Darsning mazmuni: 4.1. Baliqlarning og’iz va tish tuzilishi, oziqlanishi haqida nazariy ma’lumotlar. Baliqlarning yashashi turli-tuman bo’lganlidan og’iz va tishlarining tuzilishi ham har xil. Tish baliqlarda o’ljani tutish, maydalash, uzib olish kabi vazifalarni bajaradi. Yemishi qandayligiga qarab ba’zi baliqlarning faqat jag’larigina emas, balki til, tanglay va xalqumida ham tishlari bo’ladi. Masalan, karpsimonlarning tishi jag’ida emas balki ko’rinishi o’zgargan oxiri jabra yoyiga o’rnashgan. Bu tishlar qattiq yamishliklarni, hatto mollyuskalarni ham maydalay oladi. Og’izning o’rnashgan joyi va tuzilishi baliqlarning yemishiga va uni qanday tutishiga bog’liq. Parrak kabi yemishni pastdan tutib yeydigan va og’zi boshining ostida o’rnashgan baliqlar og’zi ostki og’iz deb ataladi (Komilov, 1983).
Zog’ora baliq, olabug’a kabilar ro’parasidan chiqqan ovqatni tutib yeyishi sababli og’zi boshining oldida o’rnashgan bo’ladi. Bunday baliqlarning og’zi –old og’iz deb ataladi.
Tarasha baliq, qizilqanot kabilar yemishni tepadan tutib yeydigan baliqlarning og’zi yuqoriga qaragan bo’lganligi sababli tepa og’iz deb ataladi.
Qanday oziqlanishiga qarab baliqlarning pastki, ustki jag’lari va lablarining tuzilishi ham turlicha bo’ladi. Ba’zi laqqasimon baliqlarning og’zi chambarak shakl bo’lib suvdagi biror narsaga yopishib olishga moslashgan. Boshqa baliqlar, chunonchi lab baliqlarning ovqat tutishi, tosh va o’simliklarga yopishib qolgan suv o’tlarini qirib olishi kabi vazifalarni bajaradi. Sla, cho’rtan kabi yirtqich baliqlarning og’zi esa ovqatni tutib olishga moslashgan (Naumov, 1995).
Oq amur, xranulya, tog’ayog’iz kabi o’simlikxo’r baliqlarning og’zi boshining ostiga o’rnashgan, ko’pmncha tishlari bo’lmaydi, pastki labi xudi pichoqdek o’tkir, goho usti shox modda bilan qoplangan bo’laddi. Baliqlar og’zining bu asosiy shakllaridan yoki hayot kechirish tarziga qarab boshqacha tuzilganlari ham uchraydi.
Baliqlarning lichinka va chavoqlari, shuningdek ayrim baliqlarning o’zi ham asosan planktonlar bilan oziqlanadi. Ularbu mikroskopik mayda yemishni g’alvir kabi tuzilgan jabra yoylaridagi panjalari bilan suzib oladi, undagi oziq bo’laklarini yeb, chiqindilarni chiqarib tashlaydi.
Boshqa baliqlarning ovqatlanish tartibi esa ular kata bo’lgan sari o’zgarib boradi.
Bundan tashqari baliqlarni yeydigan ovqatlariga qarab yirtqich yoki yirtqich bo’lmagan turlarga bo’lish mumkin.
O’zbekistonda baliqlarning suv havzalarida tarqalishini G’.Komilov va uning shogirdlari o’rganishgan. Yirtqich baliqlardan bo’lmish akula, cho’rtan, laqqa va boshqalar turli tuman gidrobiontlar bilan oziqlanadi. Yuvosh baliqlarga seldlar va ryapushka kabi planktonxo’r: buqa baliq, oqcha kabi bentosxo’r: kefal tog’ayog’iz kabi detritxo’r: xumbosh, oq amur kabi o’simlikxo’r baliqlar kiradi. Sachratqich baliq esa hashorotxo’rdir. Shuning bilan birga ko’pgina baliqlar aralash oziqlanadilar. Baliqlar yeydigan ozuiqasining tarkibi ular yashaydigan suv havzasiga va yil fasllariga qarab, shuningdek, migratsiya va gidrologik hodisalar natijasida ham o’zgaradi (Zoxidov, 1979).
Baliqlarning sezgi organlari ham suv muhitiga moslashgan. Baliqlarning ko’zi suv muhitida ko’rishga moslashgan bo’lib, asosan quruqlikda yashovchi umurtqali hayvonlarning ko’zi singanhri tuzilgan ammo ayrim tafovutlar ham bor (Karayev, 2002).
Baliqlar ozuqa ta’mini ham sezadi. Bu vazifani og’iz bo’shlig’ida hamda tashqi terining epidermis qatlamiga o’rnashgan ta’m biluvchi sezgi kurtakchalari bajaradi. Bu sezgi a’zosi chuqur suv ostida yashaydigan baliqlar tanasining ostki tomonida ayniqsa yaxshi rivojlangan. Ba’zi baliqlarda bo’ladigan mo’ylov ham tuyg’u, ham ta’m bilash vazifasini bajaradi.
Yon chiziq a’zosi baliq suvda suzib yurganida suvning eng nozik harakatlari va oqimini sezib, juda aniq mo’ljal olishga, hatto hech narsa ko’rinmaydigan loyqa suvlarda ham yo’l topib, suv ostidagi toshlarga urilmasdan yurishiga yordam beradi.