‘z-o‘zini baholash ko‘rsatkichlari shaxs imkoniyatlariga mos kelishi lozim.
O‘zini o‘zi oshirib yoki pasaytirib ko‘rsatish o‘z-o‘zini baholash ko‘rsatkichlarining noto‘g‘ri bo‘lishiga olib keladi. Ko‘plab manbalarda shaxs tomonidan o‘z-o‘zini baholash quyidagi formula asosida aniqlanishi ko‘rsatilgan:
O‘O‘B = yutuqlar / o‘zini yuqori baholashga intilish (yoki O‘O‘B = YU / O‘YUBI) Formulaga ko‘ra, qandaydir yutuqqa erishgach, shaxs tomonidan o‘zini o‘zi yuqori baholash (yutuqlar hissasini oshirish) yoki o‘ziga nisbatan qo‘yayotgan talablarni pasaytirish ro‘y beradi.Ushbu model asosida o‘z-o‘zini baholash nihoyatda oson kechadi. Bordi-yu, erishilgan yutuqlar soni o‘z-o‘zini rivojlantirish vazifalariga nisbatan ko‘p (1 dan katta) bo‘lsa, u holda pedagog yuqori darajada kasbiy kompetentlikni namoyon etadi. Bordi-yu, yutuqlar va belgilangan o‘zini o‘zi rivojlantirish vazifalari o‘zaro (1 ga) teng bo‘lsa, u holda u o‘zida o‘rta darajadagi kasbiy kompetenlikni ifodalaydi. Agarda, yutuqlar soni belgilangan rivojlantirish vazifalaridan kam (1 dan kichik yoki 0 ga teng) bo‘lsa, u holda pedagogning kasbiy kompetentlik darajasi past hisoblanadi va bu holat pedagogdan o‘z kasbiy kompetentligini rivojlantirishga jiddiy e’tibor berishini talab qiladi. Formulada “o‘zini o‘zi rivojlantirish vazifalari” jumlasi qo‘llanilgan ekan, eng avvalo, o‘zini o‘zi rivojlantirish nima ekanligini tushunish olish lozim.