Ekzotik leksika [yun. exotikos – yot, kelgandi] o‘zga tillardan o‘zlashgan, nutqqa alohida bir o‘ziga xoslik berish uchun qo‘llanadigan so‘z va iboralardir1. Ayrim ilmiy manbalarda o‘z davrida fermer, biznes, biznesmen, dollar kabi leksemalar ekzotizm sifatida sanab o‘tilgan. Bular hozirgi kunda zamonaviy qatlam guruhiga kiruvchi birliklardir.
O‘zbek tilining izohli lug‘atida ekzotika [yun. exotikos – begona, o‘zga yerli] maqolasida bir mamlakatga xos bo‘lib, uzoqdagi boshqa mamlakat xalqiga qiziq, g‘alati, g‘ayrioddiy bo‘lib ko‘rinadigan narsalar, urf-odatlar (Ekzotika bilan milliy ruhni saqlash orasida katta farq bor. SH.Shomuhamedov, Badiiy tarjima va adabiy tanqidchilik) ko’rinishida izoh berilgan2.
Har bir millatning o‘ziga xos madaniyati, urf-odatlari, tarixi ko‘p asrlik vaqt davomida shakllanib boradi. Ekzotik leksika bo‘lishi uchun shunday o‘ziga xos urf-odat nomlarining boshqa tillarga tarjima qilinmasdan o‘zgarishsiz olinishi talab qilinadi. Bunday leksemalarga faqat izoh beriladi.
So‘z o‘zlashish jarayoni murakkab jarayon bo‘lib, o‘zlashma so‘z o‘zlashayotgan tilning fonetik hodisalariga muvofiq holda moslashadi. Masalan, xokkey inglizcha (ingl. hockey < ehtimol eski fr. hoquet – cho‘ponlarning uchi qayrilma tayog‘i; darvozali muz maydoni yoki maysa ustida klyushka va to‘p (shayba) bilan komanda bo‘lib o‘ynaladigan sport o‘yini3) so‘z bo‘lib, o‘zbek tiliga rus tili ta’sirida o‘zlashgandir. Rus tilining fonetik tarkibida o‘zbek tiliga xos bo‘lgan o‘, q, g‘, h tovushlarining mavjud emasligi sababli hokkey ko‘rinishida emas, xokkey shaklida rus tili fonetik hodisalariga mos ravishda tilimizga o‘zlashdi. Bu kabi so‘zlarni misol tariqasida davom ettirish mumkin.
Kompozitsiya usuli. So‘zning ikkala qismi ham inglizcha so‘zdan tashkil topadi. Masalan, supermarket, video-salon (video saloon) – film tomosha qilishga mo‘ljallangan xona, internetkafe, tokshou (talk-show) – suhbat asosida olib boriladigan ko‘ngilochar tadbir, shou-biznes, shuningdek, shu asosda o‘zbekcha so‘z yasalishidagi Ozodshou – shu nom egasi ishtirokidagi ko‘ngilochar tadbir kabi misollarni keltirish mumkin.
So‘z o‘zlashtirishdagi eng faol ishtirokchilar sport mashg‘ulotlarini sevuvchilar orasida topiladi. Masalan, vindserfing, armrestling, fristayl, skeytbord, kikboksing.
Ommaviy kompyuterlashish jarayoni asosida avval mutaxassislar orasida, so‘ng esa kompyuterdan foydalanuvchilar orasida bir qancha kompyuter texnikasiga oid so‘zlar o‘zlashdi: kompyuter, fayl, printer, skaner, noutbuk, brauzer, sayt va boshqalar.
O‘zlashma so‘z faol bo‘lsa, o‘z atrofiga bir necha yangi tushuncha ifodalovchi so‘zlarning olib kirilishiga ham sabab bo‘ladi: prezentatsiya, nominatsiya, videofayl, videorolik, videoklip, videokasseta, videosalon, triller, xit, diskoteka, disk-jokey.
Ayrim o‘zlashma so‘zlar jozibadorligi, ta’siriy-tasviriylik va eshitilishi jihatidan ham o‘zlashayotgan til leksikasiga muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, eksklyuziv – nodir, favqulodda, o‘ziga xos; top-model – ajoyib model; imij – qiyofa, ko‘rinish kabi.
