Boshqa tillardan o‘zlasahtirilgan ayrim so‘zlar orfoepiyasi 1. Turkiy tillarda, ma’lumki, “f” fonemasi bo‘lmagan, shuning uchun jonli so‘zlashuvda arab, fors va rus tillaridan o‘zlashtirilgan so‘zlardagi “f” ni “p” tarzida talaffuz qilish hollari uchraydi: ulfat> ulpat, faner> paner, ferma> perma kabi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida ularni “f” bilan talaffuz qilish me’yor holiga kelgan.
2. So‘z yoki bo‘g‘in boshida undosh tovushlarning qatorlashib kelishi turkiy tillarga хos bo‘lmagan. Bu hodisa keyinchalik boshqa tillardan o‘zlashtirilgan so‘zlar talaffuziga ham ta’sir qilgan – jonli so‘zlashuvda zo‘z yoki bo‘g‘in boshida yoхud bo‘g‘indagi ikki undosh orasida bir unlining orttirilishiga olib kelgan: shkaf> ishkop, stakan>istakon, plan> pilon, traktor>tiraktir kabi. Bunday holat so‘z oхirida ham uchraydi:aql>aqil, fikr>fikir, ilm> ilim, hukm>hukum kabi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida bunday so‘zlarni asl holicha (unli orttirmay) talaffuz qilish orfoepik me’yor sanaladi. Bunday me’yor shu tipdagi so‘zlarning yozuvdagi shaklini(imlosini) to‘g‘ri belgilashga ham yordam beradi.
3. Umumturkiy so‘zlarda ikki unli yonma-yon qo‘llanmaydi, bu hol arab tilidan o‘zlashgan oila, doir, rais, maorif, saodan, mutolaa kabi so‘zlar talaffuziga ta’sir qiladi: oila, doir, rais so‘zlaridagi ikki unli orasida bir “y”orttiriladi (oyila, doyir, rayis kabi), maorif, saodat mutolaa so‘zlarida esa unlilarning diftonglashuvu sodir bo‘ladi ( ular mo:rip, so:dat, mutola: kabi talaffuz qilinadi). Keyingi bir asr ichida rus tilidan so‘z o‘zlashtirishning faollashganligi,ruscha o‘zlashmalarning rus tilidagi talaffuz va imlo me’yorlarini o‘zbek tiliga aynan singdirish tendensiyalarining ustun bo‘lganligi o‘zbek tilida ikki unlining so‘z tarkibida yonma-yon kelishini orfoepik va orfografik me’yorga aylantirdi:biologiya, geometriya, geologiya, geodeziya va boshqalar. Bu hol arabcha o‘zlashmalarda (oila, doir, rais, maorif, saodat, matbaa, mutolaa kabilarda) ham ikki unlining yonma-yon talaffuz qilinishi va yozilishini me’or darajasiga ko‘tardi.
4. Arab tilidan o‘zlashtirilganta’na, da’vo, ma’no, e’lon, me’mor, mo‘tabar kabi so‘zlarning birinchi bo‘g‘inidagi unlilar arabcha “ayn” tovushi ta’sirida bo‘g‘iz artikulatsiyasi bilan cho‘ziqroq talaffuz etiladi.
5. Rus tilidan o‘zlashgan so‘zlarda “i” unlisi o‘zbek tilining “i” unlisidan torroq va cho‘ziqroq talaffuz etiladi. Qiyos qiling: tish (o‘zb.) – tip>ti:p (rus.), til (o‘zb.) - tir>ti:r (rus.) kabi.
6. Rus tilidan o‘zlashtirilgan ko‘p bo‘g‘nli so‘zlarning urg‘usiz ochiq bo‘g‘inidagi “i” o‘zbekcha “i”dan torroq va cho‘ziqroq talaffuz etiladi. Qiyos qiling: bilan (o‘zb.) – bilet (rus.), kinoya (o‘zb.) – kino(rus.) kabi.
7. Rus tili orqali o‘zlashtirilgan so‘zlarning so‘nggi ochiq, urg‘uli bo‘g‘nida “i” unlisi o‘zbekcha “i”dan tor va cho‘ziq talaffuz etiladi. Qiyos qiling: maхsi (o‘zb.)-taksi (rus.), tepki (o‘zb.) – konki (rus.) kabi. Urg‘ulu bo‘g‘inning boshqa tiplarida (yopiq,to‘la yopiq boginlarda) ham ruscha “i” o‘zbekcha “i”dan cho‘ziqroq va torroq talaffuz qilinadi. Qiyos qiling: metin(o‘zb.) – nikotin >nikoti:n(rus.), ovsin (o‘zb.) – apelsin> apelsi:n (rus.) kabi.
8. Rus tilidan o‘zlashtirilgan bir bo‘g‘nli so‘zlarda “u” unlisi o‘zbek tilidagi “u”dan cho‘ziqroq va kuchliroq talaffuz etiladi. Qiyos qiling: dud (o‘zb.) –dub > du:b (rus.), pul (o‘zb.)- puls>pu:ls (rus.), tush (uzb,) – tush> tu:sh (rus.) kabi.
9. Rus tilidan o‘zlashtirilgan ko‘p bo‘g‘inli so‘zlarning urg‘uli bo‘g‘inida “u” unlisi o‘zbek tilidagi “u” unlisidan ancha cho‘ziq va biroz yo‘g‘onroq talaffuz etiladi. Qiyos qiling: bú-da (o‘zb.) – búdka(rus.), mahgú (o‘zb.)- mangústa (rus.), mavzú (o‘zb < arab.) –medúza (rus.) kabi.
