13. Mafkuralar inson va jamiyatga ta’sir qilish xususiyatlariga ko‘ra qanday tafsiflanadi? Prezidentimiz I.Karimov mafkuraga shunday ta’rif berganlar: «Odamlarning ming yillar davomida shakllangan dunyoqarashi va mentalitetiga asoslangan, ayni vaqtda shu xalq, shu millatning kelajagini ko’zlagan va uning dunyodagi o’rnini aniq-ravshan belgilab berishga xizmat qiladigan, kechagi va ertangi kun o’rtasida o’ziga xos ko’prik bo’lishga qodir g’oyani men jamiyat mafkurasi deb bilaman»1.
Mafkura jamiyatda yangi paydo bo’lgan ijtimoiy-siyosiy kuchlarning ehtiyoj va maqsad-muddaolarini ifoda etuvchi yangi g’oyaviy tizim sifatida yuzaga keladi. Ammo vaqti kelib o’z sohiblari tarix sahnasidan tushsa ham mafkuraviy meros sifatida yangi davrda ham o’z salohiyatini saqlab qolishi, hatto g’ayriinsoniy mohiyat kasb etishi mumkin. Milliy mafkura har qanday xalqni xalq, millatni millat qilishga xizmat qiladigan, uni porloq istiqbolga yetaklaydigan yo’lchi yulduzdir. Milliy mafkurani faqat bitta millat yoki xalqning mafkurasi, deb tushunish noto’g’ri. CHunki «millat» degan so’z etnik birlikni ifodalash bilan birga «davlat» ma’nosini ham bildiradi. Masalan, «millat ravnaqi uchun» degan iborani «davlat ravnaqi uchun» deb tushunish mumkin. Milliy mafkura O’zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning mafkurasidir. Milliy mafkura o’zligimizni, bir butunligimizni ta’minlashga, ayni paytda unga tahdid soluvchi kuchlarga qarshi kurashga yo’naltirilgan g’oyaviy-nazariy qarashlar tizimi sifatida namoyon bo’ladi.
14. Mafkuraning qanday shakllarini bilasiz ? Tarixiy tadqiqotlar shundan dalolat beradiki, 40 ming yillar muqaddam qadimgi ajdodlarimiz olamning, hayotning vujudga kelishi, mazmun-mohiyati to’g’risida mifologik (afsona, rivoyatlarga asoslangan) sodda dunyoqarashga ega bo’lganlar. Insoniyatning ibtidoiy davriga xos bo’lgan totemizm (o’simlik va hayvon turlariga sig’inish), animizm (ruh va jonlarga sig’inish), fetishizm (narsa, buyumlarga sig’inish) kabi mafkuraning ilk shakllari shundan dalolat beradi («Dinshunoslik» fani bu haqda batafsil ma’lumot beradi). Milliy asosdagi hinduizm, iudaizm, konfutsiylik, sintoizm singari diniy mafkuralar taraqqiyotning keyingi davrlarida paydo bo’ldi. Ular yuz yillar davomida davlat dini va mafkurasi sifatida yuqori mavqega ega bo’lib keldi. Davrlar o’tishi bilan ularning ayrimlari o’z mavqeini yo’qotgan bo’lsa-da, insoniyat ma’naviy taraqqiyotida chuqur iz qoldirdi.
Miloddan avvalgi ming yillik davomida olamning paydo bo’lishi, inson va uning mavjudligi, rivojlanish qonuniyatlarini falsafiy talqin qilish kuchaydi. Buning natijasida falsafiy ta’limotlar muayyan tizim shaklini oldi.