Tilimizga o‘zlashgan so‘zlarni aniqlash masalasiga kelsak, ming yillardan buyon xalqimiz tilida iste’molda bo‘lib kelayotgan forscha-arabcha so‘zlarni o‘z qatlam so‘zlaridan farqlash murakkab masala bo‘lib, professor E.Begmatov ta’biri bilan aytganda bu so‘zlar endilikda o‘zbek tiliga o‘zlashtirilgan, ko‘p davrdan beri bu tilda iste’molda bo‘lgan, o‘zbek tilining qonuniy boyligiga aylangan leksikadir. Zeroki hozirgi kunda keng iste’molda bo‘lgan non, go‘sht, daraxt kabi forscha so‘zlar, ilm, maktab, qalam kabi arabcha so‘zlarni bir qarashda turli soha egalari ham o‘zlashma qatlam so‘zlari sifatida ajratishi mushkul. Shunga ko‘ra o‘zbek tili leksiksidagi o‘zlashma so‘zlarni ta’lim jarayonida farqlanishi oson va farqlanishi murakkab bo‘lgan o‘zlashma so‘zlar sifatida o‘rgatish mumkin bo‘ladi. Buning uchun arabcha so‘zlarni aniqlash yo‘llari, forscha so‘zlarning o‘ziga xos xususiyatlari va inglizcha so‘zlarning farqlash usullarini nazariy jihatdan ishlab chiqish zarur.
Eski nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dagi ko‘pgina so‘zlar yangi izohni talab etganidek, yangi nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dagi ayrim so‘zlar ham qayta izohni talab etadi. Bunga misol sifatida kompyuter leksemasining izohli lug‘atdagi ma’nosiga e’tibor qaratamiz: “Murakkab qurilmaga ega bo‘lgan elektron hisoblash mashinasi”1. Bu sodda ta’rif zamonaviy kompyuter so‘ziga nisbatan ancha noto‘liq bo‘lib, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”2da berilgan izoh uni to‘ldiradi, deyish mumkin. Qisqacha qilib aytganda, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da kompyuter so‘ziga beriladigan izoh “Murakkab qurilmaga ega bo‘lgan elektron hisoblash mashinasi” ko‘rinishida emas, balki, “Matn va turli tasvir ko‘rinishidagi axborotlarni monitorda aks ettira oladigan, boshqarish, protsessor, xotira va kiritish-chiqarish qurilmalaridan iborat, oldindan berilgan dastur bo‘yicha ishlaydigan avtomatik qurilma” sifatida kengroq izohlanishi mumkin bo‘ladi.
Fan-texnikaning jadal rivojlanishi hamda internet va interanet tizimi asosida turli tilda so‘zlashuvchi kishilarning fikr almashinishi natijasida XX asrning 90- yillaridan so‘ng dunyo miqyosida globallashgan zamonaviy texnologiyalarga oid so‘z va atamalarning baynalmillashishi kuchaydi. Shuningdek, bu holat jamiyatning siyosiy, ma’naviy, madaniy, iqtisodiy sohalaridagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq.
Bu davrda yangi so‘zlarning o‘zlashishida, avvalo, siyosiy sohaga oid bo‘lgan prezident, spiker, parlamayet kabi so‘zlarning kirib kelishi kuchaydi, ayrimlarida ishlatishi faollashdi. Shuningdek, kompyuter, displey, fayl, monitoring, yuzer, pleyyer, peydjer kabi fan-texnika sohasiga oid so‘zlar, iqtisod, savdo-sotiq bilan bog‘liq auditor, barter, broker kabi so‘zlar, madaniy sohaga oid xit, shou, nominatsiya, xit-parad kabi so‘zlar, maishiy sohalarda esa feyshn, gamburger, xot-dog kabi so‘zlar o‘rinlashdi. Bu kabi o‘zlashma so‘zlar haqida bugungi kun matbuotida jamoatchilik va mutaxassislarning turli xil fikr-mulohazalari bildirilmoqda. Ko‘pchilik 40-50 yoshdagi kishilarning fikrlari hozirgi yoshlar nutqidan qoniqish hosil qilmayotgani va yangi o‘zlashayotgan so‘zlarga nisbatan salbiyroq ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Yoshlar nutqi kuzatiladigan bo‘lsa, 14-17 yosh orasidagi o‘spirinlar nutqida ayrim o‘ziga xosliklarni kuzatish mumkin. Xususan, bu holat akademik litsey va kasb-hunar kolleji talabaligi davriga to‘g‘ri keladi. Bu davrda yoshlar o‘zlarining fikr-mulohazalarini yoshi kattalarning fikrlari bilan muqoyasa eta boshlaydilar, kezi kelsa, ular bilan mubohasaga kirishadilar. Shuningdek, kompyuterda o‘tirib, internet orqali dunyo yangiliklari bilan tanishib borishadi. Xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirib borayotgan yoshlar o‘zlarining qiziqishlariga oid rus, ingiz va boshqa xorijiy tillardagi ma’lumotlarni ham ko‘zdan kechirishadi. Ayniqsa, xorijiy tillardagi kinolarni tomosha qilish va musiqalarni tinglash orqali ingliz va boshqa chet tillarga oid so‘zlar yoshlar nutqiga tez o‘zlashmoqda.
