Mamlakatimiz va MDH hisob amaliyotida bunday tajribaning to’liq mavjud emasligini hisobga olgan holda, segmentar hisobot tuzishning ba’zi tamoyillarini ko’rib chiqish zarur:
– segmentar hisobot aniq manzilli, ishonchli, tushunarli, muhimlik kabi xususiyatlarni o’zida aks ettirishi hamda asosan xarajatlar, daromadlar, mahsulot sotish hajmini hisobga olishga yo’naltirilgan bo’lishi lozim;
– ichki hisobot tezkorlik, ehtiyotkorlik, taqqoslanuvchanlik xususiyatlariga ega bo’lishi hamda menejerning rejalari, psixologiyasi va usulini nazarda tutishi kerak;
– segmentlar hisobot ahamiyatli, haqqoniy, xolis taqdim etilgan bo’lishi, izchil va tugallangan bo’lib, javobgarlik markazi ishini yanada yaxshilashga yo’naltirilishi lozim;
– segmentar hisobotning shakllari va registrlarini tez-tez o’zgartirish maqsadga muvofiq emas, chunki bu holat ularning samaradorligini pasaytiradi;
– boshqaruvchiga minimal hajmdagi hamda murakkab hisob-kitoblarliz, tizimlashtirilgan hisobot taqdim etilishi lozim;
– hisobotning bosh maqsadi korxona jamoasini jipslashtirish, ularnnng salohiyatlarini korxona investitsiya loyihalari va biznes- rejasini amalga oshirishga yo’naltirishi lozim;
– boshqaruv segmentar hisoboti korxona hisob siyosatiga muvofiq kelishi bilan birga moliyaviy hisobning xalqaro standartlari, hisob va hisobotning milliy standartlari, davlatimiz tomonidan qabul qilingan me’yoriy-huquqiy manbaga ham asoslanishi lozim.
Segmentlar bo’yicha hisobotni javobgarlik markazlari bo’yicha shakllantirilgan hisobot sifatida ta’riflash mumkin.
Segmentlar (javobgarlik markazlari) bo’yicha hisobni tashkil etish zarurati munosabati bilan boshqaruv hisobida ularning chegaralarini quyidagi mezonlarga muvofiq belgilash lozim:
– mustaqil segment hisobotlari qanday ko’rinishda bo’lishi lozim (ya’ni, segmentlar hisobot birliklarini ajratish mezoni);
– segmentlararo o’zaro hisob-kitoblarda bahoni shakllantirishning qaysi usuli qo’llanilishi zarur;
– daromadlar va xarajatlar, aktivlar va majburiyatlarni segmentlarga taqsimlash uchun qanday asos mavjud bo’ladi?
Mustaqil segment hisoboti shakllanishi shart-sharoitlari sifatida har bir xo’jalik va geografik segmentning ichki hisobotlaridan foydalanish lozim.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida korxona segmentlari o’rtasida ichki hisob-kitob narxlarini o’rnatish, ya’ni, transfert baho hosil bo’lishi ham muhim ahamiyat kasb etadi, bunda bitta javobgarlik markazi o’z mahsuloti yoki xizmatlarini boshqa javobgarlik markaziga uzatadi, natijada bo’linmalar o’rtasida o’sib boruvchi tartibdagi baholar yuzaga keladi.
Transfert baholari bo’yicha segmentlar hisobotni tuzishda, transfert baholarni hisob-kitob qilishning quyidagi usullari tahlil qilinadi:
– bozor baholari asosidagi;
– tannarx (o’zgaruvchan yoki to’liq) asosidagi "tannarx plyus" tamoyili bo’yicha;
– shartnomaviy transfert baholari asosidagi (mahsulot ishlab chiqarish jarayonida bozor kon’yunkturasi va xarajatlari ta’siri ostida).
Bozor baholarining shakllanishi ob’ektiv xususiyatga ega bo’lgan sharoitda transfert bahosi ham javobgarlik markazlari menejerlarining va xaridorlarning munosabatlari hamda malakalariga bevosita bog’liq bo’lmaydi. Bu usulning zaif tomonini ham ta’kidlash lozim, ya’ni, uning joriy etilishi rivojlangan bozor muhitini talab qiladi, bundan tashqari korxona javobgarlik markazlari (segmentlari) ishlab chiqariladigan mahsulotlar, ko’rsatiladigan xizmatlarga bozor baholarining darajasi to’g’risida axborot yig’ish uchun qo’shimcha xarajatlar qilishi lozim.
"Tannarx plyus" nomli ikkinchi usulda kutilayotgan foyda miqdori ustiga ma’lum foiz qo’yiladi. Masalan, bitta bo’linma mahsulot (ishlar, xizmatlar) to’liq tannarxining 110 %li hisob-kitobidan kelib chiqsa, boshqa segment esa segmentni uzatuvchi mahsulot birligiga o’zgaruvchan tannarxni 150 %li hisob-kitobidan kelib chiqishi mumkin.
Uchinchi usul bo’yicha transfert baho hosil qilishda shartnomaviy bahoni aniqlashning quyidagi formulasidan foydalaniladi:
Tb = Mo’t + Umd
bu erda,
Tb – transfert bahosi;
Mo’t – mahsulotning ishlab chiqarish (o’zgaruvchan) tannarxi;
Umd – umumiy marjinal daromad.