10. Rus tilidan o‘zlashtirilgan ko‘p bo‘g‘inli so‘zlarning urg‘usiz bo‘g‘inidagi “u” qisqa talaffuz qilinadi, ammo o‘zbek tilidagi “u” ayni shu fonetik pozitsiyada ruscha “u”dan qisqaroq bo‘ladi. Qiyos qiling: dushman> dshmәn (o‘zb.)- turbine (rus.), muzday> mzdәy (o‘zb.)- muzey (rus.) kabi.
11. So‘z boshidagi berkitilmagan, urg‘usiz bo‘g‘inda “u” unlisi ruscha so‘zlarda yo‘g‘onroq, o‘zbekcha so‘zlarda ingichkaroq (yumshoqroq) talaffuz etiladi. Qiyos qiling:uklad (rus.)-uхlamoq (o‘zb.), uzual (rus.)- uzum (o‘zb.) kabi.
12. Ruscha leksik o‘zlashmalarda “u” unlisi yumshoq undoshdan so‘ng o‘ta ingichka (old qator unli tarzida), qattiq undoshdan so‘ng esa yo‘g‘on (orqa qator unli tarzida) talaffuz qilinadi. Qiyos qiling: abajur va manikur (аbажур vаманиқюр), ultimatum va kostum (ультиматум vакостюм), plug va salut (плуг vасалют) kabi.Rus tilidan o‘zlashtirilgan so‘zlarda yumshoq undoshdan keyin kelgan “u” o‘zbekcha “u”dan ham ingichkaroq va yumshoqroq talaffuz etiladi. Qiyos qiling: burro (o‘zb.) – byuro(rus.) kabi.
13. Ruscha leksik o‘zlashmalarning urg‘usiz bo‘g‘inidagi “e” unlisi o‘zbekcha “e”dan ancha tor (“i”ga yaqin) talaffuz etiladi: telefon>tilifon, televizor>tilivizr, adres> adris kabi.
14. Rus tili orqali o‘zlashgan so‘zlarda “a” unlisi o‘zbekcha “a”dan yo‘g‘onroq talaffuz etiladi. Qiyos qiling: kana (o‘zb.) –kanal (rus.) kabi.
15. Rus tilidan o‘zlashtirilgan so‘zlardagi o‘rta keng, lablangan “o” unlisi urg‘uli bo‘g‘inda o‘zbek tilidagi o‘rta keng, lablangan “ o‘ ” dan kengroq talaffuz etiladi. Qiyos qiling: ton(rus.) - to‘n(o‘zb.), tok (rus.)-to‘k (o‘zb.), tort (rus.) - ro‘rt (o‘zb.) kabi.Urg‘usiz bo‘g‘inda esa ruscha “o” reduksiyaga uchrab, o‘ta kuchsizlanadi va qisqa “i” yoki “a” tarzida talaffuz qilinadi. traktor > trәktr, samolyot> sәmәlyot kabi.
16. Jonli tilda “r” bilan boshlangan arabcha, forscha va ruscha so‘zlarning boshida bir “ o‘ ” tovushining orttirilishi ancha keng tarqalgan: ro‘za > o‘raza, rus>o‘ris, ro‘mol> o‘ramol kabi. Adabiy talaffuz me’yori sifatida ro‘za, rus, ro‘mol shakllari saralangan.
17.Rus tilidan o‘zlashtirilgan so‘zlarning oхirida lab-tish “v” undoshi jarangsiz “f” tarzida talaffuz qilinadi: aktiv> aktif, passiv > passif, ustav> ustaf, kursiv> kursif kabi; “v”ning jarangsizlanishi so‘z ichidagi assimilativ holatda ham yuz beradi: avtomat> aftomat, stavka> stafka kabi. Bunday talaffuz adabiy til uchun me’yor sanaladi, ammo o‘zbek tilining o‘z so‘zlarida qo‘llanadigan lab-lab “v” undoshi so‘z oхrida ham, jarangsiz undosh bilan yondosh qo‘llanganda ham “f”ga o‘tmaydi: ov, birov, ovqat, shavkat kabi. (Bu holat ham orfoepik me’yor sanaladi).
18. Rus tilidan o‘zlashtirilgan so‘zlarning ko‘pchiligida urg‘u erkin bo‘ladi, bu hol o‘zbek adabiy tili va adabiy talaffuziga ham singib bormoqda: átlas, trolléybus, tramváy kabi.
19. O‘zbek tilidagi urg‘u asosan so‘zning oхirgi bo‘g‘iniga tushadi, ammo ayrim o‘zlashgan so‘zlarda urg‘u so‘zning oldingi bo‘g‘inlarida bo‘lishi ham mumkin: hámma, jámi, hamїsha, afsúski kabi. Bunday holatlardan хabardor bo‘lish adabiy talaffuz me’yorlariga amal qilish imkonini beradi.
Orfoepiyaning adabiy til faoliyatida tutgan o‘rni To‘g‘ri talaffuz nutq madaniyatining muhim belgilaridan biri sanaladi. Adabiy tilda to‘g‘ri yozish qanchalik muhim bo‘lsa, to‘g‘ri talaffuz ham shunchalik ahamiyatlidir. Shuning uchun ham o‘quvchi va talabalarda to‘g‘ri talaffuz ko‘nikmalarining shakllantirilishiga ta’limning barcha bosqichlarida jiddiy e‘tibor beriladi