Vasilevs hokimiyati. Vizantiya imperiyasini vasilevs (yunoncha podsho) boshqargan. U xudoning irodasi bilan saylangan butun xristian dunyosi hukmdori sanalgan. Vasilevslar Evropa, Old Osiyo va SHimoliy Afrika mamlakatlarini boshqarish huquqini rimliklardan o‘tgan meros hisoblashgan. Boshqa xristian davlatlari hukmdorlari (og‘izda bo‘lsa-da) uzoq payt o‘zlarini Vizantiya imperatorlarining vassallari deb hisoblashgan. Vizantiya imperatori saroyi o‘zining boyligi, hashami va tantanavorligi bilan ajralib turgan. Bayramlar va qabullar paytida vasilevs oltin iplardan kashtalangan, marjon va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan kiyimlarda chiqqan. Hukmdor kiyimi to‘q qizil rangda bo‘lgan. An’anaga binoan to‘q qizil rangli etikni faqat imperator kiyishi mumkin edi. Qimmatbaho kiyimlar, hukmdor toji, oltin zeb-ziynatlar juda og‘ir bo‘lgan. Imperatorlardan biri toj kiyish marosimida, kiyim-bosh, zeb-ziynatlar og‘irligidan hushidan ketganligi ma’lum. Vasilevsga ko‘p sonli sud, harbiy va soliq muassasalari, davlat amaldorlari, shuningdek, maslahat organiga aylangan sinklit (lotincha senat) bo‘ysungan. Vizantiyada amaldor va senatorlar faqat zodagonlardan bo‘lmagan. Iqtidorli va bilimli oddiy xalq farzandlari ham yuqori lavozimlarga erishishi mumkin edi. Ulardan hatto imperatorlar ham chiqqan. Bu holat romeylarni umuman ajablantirmagan ham, sababi ular qadimgi rimliklar singari imperiyaning barcha fuqarolari tug‘ilishidan teng, mansublik esa har bir insonning shaxsiy ishi deb hisoblashgan. Vizantiyaliklarning ellinligi. G‘arbiy Rim imperiyasi taqdirini takrorlamagan Vizantiya hayotida ko‘p narsalar odatiy tusda qolgan. Vizantiyaliklar hayotida ellinlik mustahkam o‘rin olgan. Ippodromlarda xalq avvalgidek chavandozlar, kurashchilar, gimnastlar musobaqalari, mimlar (aktyorlar) chiqishlarini tomosha qilganlar. SHahar aholisi ilgarigidek ma’muriyatdan maosh oladigan tabiblarda davolanishgan, jamoa hammomlariga borib turishgan. Eng muhimi, Vizantiya antik davr yunon ilmini saqlab qolgan. Ko‘pchilik bolalar qatnaydigan boshlang‘ich maktablardayoq ular Gomer dostonlari, Ezop masallarini o‘qib bilim olishgan. Bolalar avval harflarni o‘rgangan, so‘ng bo‘g‘inlarni undan keyin so‘zlarni o‘qib qadimgi she’riyatdan yuzlab misralarni yod olishgan. Boshlang‘ich va o‘rta maktablarning ko‘pchiligi G‘arbiy Evropadagi cherkov va monastir o‘quv muassasalaridan farqliroq, xususiy yoki davlatniki bo‘lgan. Vizantiyalik olimlar o‘z nutqlari va asarlarida, ellin she’riyati, afsonalari hamda fanidan boxabar ekanligini namoyish etish maqsadida qadimgi mualliflar asarlaridan ko‘plab misollar keltirganlar.