Yangi qadriyatlar tizimi . Ayni shu sababli qadriyatlar muammosi, ijtimoiy rivojlanishning
yangi ustuvorliklarini va boshqa dunyoqarash mo‘ljallarini izlash jamiyatni ma’naviy
yangilashning bosh vazifalariga aylanadi. Bugungi kunda turli mamlakatlarning olimlari boshqa
qadriyatlarga muvofiq bunyod etilgan o‘zga sivilizatsiyaga o‘tish amalga oshirilgan taqdirdagina
insoniyat ekologik va boshqa global muammolarni bartaraf eta olishi mumkinligini deyarli
yakdillik bilan qayd etmoqdalar.
GLOBAL MUAMMOLARNI ECHISHDA FALSAFANING ROLI . Og‘ir va murakkab vazifalarni
echishda insonga fan doim yordam bergan. Bir paytlar erishib bo‘lmaydigan, inson imkoniyatlari
darajasidan tashqarida bo‘lib tuyulgan narsalarning aksariyatiga aynan fan yordamida erishilgan.
Ayni shu sababli global muammolar xavf solayotgani haqidagi ilk ogohlantirishlarning o‘ziyoq
odamlarni fanga o‘z e’tiborini qaratishga, olimlarni esa bu muammolarni echish yo‘llarini izlashga
majbur qildi.
Yuzaga kelgan vaziyatning o‘ziga xosligi va yangiligi shundan iboratki, har qanday
muayyan muammolarni ayrim fan yoki bir necha fanlar majmui doirasida o‘rganish mumkin
bo‘lsa, inson, jamiyat va tabiatni ularning ko‘p sonli o‘zaro aloqalari va o‘zaro bog‘liqliklarida
qamrab oluvchi murakkab tizimdan iborat global muammolarni tadqiq etishga ayrim fanlar qodir
emas. Zero o‘z tadqiqoti ob’ekti – u yoki bu ayrim muammoni boshqa global muammolar
kontekstida talqin qilishga muayyan fanlar doirasi torlik qiladi. Shu sababli u yoki bu fan qaysi
muayyan vazifalarni echishidan qat’iy nazar, ular bilan bog‘liq jarayonlar va hodisalarga, ya’ni
butun vaziyatga, shu jumladan oxir-oqibatda olingan natijalarga nisbatan falsafiy yondashuv
doimo tadqiqotning zaruriy sharti hisoblanadi.
Har qanday ayrim fanlar muayyan bosqichda o‘z tadqiqot predmetini falsafiy jihatdan anglab
etishga u yoki bu darajada muhtoj bo‘ladi. Muayyan fan predmetiga va insoniyat oldida turgan
muammolarga nisbatan bunday keng yondashuvsiz fundamental kashfiyotlar qilish ham, umuman
fanning rivojlanishi ham mumkin emas.