O’z-o’zini qayta tarbiyalash – shaxsning o’zidagi salbiy odatlar, xarakteridagi zararli sifatlarni yo’qotish, ularni bartaraf etishga qaratilgan ichki faoliyati jarayoni.
O’zlashtirish –ta’lim jarayonida ustuvor o’rin tutuvchi ijtimoiy talablarga muvofiq shaxs tomonidan muayyan xatti-harakat va xulq usullarining egallanishi.
O’rgatish - tarbiyalanuvchilar ijtimoiy xulq-atvor ko’nikmalari, odatlarini shakllantirish maqsadida rejali va izchil tashkil qilinadigan turli harakatlar, amaliy ishlar.
O’qituvchi (pedagog) –pedagogik, psixologik va mutaxassislik yo’nalishlari bo’yicha maxsus ma’lumot, kasbiy tayyorgarlik va ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega hamda ta’lim muassasalarida faoliyat ko’rsatuvchi shaxs.
O’quv dasturi – muayyan o’quv fani bo’yicha bilim, ko’nikma va malakalar mazmuni, umumiy vaqtning mavzularni o’rganilishi bo’yicha taqsimlanishi, mavzularning ketma-ketligini belgilash hamda ularning o’rganilish darajasini yorituvchi me’yoriy hujjat.
O’quv rejasi –ta’lim muassasida o’qitiladigan o’quv fanlarining tartibi, ularning o’quv yili bo’yicha taqsimlanishi, har bir o’quv faniga ajratiladigan haftalik va yillik o’quv soatlari, shuningdek, o’quv yili tuzilishini belgilovchi me’yoriy hujjat.
O’quv fani – ta’lim muassasalarida o’quvchilarning yosh, idrok etish imkoniyatlariga muvofiq ularga muayyan fan sohasi bo’yicha umumiy yoki mutaxassislik bilimlarini berish, ko’nikma va malakalarni shakllantirishni ta’minlovchi manba.
O’quvchilar jamoasi – ijtimoiy-foydali ahamiyat kasb etuvchi umumiy maqsad va birgalikdagi faoliyatga asosan jipslashgan o’quvchilar birlashmasi, guruhi.
O’quvchilarning o’z-o’zini boshqarishi - o’quvchilarning jamoa faoliyatini uyushtirish va boshqarishdagi faol ishtiroklari.
O’quv qo’llanmasi – 1) ma’lum o’quv fanlari bo’yicha metodik materiallar, tushuntirishlar, tavsiyalarni yorituvchi hamda o’qituvchi yoki o’quvchilar uchun mo’ljallangan manba; 2) muayyan fan bo’yicha tayyorlangan hamda metodik jihatidan o’quv-tarbiyaviy jarayonda bevosita foydalanish imkonini beruvchi qo’shimcha o’quv materiallari.
Hikoya – o’qituvchi tomonidan mavzuga oid dalil, hodisa va voqealarning yaxlit yoki qismlarga bo’lib, tasviriy vositalar yordamida obrazli tasvirlash yo’li bilan ixcham, qisqa va izchil bayon qilinishi.
Hisobga olish – ta’limning muayyan davrida o’quvchilar va o’qituvchi faoliyatini umumlashtirish, xulosalash.