Inventarlash bo’yicha solishtirish qaydnomalarini tuzish. Solishtirish qaydnomalari inventarlash paytida hisob ma’lumotlarida tafovutlar aniqlangan boyliklar bo’yicha tuziladi.
Solishtirish qaydnomalarida inventarlash natijalari, ya’ni buxgalteriya hisobi ma’lumotlari bo’yicha ko’rsatkichlar va inventarlash ro’yxatlari (dalolatnomalari) ma’lumotlari o’rtasidagi tafovutlar aks ettiriladi.
Ortiqcha va kam chiqqan tovar-moddiy boyliklarning qiymati solishtirish qaydnomalarida ularning buxgalteriya hisobidagi bahosiga muvofiq keltiriladi.
Inventarlash natijalarini rasmiylashtirish uchun yagona registrlar qo’llanishi mumkin, ularda inventarlash ro’yxatlari (dalolatnomalari) va solishtirish qaydnomalarining ko’rsatkichlari birlashtiriladi.
Korxonaga tegishli bo’lmagan, lekin buxgalteriya hisobida qayd etilgan (mas’uliyatli saqlanishda bo’lgan, ijaraga olingan, qayta ishlash uchun olingan) boyliklarga alohida solishtirish qaydnomalari tuziladi.
Solishtirish qaydnomalari hisoblash va boshqa texnika vositalaridan foydalanib, shuningdek, qo’lda tuzilishi mumkin.
Inventarlashdagi farqlarni tartibga solish va inventarlash natijalarini rasmiylashtirish tartibi.Inventarlash va boshqa tekshirishlar paytida aniqlangan boyliklarning haqiqatda mavjudligi buxgalteriya hisobi ma’lumotlaridan farqlari quyidagicha tartibga solinadi:
- ortiqcha chiqqan moddiy boyliklar kirim qilinishi va tegishlicha xo’jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy natijalariga qayd etilishi, keyinchalik ortiqcha chiqish sabablari va aybdor shaxslar aniqlanishi kerak;
- belgilangan me’yorlar doirasida boyliklarning yo’qolishi xo’jalik yurituvchi sub’ektlar rahbarlarining farmoyishiga ko’ra ishlab chiqarish va muomala chiqimlariga kamaytirishga hisobdan o’chiriladi. Yo’qolish me’yorlari haqiqatda kamomad aniqlangan taqdirdagina qo’llanishi mumkin.
Bunda belgilangan me’yorlar doirasida boyliklarning yo’qolishi boyliklar kamomadi qayta navlarga ajratishdagi ortiqcha mol bilan hisobga olgach belgilanishiga e’tibor beriladi. Agar belgilangan tartibda o’tkazilgan qayta navlarga ajratish bo’yicha hisobga olingandan keyin ham boyliklar kamomadi mavjud bo’lsa, tabiiy yo’qolish me’yorlari kamomad aniqlangan boyliklar nomi bo’yichagina qo’llanishi mumkin.
Tasdiqlangan me’yorlar bo’lmagan taqdirda yo’qolish me’yorlardan ortiqcha kamomad sifatida qaraladi;
- yo’qolish me’yorlaridan ortiqcha boyliklar kamomadi, shuningdek, boyliklar buzilishidan ko’rilgan talafotlar aybdor shaxslarga yuklanadi.
Suiiste’molliklar oqibati bo’lgan kamomad va talafotlar aniqlanganda tegishli materiallar kamomad va talafotlar aniqlangandan so’ng 5 kun davomida tergov organlariga berilishi kerak, aniqlangan kamomad va talafotlar summasiga esa da’vo taqdim etiladi;
- boyliklarning yo’qolish va boyliklar buzilishi tufayli talafotlar me’yorlaridan ortiqcha kamomadi, kamomad va buzilishlarning aniq aybdorlari aniqlanmagan hollarda, “Mahsulot (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi to’g’risidagi nizom”ga muvofiq xo’jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan ishlab chiqarish va muomala chiqimlariga hisobdan chiqarilishi kamaytirishga qayd etilishi mumkin.
Bunda boyliklarning yo’qolish va boyliklar buzilishi tufayli talafotlar me’yorlaridan ortiqcha kamomadini hisobdan o’chirishni rasmiylashtirish uchun taqdim etiladigan hujjatlarda ana shunday kamomad va talafotlarning oldini olish bo’yicha qabul qilingan choralar ko’rsatilishi kerak.
Boyliklar buzilishi fakti to’g’risidagi xulosalar texnik nazorat bo’limi yoki sifat bo’yicha tegishli inspektsiyalardan olinishi kerak.
