Gap bo\'laklarining tartibi. Inversiya. Shavkat Rahmon she\'riyati.
Xulosa Gapda biror so‘roqqa javob bo‘lgan va o‘zaro tobе bog‘langan so‘z yoki so‘z birikmasi gap bo‘lagi dеb ataladi. Gap bo‘laklarini bеlgilashda asosiy xususiyat ular orasidagi sintaktik aloqadir. So‘zlarga so‘roq bеrish, ularning qaysi turkumga mansubligi, gap ichida joylashish tartibi, qanday qo‘shimchalar olishi tom ma'noda gap bo‘laklarining turlarini bеlgilashda asos bo‘la olmaydi. Gap bo‘laklarining turi odatda bir-biriga nisbatan aniqlanadi: ega kеsimga nisbatan, aniqlovchi aniqlanmishga nisbatan, hol hollanmishga nisbatan, to‘ldiruvchi to‘ldirilmishga nisbatan aniqlanadi. Nisbat bеriluvchi bo‘lak bo‘lmas ekan, u yoki bu gap bo‘lagi haqida gapirish mumkin emas.
Gap bo‘laklarining gap tarkibidagi mavqei bir xil emas. Ba’zi gap bo‘laklari gap qurilishida markaziy o‘rinni egallaydi, bunday bo‘laklarsiz fikr anglashilmaydi. Ayrim bo‘laklar esa gap qurilishida asosiy rol o‘ynamaydi, ularning ishtirokisiz ham bosh bo‘laklar orqali fikr anglashilaveradi. Shunga ko‘ra gap bo‘laklari ikki turga ajratiladi:
1) bosh bo‘laklar;
2) ikkinchi darajali bo‘laklar.
Bosh bo‘laklar gapning grammatik asosini tashkil qiladi. Fikr, asosan, gapning grammatik asosi orqali ifodalanadi.
Ikkinchi darajali bo‘laklar gapning grammatik asosini tashkil qilmasdan, uni hajm jihatdan kengaytiradi yoki so‘z birikmasini shakllantirish uchun xizmat qiladi.
Ikkinchi darajali bo‘laklar bosh bo‘laklar bilan yoki o‘zaro tobe aloqada bo‘lib, ularni izohlash, aniqlash, to‘ldirish uchun xizmat qiladi.
Bosh bo‘laklar ega va kesimdan iborat. Ikkinchi darajali bo‘laklar aniqlovchi, to‘ldiruvchi va holdir. O‘zbek tilida gap bo‘laklarining tartibi, asosan, erkin. Ularning o‘rnini almashtirish odatda grammatik holatni o‘zgartirmaydi. Masalan: Oppoq bulutlar qishloq ustidan shoshilmay, tog`ga qarab o‘tib ketadi. (S.Ahmad). - Qishloq ustidan oppoq bulutlar shoshilmay o‘tib ketadi tog`ga qarab. - O‘tib ketadi shoshilmay tog`ga qarab oppoq bulutlar qishloq ustidan. – Shoshilmay o‘tib ketadi qishoq ustidan tog`ga qarab oppoq bulutlar. Mazkur gaplarda gap bo‘laklarining o‘rinlarini almashtirish grammatik holatni o‘zgartirmagan, ammo gap mazmuniga ma’lum darajada ta’sir etgan, negaki har gal boshqa-boshqa gap bo‘laklariga odatdagidan ko‘proq ahamiyat berilgan. Lekin, shunga qaramay, gap bo‘laklari ma’lum bir normativ tartibda joylashish xususiyatiga ega.
O‘zbek tilida ega, odatda, gap boshida, kesim gapning oxirida keladi. Ikkinchi darajali bo‘laklar esa ega va kesim orasida joylashadi. Bunday tartib, asosan, darak gaplarda bo‘lib, u to‘g‘ri yoki normativ tartib deyiladi.