1. Geografiya o‘qitish metodikasi” fanining predmeti, maqsadi va vazifalari.
Maktabda geografiya o‘qitishning ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi maqsadlari.
O‘qitish maqsadlarini aniqlash didaktika va geografiya o‘qitish metodikasining eng muhim muammosidir. O‘qitish maqsadi geografiya nima uchun o‘qitiladi, degan savol bilan chambarchas bog‘liq. O‘qitish maqsadi maktab geografiyasining mazmunini, tuzilishini, o‘qitish usullari va yo‘nalishini belgilashda katta ahamiyatga ega. Barcha fanlar uchun o‘qitish maqsadlarini aniqlashda avvalo didaktik tadqiqotlar amalga oshiriladi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” va boshqa qonunlarda o‘qitish maqsadini aniq belgilashga katta e’tibor berilgan.O‘qitish maqsadini aniqlashda milliy qadriyatlar va jamiyatning o‘ziga xos xususiyatlari, qiziqishi albatta e’tiborga olinadi, ya’ni o‘quvchilar o‘zi yashayotgan jamiyat uchun kurashadigan va qayg‘uradigan bo‘lishi zarur. Shu tufayli umumgeografik ta’limga o‘quvchilar tarbiyasi va rivojlanishiga ta’sir qilishi nuqtai nazardan qarash kerak. Hozirgi zamon ishlab chiqarish tarmoqlari yirik sanoat, transport, agrosanoat komplekslari tarmoqlaridan iborat, ular tabiat kompleksi va uning komponentlariga keskin ta’sir qilib qolmasdan, balki atrof muhitning ifloslanishiga, tabiatdagi ekologik aloqalarning buzilishiga olib keladi. Ayniqsa hozirgi kunda Orol inqirozi davom etayotgan bir vaqtda tabiat va uning boyliklariga oqilona yondashish muammolari ko‘ndalang bo‘lib qoldi.
Tabiiy va iqtisodiy geografiyaning asosiy vazifasi jamiyat bilan tabiat o‘rtasidagi murakkab aloqadorlikni ochib berishdan iborat. Bu aloqadorlikni chuqur tahlillar o‘tkazmasdan amalga oshirish mumkin emas. Bunda quyidagilarni e’tiborga olish kerak: a) jamiyat ishlab chiqarishi faoliyatining atrof muhitga ta’sirini o‘rganish va bu o‘rganishlar oqibatlarini oldindan aytish, uni ilmiy jihatdan asoslash; b) tabiiy resurslarni izlash, ularga iqtisodiy jihatdan baho berish va samarali foydalanish; v) tabiiy resurslar bilan atrof muhitni qo‘riqlash o‘rtasidagi aloqadorlikni ochish; g) hozirgi zamon ilmiy texnika inkilobiga tayanib, inson yashashi uchun qulay bo‘lgan muhitni qo‘riqlash yo‘llarini tadqiq etish.
Iqtisodiy geografiya ishlab chiqarishning geografik joylashishini o‘rganadi. Bunda ishlab chiqaruvchi kuchlar bilan ishlab chiqarish munosabatlarini birgalikda tadqiq qilinadi. Uning tadqiqot predmetiga sanoat, qishloq xo‘jaligi va transportni ijtimoiy, tabiiy, iqtisodiy omillarni e’tiborga olgan holda joylashtirishning qonuni va koidlarini o‘rganish kiradi. Bularning barchasi ishlab chiqarishni hududiy joylashishi, mehnat manbalari, tabiiy sharoit va boyliklarni birgalikda o‘rganishni takoza qiladi, iqtisodiy geografiya ijtimoiy masalalar bilan ham chambarchas bog‘liq. Iqtisodiy geografiya iqtisodiy rayonlashtirish, iqtisodiy rayon, HICHMlar, iqtisodiy geografik o‘rin, ishlab chiqarishni joylashtirishning umumiy masalalari, aholi joylashishi va boshqa masalalarni ham tadqiq qiladi. Ayniqsa "Inson va atrof muhit" muammosining jamiyat oldida ko‘ndalang bo‘lib turishi, iqtisodiy geografiya oldiga talay vaziflarni qo‘yadi. Har bir geografiya o‘qituvchisi geografiya ta’limi va uning alohida kurslari maqsadlarini bilishi shart. Agar o‘qituvchi o‘qitiladigan fan maqsadini bilmasa, yirik mavzular va alohida darsliklarning maqsadini umuman to‘g‘ri aniqlay olmaydi. Geografiya fani deyarli barcha sinflarda o‘qitilganligi tufayli uning maqsadi ham ko‘p qirralidir. Geografiya ta’limi maqsadlarini uch guruhga ajratish mumkin:
1. Geografiya o‘qitishning ta’limiy maqsadlari:
- o‘quvchilarga tabiiy, iqtisodiy, kartografik va boshqa geografiya fanlarining asoslarini o‘rgatish. Zero, tabiatni qo‘riqlash va undan oqilona foydalanishning tabiiy-ilmiy va texnik-iqtisodiy tomonlarining ochilishi, bu jamiyat hayoti va ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun imkon yaratsin;
- o‘quvchilarni iqtisodiy, ekologik ta’lim bilan qurollantirish;
-o‘quvchilarni tabiiy geografik va iqtisodiy geografik ob’ekt va hodisalarni o‘rganish usullari bilan qurollantirish;
-o‘quvchilarda geografik madaniyatni shakllantirish;
-o‘quvchilarni kartalar, ma’lumotnomalar bilan ishlay olishga, kundalik matbuot materiallarini o‘qishda geografik bilimlarni qo‘llay olishga o‘rgatish;
-o‘quvchilarni geografiya va unga aloqador bo‘lgan fanlar sohasida o‘z bilimlarini oshirish qobiliyatlari shakllantirish;
-o‘z respublikasining tabiiy va Iqtisodiy geografiyasiga oid bo‘lgan bilimlarni chuqur bilish va boshqalar.
2. Geografiya o‘qitishning tarbiyaviy maqsadlar:
-o‘quvchilarda tabiatga, xo‘jalikka, tabiat bilan xo‘jalik o‘rtasidagi aloqalarga nisbatan to‘g‘ri ilmiy dunyoqarashni shakllantirish;
-o‘quvchilarda vatanparvarlik, milliy g‘urur xislatlarni shakllantirish;
-o‘quvchilarga turli mamlakatlarning xo‘jalik yuritish usullari, tabiat boyliklaridan unumli foydalanishi, aholini ish bilan ta’minlash kabi masalalar mohiyatini ochib berish;
-zamonaviy fan va texnika taraqqiyoti davrida o‘quvchilarning mehnat tarbiyasi, kasb tanlashi, umuman hayotda o‘z o‘rnini topishishiga ko‘maklashish.
-o‘quvchilarda o‘z mamlakati iqtisodiyoti yutuqlari bilan g‘ururlanish, o‘zi yashab turgan jamiyatning haqiqiy egasi deb xis qilishi kabi xislatlarni shakllantirish.
3. O‘quvchilarning bilish faoliyatlarini rivojlantirish maqsalari.
-o‘quvchilarda kuzatuvchanlik, fikrlash, esda saqlab qolish, nutq kabi xislatlarni shakllantirish va rivojlantirish;
-o‘quvchilarni kuchi etadigan darajada geografik muammolarni echishga o‘rgatish;
-geografik narsa va hodisalarga nisbatan atroflicha yondashish,o‘z fikr va mulohazalarini bevosita kartaga bog‘lay olish qobiliyatlarin rivojlantirishga ko‘maklashish.
Ta’lim maqsadi geografiya fani mazmuni bilan chambarchas bog‘liq. Demak, ta’lim maqsadini yuqori pogonaga kutarish uchun, geografiya ta’limi ilmiy jihatdan rivojlanishda bo‘lishi kerak. Ta’lim maqsadlari aniq ilmiy siyosiy yo‘nalishga ega bo‘lishi bilan birga u hayot bilan uzviy, ekologik, iqtisodiy, kasbiy, nafosat, bilimlarni ham mujassamlashtirgan bo‘lishi kerak.