Bu yoshdagi kishilardan “Nega o‘z nutqingizda inglizcha so‘zlarni ko‘proq qo‘llaysiz?” degan savol berilganda quyidagicha javoblar olindi.
Bu so‘zlarni qo‘llash yoshlar orasida moda tusiga kirgan (rasm bo‘lyapti).
Bu so‘zlar boshqalaridan farq qilmaydi.
Bu so‘zlar yordamida his qilgan narsangni ta’siriy bo‘yoqqa ega bo‘lgan so‘zlar asosida bera olish imkoniyati bor (Masalan, imijingizni o‘zgartiribsizmi?)
Bir so‘zda barchasini aytish mumkin.
Gap nima haqida ketayotganini atrofdagilar (yoshlar) tushunmasa, inglizcha so‘zlar yordamida bir-biriga ma’lumot almashinishi mumkin.
Bizning doiramizda shunisi yoqimli.
Inglizcha so‘zlar odatdagicha eshitilmaydi, ular ta’sirli tuyuladi.
Yoshlar nutqi haqida fikr yuritganda ularning qiziqishlari alohida kasb etadi. Zeroki futbol sport turi bilan qiziqayotgan yoshlar davlatlar, ularning poytaxti, joylashish o‘rni, mashhur shaharlari, davlat rahbarlari va taniqli kishilari, san’ati va madaniyati asosida dunyo xaritasini o‘rganib golkiper, taym-aut, yaxtsmen, futbol kabi sport atamalarini ham o‘rganib olishadi. Bu esa ularda xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqish uyg‘otishi bilan birga nutq boyligining oshishi, nutqda sinonim so‘zlarni o‘z o‘rnida qo‘llay bilish, nutqiy rang-baranglik, notiqlik kabi xislatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
O‘zlashma so‘zlar haqida munosabat bildirilar ekan, XX asrning oxirgi o‘n yillidan to hozirgacha davom etib kelayotgan tillararo baynalmilal so‘zlarning almashinish holatini xalqaro kommunikatsiya jarayonida universal birlik deb talqin etish mumkin.
BOB BO‘YICHA XULOSA
Tilimizga o‘zlashgan inglizcha so‘zlarni ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy va sport sohasi mavzuviy guruhlariga ajratib o‘rganish mumkin. Sport sohasi mavzuviy guruhiga oid inglizcha o‘zlashmalar mustaqillikdan so‘ng shu qadar ko‘p o‘zlashdiki, ularni madaniy-ma’rifiy soha so‘zlaridan ajratib, sistemali tarzda o‘rganish qulay va o‘rinlidir. Hozirgi paytda bu so‘zlarning ko‘pchiligi zamonaviy qatlam so‘zlari sifatida og‘zaki va yozma nutqda faol ishlatilmoqda. Inglizcha o‘zlashmalarni quyidagi mavzuviy guruhlar asosida tasniflab o‘rganish mumkin:
1. ijtimoiy-siyosiy sohaga oid mavzuviy guruh leksikasi;
2. iqtisodiy sohaga oid mavzuviy guruh leksikasi;
3. madaniy-ma’rifiy sohaga oid mavzuviy guruh leksikasi;
4. sport sohasiga oid mavzuviy guruh leksikasi.
Leksemalarning mavzuviy guruhlarini turlicha tasniflar asosida o’rganish mumkin. Masalan, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, sport mavzusidagi va ularning ichki bo’linishidagi fan, san’at, dengizchilik, temir yo‘l, qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik qurilish, savdo-sotiq, tibbiyot, matbaachilik, axborot texnologiyalari, telegraf, harbiy, maishiy mavzularga oid leksemalar o’ziga xos tizimga ega.
Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari nomi, ichimlik nomlari, kiyim-kechak nomlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari nomi, tashkilot nomlari, o‘rin-joy tushunchasini anglatuvchi nomlar, mato nomlari, tansport vositalari nomi, narkotik modda nomlari, yonilg‘i mahsuloti nomi, texnik jihoz nomlari ham o‘zbek tili leksikasidagi ayrim mavzuviy guruhlarning bo‘sh o‘rinlarini to‘ldirishga xizmat qilmoqda.
Inglizcha o‘zlashma leksemalar orasida fan sohasi va ilmiy terminlarning alohida o‘z o‘rni bor. Xususan, pedagogika, psixologiya, etnografiya, fizika, jurnalistika, tarix, adabiyot, musiqa, tilshunoslik, biologiya, botanika, fiziologiya, diyetologiya, geografiya, kimyo, zoologiya, chizmachilikka oid birliklar ham ilmiy jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi.
Inglizcha o‘zlashma leksemalar orasida maishiy, savdo-sotiq borasidagilari ham o‘ziga xos bo‘lib, supermarket leksemasi hozirda neologizmlik xususiyatni yo‘qotib, zamonaviy qatlamga o‘tgan deyish mumkin. Savdo maskani uyasiga kiruvchi do‘kon, minimarket, supermarket, gipermarket, megamarket, savdo majmuasi (Moll ingl. “mall” – xiyobon) leksemalari mavjud bo‘lib, gipermarket leksemasi neologizm xarakteriga ega. Ularning uyadoshi bo’lgan megamarket, moll leksemalari esa ayrim tillarga neologizlar sifatida o’zlashmoqda.
Bu leksemalar o‘ziga xos ma’noviy farqlanishga ega bo‘lib, bu farqlanish qaysi turdagi savdo mahsulotlarini sotish, umumiy yer maydoni, omborxonasi maydoni, bir vaqtning o‘zida qancha xaridorni qabul qila olishi, xizmat ko‘rsata olishi, kassa apparatlari soni, sotuvchilar miqdori, kerakli mahsulotlarni qancha miqdorda yetkazib bera olish qobiliyati kabilar bilan ham farqlanadi. Ularning o‘zaro farqini quyida kuzatishimiz mumkin.
O‘zbek tili leksikasidan o‘rin olgan inglizcha o‘zlashma so‘zlar semantikasidagi o‘zgarishlar sezilarli darajada bo‘lib, ular polisemantik xususiyatga ega bo‘lishdan tashqari, so‘z ma’nosining kengayishi, o‘zbekcha so‘z yasalishida faol qatnashishi kabi til hodisalari jarayonida yetakchi mavqe egallaydi.
Ma’lumki, o‘zbek tiliga ingliz tilidan o’zlashgan leksemalar orasida etimologik jihatdan -er, -ing, -ment, -(t)siya [-tion] shaklli; -men, -taym, -shou, (shou-), ball, -aut qismli o’zlashmalar ko’proq ko’zga tashlanadi.
XULOSA
O‘zbek tili leksikasiga o‘zlashishi sezilarli darajada ta’sir qilgan 20 dan ortiq til o‘zlashmalari mavjud. Shuningdek, tilimizda faol bo‘lmasa-da, yana bir qator tillarning o‘zlashmalari ham uchrab turadi. Mustaqillikdan so’ng o’zlashma so’zlar orasida inglizcha o’zlashmalarning miqdori va ma’no taraqqitoti o’ziga xos.
Istiqlolgacha bo‘lgan davrda o‘zlashgan ayrim leksemalar rus tilining tabiatiga moslashgan holda tilimizga o‘zlashgan. Masalan, chempionat, trenirovka, tanketka, kovboyka, trusi kabi leksemalar so‘ngida -at, -ka singari elementlarning kelish hollari inglizcha leksemalarning tabiatidan yiroq hisoblanadi. Shuningdek, bu kabi hodisani xaker, xuligan va xoll kabi leksemalarda h fonemasi o‘rniga x fonemasi ishlatilganidan ham sezish mumkin.