Tabiiy yo’qolish me’yorlaridan ortiqcha boyliklar kamomadi va buzilishini hisobdan o’chirishni rasmiylashtirish uchun taqdim etiladigan hujjatlarda tergov yoki sud organlarining aybdor shaxslar yo’qligini tasdiqlaydigan yoki aybdor shaxslardan zarar undirilishi rad etilgan qarorlari yoki texnik nazorat bo’limi yoki tegishli ixtisoslashtirilgan tashkilotlardan (sifat bo’yicha inspektsiyalar va hokazolardan) olingan boyliklar buzilishi fakti to’g’risida xulosa bo’lishi kerak.
Qayta navlarga ajratish natijasida ortiqcha chiqish va kamomadlarning o’zaro hisobga olinishiga birgina tekshirilayotgan davr uchun, birgina tekshirilayotgan shaxsda, birgina nomdagi tovar-moddiy boyliklarga nisbatan va ishonchli shaxs ruxsatiga ko’ra aynan bir xil miqdorlarda istisno tarzida yo’l qo’yilishi mumkin.
Yo’l qo’yilgan qayta navlarga ajratish to’g’risida moddiy javobgar shaxslar ishonchli shaxsga batafsil tushuntirish taqdim etadilar.
Moddiy javobgar shaxslar aybi bo’lmagan holda qayta navlarga ajratishda hosil bo’lgan qiymatdagi kamomad farqiga inventarlash bayonnomalarida bunday farq aybdor shaxslarga kiritilmasligi xususida mufassal tushuntirish berilishi kerak.
Inventarlash natijalari inventarlash tugagan oydagi hisob va hisobotda, yillik inventarlashda esa yillik moliyaviy hisobotda aks ettirilishi kerak.
Hisobot yilida o’tkazilgan inventarlashlar natijalari ma’lumotlari inventarlashda aniqlangan natijalar qaydnomasida (BHMS 19-son 5-ilova) umumlashtiriladi.
Inventarlash vaqtida aniqlangan boyliklar haqiqatda mavjudligi bilan buxgalteriya hisobi ma’lumotlari o’rtasidagi tafovutlarni tartibga solish to’g’risidagi takliflar ko’rib chiqish uchun xo’jalik yurituvchi sub’ekt rahbariga taqdim etiladi.
Rahbar xulosasi bo’yicha inventarlash natijalariga buxgalteriya bo’limida quyidagi hisobvaraqlar bog’lamasi o’tkazadilar:
1) Agar inventarizatsiya natijasida materiallarning yo’qolishlar va buzilishidan kamomadlar aniqlansa, kamomad summasiga:
D 5910 “Kamomadlar va qiymatliklarning buzilishidan yo’qotishlar”
K 1000 “Materiallarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”.
2) Agar aybdor shaxs ma’lum bo’lsa, ulardan undirilishi lozim bo’lgan summalarga:
D 4730 “Moddiy zararni qoplash bo’yicha xodimlarning qarzi”
K 5910 “Kamomadlar va qiymatliklarning buzilishidan yo’qotishlar”.
3) Tovar-moddiy qiymatliklarning kamomadi uchun aybdor shaxslardan undiriladigan summalar:
a) ish haqi hisobidan
D 6710 “Mehnat haqi bo’yicha xodimlar bilan hisoblashishlar”
K 4730 “Moddiy zararni qoplash bo’yicha xodimlarning qarzi”.
b) naqd pul hisobidan
D 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari”
K 4730 “Moddiy zararni qoplash bo’yicha xodimlarning qarzi”.
v) aynan o’sha materiallar hisobidan
D 1000 “Materiallarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 4730 “Moddiy zararni qoplash bo’yicha xodimlarning qarzi”.
4) Agar aybdor shaxs ma’lum bo’lmasa yoki sud qarori bilan undan kamomad summasini undirish mumkin bo’lmasa, kamomadlar zararga olib borildi:
D 9430 “Boshqa operatsion xarajatlar”
K 5910 “Kamomadlar va qiymatliklarning buzilishidan yo’qotishlar”.
5) Qayta navlarga ajratish natijasida ortiqcha chiqish va kamomadlarning o’zaro hisobga olinishiga birgina tekshirilayotgan davr uchun, birgina tekshirilayotgan shaxsda, birgina nomdagi tovar-moddiy boyliklarga nisbatan va ishonchli shaxs ruxsatiga ko’ra aynan bir xil miqdorlarda istisno tarzida yo’l qo’yilishi mumkin bo’lgan holatda buxgalteriya yozuvi:
D 1000 “Materiallarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 1000 “Materiallarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”.
6) Agar inventarizatsiya natijasida materiallarning ortiqchaligi aniqlansa, bu summasiga:
D 1000 “Materiallarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 9390 “Boshqa operatsion daromadlar”.