54
Vestibulospinal yo‗lni Deyters yadrosidagi neyronlarning aksonlari tashkil
qiladi. U vestibulyar asab markazi va miyachadan impulslarni orqa miyaning
motoneyronlariga yetkazadi. Vestibulospinal yo‗lning shikastlanishi mushak tonusi,
muvozanatni saqlash va harakatlar uyg‗unligini buzilishiga olib keladi.
Orqa miyadan yuqoridagi tuzilmalar efferent tola orqali spinal neyronlarning
hammasini (motoneyronlarni, oraliq va afferent neyronlarni) nazorat qilib turadi. Har
bir efferent yo‗lning tolalari ma‘lum ishni bajaruvchi motoneyronlarni faollashtiradi.
Kortikospinal yo‗l tolalari, asosan qo‗l-oyoqlarning distal qismdagi mushaklarga
(panja va barmoqlarni harakatlantiruvchi mushaklarga) ta‘sir o‗tkazsa, retikulospinal
va vestibulospinal yul esa proksimal mushaklarga impulslar yetkazadi.
Efferent yo‗llar maxsus tormozlovchi neyronlar (masalan, Renshou hujayralari)
yordamida, presinaptik va postsinaptik tormozlanishni paydo qilib, orqa miyaning
ikkilamchi afferent va oraliq neyronlarning qo‗zg‗aluvchanligiga ta‘sir qilishi
mumkin.
Shunday qilib, supraspinal tuzilmalar orqa miya faoliyatini uzluksiz ravishda
nazorat qilib turadi. Orqa miyaning ko‗ndalangiga qisman yoki to‗la kesilishi bu
nazoratni qisman yoki to‗la yo‗qolishiga, binobarin orqa miya faoliyatining keskin
buzilishiga olib keladi.
Dostları ilə paylaş: