German imperatorlari va cherkov. Yirik mamlakatni boshqarish uchun joylarda qirolning buyruqlarini bajaradigan amaldorlar bo‘lishi lozim edi. Ilk o‘rta asrlarda esa faqat taraqqiy etgan va boy jamiyatgina minglab amaldorlarni ta’minlashi mumkin edi. 10-asrda Germaniya aholisi imperatorga nisbatan o‘z gersoglarining gapiga ko‘proq quloq solgan. Ushbu vaziyatda Otton 1 va uning vorislari o‘ziga xos usulni qo‘llaydilar. Hokimiyat butun mamlakatni egallagan cherkov tashkilotlaridan o‘z maqsadlarida foydalanadi. Tarixdan ma’lumki, frank qirollari davridayoq episkoplar ularning ishonchli xizmatchisi hisoblangan. Otton 1 bu borada yanada ilgarilab ketadi. U Germaniyadagi episkop va abbatlarga er-mulk, boyliklardan tashqari ko‘plab huquq va imtiyozlar beradi. Natijada cherkov zodagonlari o‘z imkoniyatlari, hokimyatlari bo‘yicha gersog va graflardan kam bo‘lmagan. Ular har qanday kishini monarx irodasiga bo‘ysundirishga qodir edilar. Imperatorning o‘zi esa kerakli odamni cherkov lavozimiga tayinlagan, zarur bo‘lsa episkoplarni va hatto Rim papalarini hech 11
qiyinchiliksiz almashtirgan. Xususan, Otton 1 Rimda ko‘plab episkoplar ishtirokida o‘zi yoqtirmagan papalardan birining ustidan sud jarayonini uyushtirib, uni tahqirli holatda vazifasidan chetlatgan. Uning vorisi Otton 3 esa o‘zining ustozi Gerbertni Silvester 3 (999-1003) nomi bilan Rim papaligiga saylanishiga erishgan. Manbalarda yozilishicha, Gerbert kambag‘al oiladan bo‘lgan. Uning bilimga chanqoqligi shu qadar katta bo‘lganki, u o‘qish uchun o‘z davrining mashhur ilm-fan markazlari arablar Ispaniyasidagi Kordova va Sevilya shaharlariga yo‘l oladi. Keyinchalik uning g‘animlari Gerbertni arablardan sehrgarlik sirlarini o‘rganishga borgan deb gap tarqatganlar. Imperator xonadoniga yaqinlik Gerbertga arxiepiskoplikdan Rim papasi lavozimiga erishishiga yo‘l ochadi. Uning bilimdonligi haqida afsonalar tarqalgan. Zamonasining eng taniqli kishilari, jumladan imperatorlar uning shogirdi bo‘lishni orzu qilishgan. Hozirgi davrda cherkov imperiyaning itoatkor va ishonchli quroliga aylanganday ko‘rinadi. Lekin kuchayib borayotgan katolik cherkovi german imperatorlari qo‘lida uzoq vaqt qo‘g‘irchoq bo‘lib qolmasligini anglash qiyin emasdi.