Eski nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga 80 ga yaqin inglizcha o‘zlashma so‘z kiritilgan bo’lsa, yangi nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga 500 dan ortiq inglizcha o‘zlashma so‘z izohlangan. Shuningdek, “O‘zbek tiliga o‘zlashgan inglizcha so‘zlarning izohli lug‘ati”da 350 dan ortiq so‘z, bundan tashqari, vaqtli matbuotda qo‘llanayotgan neologizmlar, “Inglizcha-o‘zbekcha-ruscha axborot texnologiyalari va internetga oid qisqacha atamalar lug‘ati” kabi inglizcha o‘zlashmalar hisobiga mingdan ortiq leksema tilimizga o’zlashganini aniq aytish mumkin.
Kundalik so‘zlashuvda ishlatilayotgan va qo‘llanilishi faol bo‘lgan ayrim leksemalarning “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” dan joy olmaganini kuzatish mumkin. Masalan, imij, koka-kola, minimarket, gipermarket, sensor chizburger, xot-dog, chipsi, netbuk, blutus, flesh xotira, vay-fay, planshet, intranet kabi ko‘plab leksemalar ham izohli lug‘atimizdan joy olishi zarur.
Inglizcha o‘zlashmalarni leksikamizga o‘zlashishini mustaqillikkacha va mustaqtillikdan keyingi davrlarga bo‘lib o‘rganish mumkin. Ayrim fermer, biznes, bodibilding, gamburger, broyler kabi leksemalar mustaqillikkacha passiv holatda ishlatilib, mustaqillikdan keyingi davrlarda faollashgan bo‘lsa, ayrimlari brifeng, konsalting, trening, kemping, sheyping kabi leksemalar mustaqillikdan so‘ng o‘zlashgan leksemalardir.
Tilning leksik tarkibi jamiyatning siyosiy, madaniy va ma’naviy hayoti bilan bog‘liq ravishda takomillashib boradi. Lug‘atlar ham jamiyatdagi siyosiy-ma’naviy qarashlarga mos holda yaratiladi. Eski va yangi nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” dagi biznes, fermer, savdogar leksemalariga berilgan izohlar qiyoslanganda yangi nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da bu birliklarning tuzumga nisbatan xolisona va yangicha ifoda olgani ma’lum bo’ladi.
Tilimizga o‘zlashgan inglizcha so‘zlarni ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy va sport sohasi mavzuviy guruhlariga ajratib o‘rganish mumkin. Sport sohasi mavzuviy guruhiga oid inglizcha o‘zlashmalar mustaqillikdan so‘ng shu qadar ko‘p o‘zlashdiki, ularni madaniy-ma’rifiy soha so‘zlaridan ajratib, sistemali tarzda o‘rganish qulay va o‘rinlidir.
Inglizcha o’zlashma leksemalar o’z qurshovidagi so’zlar bilan sinonimik, antonimik, omonimik va giponimik munosabatlarga kirishadi.
Savdo maskanlari nomi ostida birlashuvchi do‘kon, minimarket, supermarket, gipermarket, savdo majmuasi leksemalari leksik-semantik xususiyatiga ko‘ra o‘zaro graduonimik (darajalanish) munosabatni tashkil etadi.
O‘zbek tili leksikasidan o‘rin olgan inglizcha o‘zlashma so‘zlar semantikasidagi o‘zgarishlar sezilarli darajada bo‘lib, ular polisemantik xususiyatga ega bo‘lishdan tashqari, so‘z ma’nosining kengayishi, o‘zbekcha so‘z yasalishida faol qatnashishi kabi til hodisalari jarayonida yetakchi mavqe egallaydi.
Ma’lumki, o‘zbek tiliga ingliz tilidan o’zlashgan leksemalar orasida etimologik jihatdan -er, -ing, -ment, -(t)siya shaklli; -men, -taym, -shou, (shou-), ball, -aut qismli o’zlashmalar ko’proq ko’zga tashlanadi.
O‘zlashmalarda yangilik bo‘yog‘i bo‘lganligi bois ularni manbalarda turlicha yozish holatlari ham kuzatilmoqda. Hatto O‘zbek tilining izohli lug‘atida ham noutbuk//notbuk, yogurt//yo‘g‘urt, player//player, bluming//blyuming, kanistr//kanistra kabi ayrim leksemalar imlosi ikki xil shaklga ega bo‘lib qolgan. Bu kabi so‘zlar o‘z qatlam leksikasida ham ko‘plab topiladiki, ularning imlosini imkon qadar ikki xil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim deb o‘ylaymiz.
Dostları ilə paylaş: |