Ko’p allellilik hodisasi. Hozirga qadar materialni bayon etishda gomologik xromosomalarning aynan bir xil lokuslari ikkita allelga: A va a, V va b, S va s ga ega deb keldik. Lekin ba’zi bir genning o’zi bir qancha holatlarga o’zgarishi mumkin ekan. Masalan, A geni a1, a2,a3 ... an holatlarga mutatsiya berishi mumkin. Bitta genning bunday ko’p miqdorda mutatsiyaga uchrashi yoki ko’p miqdorda allellarga ega bo’lishi ko’p allellilik hodisasi deb ataladi. Bu hodisani chuqurroq o’rganish bunday allellar tizimidagi har bir allel mutatsiya yo’li bilan bevosita yovvoyi tip allelidan yoki bo’lmasa turkumdagi istalgan boshqa a’zodan kelib chiqqan bo’lishi mumkin.
Ko’p allellilik hodisasiga misol qilib quyonlarda jun rangining irsiylanishi, odamlarda esa qon gruppalarining irsiylanishini ko’rsatish mumkin. Bu belgilarning irsiylanishi III bobda batafsil bayon etilgan.
Xromosoma mutatsiyalari yoki xromosomalarqayta tuzilishlari.Yuqorida biz gen mutatsiyalarining ta’sirida genetik materialda bo’ladigan o’zgarishlar haqida to’xtalib o’tdik. Genetik materialning yanada yirikroq o’zgarishlari xromosoma mutatsiyalari bilan bog’liq. Bunday mutatsiyalar xromosomalar qayta tuzilishlari yoki xromosoma aberratsiyalari deb ham ataladi. Xromosoma aberratsiyalari kariotip doirasida ya’ni xromosomalar soni o’zgarmagan holatda xromosomalar strukturalarini o’zgarishga olib keladilar. Bunday qayta tuzilishlarga bitta xromosoma yoxud gomologik bo’lmagan xromosomalarning qismlari jalb etilgan bo’ladi. Bu mezonga muvofiq xromosomalar ichidagi va xromosomalararo aberratsiyalar farqlantiriladi.
Xromosomalar ichida ketadigan mutatsiyalar- quyidagi mutatsiya tiplariga bo’linadi:
defishensi va deletsiya - xromosomalarda ma’lum qismining etish-masligi;
duplikatsiya - xromosomalar ma’lum qismining ikki martaga ortib yoki ko’payib qolishi;
inversiya - xromosomalarda ma’lum qismining uzilib, 1800 daraja aylanib, yana o’z o’rniga joylashishi;
insertsiya - xromosomaning bir yoki bir necha genlarni o’z ichiga olgan kichik bir qismining o’zgarishi.
Quyida ana shu mutatsiya tiplarini ko’rib chiqamiz.