3-MAVZU. O‘ZBEKISTONDA DEMOKRATIK JAMIYAT BARPO ETISHDA «O‘TISH DAVRI»NING ZARURLIGI VA UNING XUSUSIYATLARI
3.1. O‘tish davri tushunchasi, uning mohiyati va umumiy qonuniyatlari O‘tish davri ijtimoiy-siyosiy fanlar mavzulari tizimidagi dolzarb masalalar qatorida turadi. CHunki, mamlakatlar o‘zlarining yuksak taraqqiyot darajalariga ma’lum oraliq bosqichlarini bosib o‘tmasdan erisha olmaydilar. Ana shu «oraliq» bosqichni o‘rganish nafaqat nazariy, shuningdek amaliy ahamiyatga ham egadir. Ammo, u mustaqil mavzu sifatida ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy adabiyotlarda ilmiy jihatdan juda kam o‘rganilgan. Buning asosiy sababi, uning aniq «mezoni»ni va boshlanishi nuqtasi bilan «poyoni» (oxirgi muhlati) masalasini aniq belgilash murakkabligicha qolmoqda. Bundan tashqari ba’zi olimlar, jamiyat taraqqiyoti to fuqaroviy jamiyat darajasiga ko‘tarilguncha, faqat «o‘tish davri»ni o‘z boshidan kechiradilar, u uzluksiz jarayon, - deb hisoblasa, yana birlari «o‘tish davri»ning muhlati va mohiyatidan ko‘ra, undagi jarayonlarni o‘rganish «muhimroq» - ekanligini ta’kidlaydilar. Xullas, O‘zbekistonda demokratik jamiyatga o‘tish davri ham mukammal o‘rganishga ehtiyoj etilib keldi. CHunki, uning boshlanishi va oxirgi «poyoni»ning mezonlarini aniqlamasdan turib, jamiyat hayotida sodir bo‘ladigan yoxud sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan jarayonlar haqida aniq konseptual g‘oyalarni ishlab chiqish ham mumkin emas. Bu jarayonlar nega turli mamlakatlarda turlicha sodir bo‘ladi? Ularning muhlati nega har bir davlatda turli xil vaqtlarda davom etadi? O‘tish davrida kuchlar nisbati qanday holatda bo‘ladi? degan savollarga javobni faqat demokratik jarayonlar bilan hamohanglikda mustaqil mavzu sifatida o‘rganish orqaligina javob berish mumkin bo‘ladi. Bu jarayon barcha mamlakatlar uchun xosdir. CHunki jahonning eng taraqqiy etgan mamlakatlari ham uni o‘z boshidan kechirmoqdalar.
SHu ma’noda uni o‘rganish bugun «o‘tish davri»ni o‘z boshidan kechirayotgan O‘zbekiston uchun ham nazariy, ham amaliy ahamiyatga egadir. Negaki, uni o‘rganish biz qurayotgan jamiyatda sodir bo‘ladigan jarayonlar darajalari to‘g‘risida aniq tasavvurlarga va unga etib borish yo‘llarini aniqlash imkonini beradi.
O‘tish davri barcha davlatlarning yuksak taraqqiyotiga erishish uchun xos bo‘lgan jarayonida sodir bo‘ladigan o‘ziga xos «oraliq» muhlat hisoblanadi.