Bilim – shaxsning ongida tushunchalar, sxemalar, ma’lum obrazlar ko’rinishida aks etuvchi borliq haqidagi tizimlashtirilgan ilmiy ma’lumotlar majmui.
Bilim olish – borliqni idrok etish, o’rganish, mashq qilish va muayyan tajriba asosida xulq-atvor hamda faoliyat ko’nikma, malakalarining mustahkamlanib, mavjud bilimlarning takomillashib, boyib borish jarayoni.
Bilish -ob’yektiv borliqning inson ongida aks etish shakli; ilmiy bilimlarni o’zlashtirish jarayoni.
Vatanparvarlik (lotincha «patriotes» – vatandosh, «patris» – vatan, yurt) - shaxsning o’zi mansub bo’lgan millat, tug’ilib o’sgan vatani tarixidan g’ururlanishi, buguni to’g’risida qayg’urishi hamda uning porloq istiqboliga bo’lgan ishonchini ifoda etuvchi yuksak insoniy fazilat.
Gnoseologiya(yunon tilidan gnosis – bilim, ong, o’rganish) – bilish, ilmiy bilimlarning shakllanishi, xususiyatlari, qonuniyatlari, uslublari, ilmiy tafakkur shakllari, shuningdek, insonga xos bo’lgan borliqni anglash qobiliyati haqidagi nazariya, ta’limot.
Guldo’zi - gullarni tikmoq
Davlat ta’lim standarti – 1) ta’lim olish shaklidan qat’iy nazar bitiruvchilar erishishlari zarur bo’lgan ta’lim darajasini belgilovchi asosiy hujjat; 2) o’quv fani bo’yicha ta’limning yakuniy natijalarini belgilovchi asosiy hujjat; 3) ta’lim dasturlari mazmunining minimumi, o’quvchilar tomonidan bajariladigan o’quv ishlarining maksimal hajmi, shuningdek, bitiruvchilarning tayyorgarlik darajalariga qo’yiluvchi talablar.
Dars -bevosita o’qituvchi rahbarligida muayyan o’quvchilar guruhi bilan olib boriladigan ta’lim jarayonining asosiy shakli.
Darslik – muayyan fan bo’yicha ta’lim maqsadi, o’quv dasturi va didaktik talablarga muvofiq belgilangan ilmiy bilimlar to’g’risidagi ma’lumotlarni beruvchi manba.
Didaktika (ta’lim nazariyasi) – (yunoncha «didaktikos» “o’rgatuvchi”, «didasko» – “o’rganuvchi”) - ta’limning nazariy jihatlari (ta’lim jarayonining mohiyati, tamoyillari, qonuniyatlari, o’qituvchi va o’quvchi faoliyati mazmuni, ta’lim maqsadi, shakl, metod, vositalari, natijasi, ta’lim jarayonini takomillashtirish yo’llari va hokazo muammolari)ni o’rganuvchi fan.