Xulosa qilib aytganda, «o‘tish davri» ijtimoiy-iqtisodiy-siyosiy tuzum emas, balki mamlakatlarning ularga o‘tishi uchun zarur bo‘ladigan zaminlarni shakllantirishga ketadigan tarixiy oraliq bosqich hisoblanadi. Uning boshlanishi mamlakatlarda bo‘ladigan, eng avvalo, siyosiy o‘zgarishlar va uning zaminida esa iqtisodiy, ijtimoiy hamda ma’naviy sohalardagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lgandagina yangi vujudga kelgan jamiyatning o‘z imkoniyatlari to‘la yuzaga chiqadi. Uning o‘ziga xos xususiyati va alohidaligi haqida Prezident Islom Karimov ta’kidlaganidek, «O‘tish davri muammolarining yig‘indisi va hususiyatlari bir vaqtning o‘zida qator g‘oyat murakkab ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni hal etishni taqozo qiladi»1. «O‘tish davri» qanchalik turli-tuman bo‘lmasin, bari bir barcha ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tuzumlar uchun zarurdir. CHunki u har bir vujudga keladigan yangi jamiyat uchun zamin tayyorlash imkoniyati hisoblanadi. Bu zamin na faqat iqtisodiy, shuning bilan birga jamiyat a’zolarining o‘zlarini ham yangi jamiyatga «moslashtirish» zarur bo‘ladi.
Buni o‘tish davrining bir nechta modellari tajribasini tahlil etish zaruratini vujudga keltiradi.
O‘tish davri «model»ining o‘ziga xos xususiyatlari. O‘tish davri tushunchasi, uning mohiyati va zarurligining umumiy nazariya masalalari turli ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy fanlarda insoniyat taraqqiyoti bosqichlarida demokratik tamoyillar asosida faoliyat ko‘rsatadigan jamiyatga o‘tishning turli «model»larining o‘ziga xos hususiyatlarini o‘rganishni taqozo etadi.
Ma’lumki, totalitarizmgaasoslangan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy bosqichlarning demokratik jamiyatga o‘tishi o‘ta murakkab jarayon hisoblanadi. Uning murakkabligi shundaki, ungacha sodir bo‘lgan taraqqiyot bosqichlari ob’ektiv ehtiyoj sifatida birining ichida ikkinchisi shakllanib kelgan, davlat va uning ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlari shaklan o‘zgargan bo‘lsa ham, mazmunan u bari bir ommani itoatda ushlab turishga, uning ustidan hukmronlik qilishga qaratilganligi qolavergan. Ulardagi yana bir xususiyat - omma davlat uchun, degan tamoyilning amal qilganligi bilan ham xarakterlanadi.