Nemis klassik falsafasi. Nemis klassik falsafasining yirik vakillari Immanuil Kant, I.Fixte, F.Shelling, Georg Gegel va Lyudvig Feyerbax kabilardir.
Falsafiy tafakkur rivojlanishining bu bosqichi davrning muayyan tarixiy shart-sharoitlari bilan belgilanadi. Bu kuchli ijtimoiy ziddiyatlar, jamiyat ongida olamshumul o‘zgarishlar yuz bergan davr edi. Kuchli inqilobiy harakatlardan so‘ng ularning sur'ati pasayib imkoniyatlariga ishonchsizlik kuchaygan. Ijtimoiy ongda konservativ tendensiyalar ustunlik qila boshladi. Angliya va Fransiyada monarxiya va Cherkovning oldingi mavqyei tiklandi. Germaniyada pruss monarxiyasining roli oshdi. Tarixdagi bu ziddiyatli voqyealar nemis falsafasining asosiy xususiyatlarini belgilab berdi. Nemis falsafasi F.Bekon va R.Dekart boshlagan inson aqli imkoniyatlarini o‘rganishning umumiy yo‘nalishini davom ettirdi. Biroq u o‘z vazifasini nafaqat inson aqlini madh etish, balki uning chegaralarini belgilash, e'tiqod va aql, din va fanni murosaga keltirish yo‘llarini ham izlashda ko‘rdi. Bu nemis falsafasi bajarishi lozim bo‘lgan ijtimoiy buyurtma edi.
Davrning olamshumul voqyealari ijtimoiy taraqqiyot nafaqat aql va fan yutuqlari, balki axloq, ma'naviyat sohasida erishilgan muvaffaqiyatlar bilan ham o‘lchanishini namoyish etdi. Inqilob va u bilan bog‘liq urushlar davrida yuz bergan ma'naviy inqiroz nemis falsafasida nafaqat bilish imkoniyatlariga, balki inson ma'naviy dunyosining barcha tomonlari, uning bilish, diniy, axloqiy va estetik qobiliyatlarining o‘zaro aloqasi muammosiga ham e'tiborni qaratishni talab qildi. Umuman olganda, nemis faylasuflari haqiqat, e'tiqod, yaxshilik va go‘zallik ajralmasdir, degan fikrni teran asoslashga harakat qildilar.
Immanuil Kant (1724-1804) nemis klassik falsafasining asoschisi.
Kant konsepsiyasi: «Sof aql tanqidi» (1781), «Amaliy aql tanqidi» (1788), «Mulohaza yuritish qobiliyatining tanqidi» (1790)asarlarida, shuningdek faylasuf ijodining o‘ziga xos sarhisobi sanaluvchi – «Sof aql chegaralarida din» (1793) kabi kitoblarida bayon etilgan. Kant bilish nazariyasining asosiy qoidalari quyidagilardan iborat. Kant fikricha bilish jarayoni uch bosqich: 1) sezgilar darajasida bilish, 2) idrok, 3) aqldan o‘tadi.
Bilishning birinchi bosqichi -sezgilar darajasida inson narsaning mavjudligini biladi, idrok yordamida uni fikrlaydi. Narsani haqiqiy bilish aynan shu ikki bosqichni sintez qilishni talab etadi. Idrok darajasidagi bilishning quroli – kategoriyalar. Ular idrokka ichdan xos. Hodisalar rang-barangligi kategoriyalar tizimida aks etadi. Kategoriyalar yordamida inson bilimi tasodifiy empirik emas, balki umumiy zarur, ya'ni ilmiy xususiyat kasb etadi. Ilmiy bilim kategorial bilimdir. Biroq shundan so‘ng Kant sub'ektiv idealist sifatida mulohaza yuritadi: idrok tabiat qonunlarini ochmaydi, balki ularni tabiat uchun belgilaydi. Kant fikriga ko‘ra, kategoriyalar birligi va ularning bilish (sintez qilish) qobiliyati zamirida dunyoning ob'ektiv moddiy birligi emas, balki o‘zlikni anglashning transsendental birligi yotadi.
Idrok etish – bilishning ikkinchi bosqichi. Idrokning kuchi uning sintez qilish qobiliyatida namoyon bo‘ladi. Biroq bu to‘liq, cheksiz qobiliyat emas. Idrok tajriba chegarasidan tashqariga chiqa olmaydi. Biroq idrok o‘z chegaralarini o‘zi bilmaydi. U doim bu chegaralardan chetga chiqadi, ya'ni hodisalar dunyosidan o‘zidagi narsalar dunyosiga kirishga harakat qiladi. Biroq tajriba chegaralarini tark etgach (shu tariqa idrok emas, balki aqlga aylangach), u yechib bo‘lmas ziddiyatlar sohasiga tushib qoladi, uning mulohazalari esa muqarrar tarzda xom xayolga aylanadi.
Aql – bilish jarayonining uchinchi, oliy bosqichi. U hissiyot bilan bevosita emas, balki bilvosita – idrok orqali bog‘lanadi. Aql bilishning oliy bosqichi bo‘lsa-da, idrokka ko‘p jihatdan yutqizadi. U tajribaning mustahkam zaminidan ajralgach, dunyoqarash darajasidagi savollarning birortasiga ham uzil-kesil – ha yoki yo‘q deb javob bera olmaydi. Dunyo vaqtda va makonda boshlanadimi yoki u cheksiz va boqiymi? Inson joni boqiymi yoki foniymi? Iroda erkinligi mavjudmi yoki dunyoda hyech qanday erkinlik mavjud emas, hamma narsa tabiiy zarurat qonuniga ko‘ra yuz beradimi? Xudo bormi yoki yo‘qmi? Idrok bunday savollarni bera olmagan bo‘lardi. Aql esa bunday savollarni beradi, biroq ularga javob topa olmaydi. Uning da'volari imkoniyat darajasida emas. Sof nazariy aql o‘z mag‘lubiyatini tan olishi lozim, chunki u o‘zidagi narsalarni bila olmaydi.
Ammo nima uchun u shunga qaramay bilishning oliy bosqichi deb e'tirof etiladi? Shuning uchunki, aqlning sof g‘oyalari (Kant ularni tamoyillar deb nomlagan) bilishda oliy tartibga solish vazifasini bajaradi. Ular idrokka yo‘l ko‘rsatadi. Aql g‘oyalarini ufq chizig‘iga o‘xshatish mumkin: garchi bu chiziqqa yetib bo‘lmasa-da, u insonga makonda mo‘ljal olish, ko‘zlangan maqsad sari to‘g‘ri harakatlanish imkonini beradi. Shunga qaramay, Kant bilish nazariyasida metafizik bo‘lib qoldi: u aqlning ziddiyatliligi (ya'ni cheksizlikning ziddiyatliligi)ni uning ojizligi, narsalar mohiyatini anglashga qodir emaslik belgisi sifatida talqin qildi. Holbuki, bu amalda, Gegel keyinroq ko‘rsatganidek, aqlning qudratli kuchidan dalolat beradi.
Sof aql tanqidida Kant falsafa o‘zidagi narsalar, ya'ni dunyoning oliy qadriyatlari haqidagi emas, balki faqat bilish chegaralari haqidagi fan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keladi. Oliy mohiyatlar va oliy qadriyatlar – bu Xudo, ruh va erkinlik bo‘lib, ularni biz biron-bir tajribada ko‘ra olmaymiz, ular haqida oqilona fan bo‘lishi mumkin emas. Biroq ularning borligini isbotlashga qodir bo‘lmagan nazariy aql, buning aksini isbotlashga ham qodir emas, ya'ni u Xudoning borligiga, ruhning o‘lmasligiga va iroda erkinligiga ishonishni taqiqlamaydi. Insonga e'tiqod va ishonmaslik o‘rtasida yo‘l tanlash imkoniyati berilgan. U e'tiqodni tanlashi lozim, chunki vijdon ovozi, axloq ovozi undan shuni talab qiladi. Ammo bu endi nazariy aqldan amaliy aqlga, gnoseologiyadan axloqqa o‘tishdir.
Kant falsafada o‘ziga xos to‘ntarish yasadi va falsafani alohida fan sifatida tushunish asoslarini yaratdi. Yangi bilish nazariyasini asoslashga harakat qilib, u XVII-XVIII asrlarning bilishni borliqdan ko‘chirilgan andoza sifatida talqin qiluvchi empirik nazariyalarini tanqid qildi. Kant muammoni boshqa zaminga ko‘chirdi va falsafada gnoseologiyaning bilish jarayoniga sub'ekt – ob'ekt munosabati sifatida qaraydigan yo‘nalishiga asos soldi.
Biluvchi sub'ekt – bu muayyan individ emas, balki insonning bilish qobiliyatlari va bilim manbalarinigina o‘zida mujassamlashtiruvchi qandaydir mavxum tasavvur. Inson ongida mavjud bo‘lgan mazkur qobiliyatlar majmui unga o‘zini qurshagan dunyoni sezgilar va aqlning aprior shakllari yordamida tartibga solishga yordam beradi. Bu inson individual, shaxsiy xususiyatlarga ega emas, degan ma'noni anglatmaydi, biroq ular bilish jarayonida yetakchi rol o‘ynamasligi kerak.
Sub'ekt qandaydir narsa, predmet yoki hodisaning ta'sirini sezgilar darajasida idrok etadi. Bu mushohada yuritishning aprior shakllari yordamida tartibga solinuvchi tuyg‘ular rang-barangligini yuzaga keltiradi. Biroq bu bosqichda bilim sub'ektiv bo‘lib qoladi. Shundan so‘ng idrok ishga kirishadi va mavjud bilimlarni tushunchalar shakliga soladi, ya'ni ularda qandaydir umumiy jihatlarni aniqlaydi. Shu sababli pirovard natijada idrok va aqlni birlashtirgan biluvchi sub'ektgina bilim deb hisoblash mumkin bo‘lgan birlikni yaratadi.