Geografiya ta’limi maqsadlari dasturlar, darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, ta’lim vositalari va ta’limni tashkil etish shakllari bilan ham chambarchas bog‘liq. Vaqt o‘tishi bilan maktablarda geografiya o‘qitish maqsadlari ham o‘zgarib turadi. Kelajakda bunday o‘zgarishlar yanada kuchayadi. Ilmiy texnika taraqqiyotining rivojlanishi geografiya fanining sifat o‘zgarishlarga ham ta’sir ko‘rsatadi. Har 10-15 yilda ta’limda islohotlarning amalga oshirilishi, geografiya o‘qitish jarayoniga ham ta’sir kilmasdan qolmaydi. Natijada geografiya bo‘yicha o‘quv dasturlari, o‘quv rejalari tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Demak geografiya fani mazmunining o‘zgarishi geografiya o‘qitish maqsadlariga ham ta’sir ko‘rsatadi. Maktab geografiya kurslari maqsadlarini aniqlamasdan turib, geografiya o‘qitishni amalga oshirish talay qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Bunday qiyinchiliklar quyidagilarda namoyon bo‘lishi mumkin.
1. Aniq maqsadlarsiz dasturlar tuzish ancha mushkul bo‘lib qoladi.
2. Maqsadni aniq belgilamasdan turib, metodlarni aniqlab bo‘lmaydi.
3. Geografiya o‘qitish maqsadlarini aniqlamasdan, o‘quvchilar bilimini tekshirishning samarali yo‘llarini yaratish qiyinlashadi.
4. Geografiya ta’limining kelajakdagi (20-25 yil ichida) mazmunan qanday bo‘lishini aniqlamasdan turib, o‘quv predmetining ta’limiy va tarbiyaviy maqsadlarni aniqlash qiyin kechadi.
Demak, geografiya o‘qitishdagi maqsadni belgilamasdan turib, geografiya o‘qitishning ahamiyatini ham belgilab bo‘lmaydi. Bundan 100 yil oldin geografiya ta’limida asosan karta va onda-sondagina har xil rasmlardan foydalanilgan bo‘lsa, elliginchi yillarning boshlariga kelib, darslarda aerofotosurat, televidenie, kinofilmlardan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bugunga kelib esa, geografiya o‘qitishda xilma-xil ta’lim vositalari paydo bo‘ldiki, bular geografiya o‘qitish maqsadlariga ham ta’sir kilmasdan qolmadi. EXM dan tortib kosmik suratlargacha, kompyuterdan tortib proektor va boshqa xilma-xil ko‘rgazmali qo‘llanmalargacha geografiya o‘qitish mazmunini boyitdi. Ta’limda texnologiya elementlari paydo bo‘ldi. Bugungi talaba va o‘quvchi rivojlangan va taraqqiy etgan madaniy muhitda yashamoqda, ularni o‘rab olgan muhit bundan 20-30 hatto 50 yil oldingiga qaraganda keskin farq qiladi.
Geografiya fanida shakllantiriladigan bilimlar o‘z mazmuniga ko‘ra xilma-xil bo‘lib, bunday bilimlarning aksariyati kuzatuvlar natijasida shakllanadi, ularni kuzatuvchilar dala sharoitida, harita va rasmlar yordamida ham to‘plashi mumkin. Shu tufayli bu bilimlarni o‘rganish ko‘p jihatdan fakt va ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish bilan uzviy bog‘liq. O‘quvchilar geografiyani o‘rganar ekan, u yoki bu hodisani keltirib chiqaradigan sabablarning murakkab ekanligini bilib oladilar. Bu murakkablik xilma-xil omillar tufayli shakllanganligini anglaydilar.
Barcha hududiy komplekslar, regionlardagi tabiiy xususiyatlar tabiiy va antropogen omillarning o‘zaro ta’siri tufayli vujudga keladi. Antropogen omillar turli ko‘rinishlarda xususan siyosiy, tarixiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik mazmun kasb qilgan holda bo‘lishi ham mumkin.
Geografiya o‘quvchilarni ko‘pgina muammolarga sergak qarashga ularni echishning konstruktiv yo‘llarini topishga kumaklashadi. Bu fan insonlarning savodxonlik darajasini ta’minlashda ham cheksiz imkoniyatlarga ega. Inson bilan atrof muhitning o‘zaro bog‘liqligi ming yillardan buyon davom kilmoqda. Bu bog‘liqlikni oqilona yuritish faqat geografik bilimlar puxta egallagandagina amalga oshiriladi. Demak, yuqoridagilarning aksariyati geografiya ta’limi maqsadlarida aniq aks etishi davr talabidir.