Ota-onalarning huquq va burch (majburiyat)lari. Oilaviy munosabatlarni tashkil etishda ota-onalarning muayyan burch va huquqqa egaliklari muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, oilaviy munosabatlarning mo’’tadil kechishida ota-onalar tomonidan ularning zimmalaridagi burchlarni og’ishmay bajarishlari, ayrim holatlarda esa ota-onalik huquqlaridan foydalana olishi ham ahamiyatlidir. Ota-onalarning huquq va majburiyatlari qonunchilik asoslariga ko’ra tartibga solinishi oilaviy munosabatlarning mo’’tadil kechishini ta’minlaydi. Quyida mamlakatimizda amal qilayotgan qonunchilik asoslariga ko’ra ota-onalarning burch va majburiyatlari xususida so’z yuritiladi.
O’zbekiston Respublikasining Oila kodeksi asoslariga ko’ra huquqiy jihatdan ota-onalarning farzandlar bilan munosabatlari: shaxsiy hamda mulkiy munosabatlar tarzida guruhlanadi.
Huquqiy adabiyotlarda ko’rsatilishicha, ota-onalarning farzandlar bilan bo’ladigan shaxsiy munosabatlariga quyidagilar kiradi:
1) ism, otaning ismi va familiyani tanlashi;
2) ota-onaning o’z fardantlarini tarbiyalash, shuningdek,
farzandlarning ota-onadan tarbiya olishi;
3) ota-onaning farzandlari nomidan vakillik qilishlari;
4) farzandlarning o’z huquq va manfaatlarini himoya qilishlari.
Farzandga ota-onaning roziligi asosida ism, otasining ismi va familiyasi qo’yiladi. Agarda ota-onaning familiyasi bir xil bo’lsa, tabiiy ravishda ana shu familiya farzandning ham familiyasi sifatida e’tirof etiladi. Bordi-yu, ota hamda onaning familiyasi turlicha bo’lsa, u holda farzandga ularning kelishuvlari asosida ulardan birining familiyasi qo’yiladi. Shunday holat ham bo’lishi mumkin, ota-onaning familiyasi turlicha va ular farzandga qaysi birlarining familiyasini qo’yish borasida kelisha olmayapti. Bu kabi vaziyatda ular vasiylik qiluvchi organga yozma ariza bilan murojaat qilishlari zarur va ushbu organ yordamida muammo hal qilinadi.
Familiya berish farzand dunyoga kelgach, uning tug’ilganligi ro’yxatga olinayotgan paytda amalga oshiriladi. Agarda ota va ona o’rtasidagi nikoh bekor qilingan bo’lsa, u holda farzand o’zi tug’ilgan vaqtda olgan familiya bilan qoladi. Bordi-yu, farzand familiyasini o’zgartirgan ota yoki ona bilan qolgan bo’lsa, ota yoki ona farzandning o’z familiyasiga olish to’g’risida vasiylik organiga yozma ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. Mazkur vaziyatda bu xususida ikkinchi tomonga ma’lum qilinishi mumkin. Biroq, ikkinchi tomonning roziligi talab etilmaydi. Aksariyat holatlarda farzandni o’z qaramog’iga olgan ota yoki onaning ariza ijobiy ravishda qondiriladi.
Ota-ona o’z farzandlarini ular to voyaga etgunlariga qadar tarbiyalash borasida muayyan majburiyatga egadirlar. Garchi ota-ona o’rtasidagi nikoh bekor qilingan bo’lsa ham ota-ona o’z farzandlarini tarbiyalash borasidagi burchlarini zimmalaridan soqit eta olmaydilar. Bordi-yu, ota va ona alohida yashayotgan bo’lsa, u holda farzandning kim bilan yashashini ularning o’zlari hal etish huquqiga egalar. Agarda ota va ona ushbu masalani o’zlari hal qila olmasalar, u holda yozma ariza bilan sud organiga murojaat qiladilar. Sud organi ota yoki onadan qaysi bilan farzand to’g’risida ko’proq g’amxo’rlik qilayotganligini, uning yoshini, bolaning ota-onadan qay biriga ko’proq moyillik bildirishini, uning har tomonlama kamol topishi uchun zarur shart-sharoitni yaratib bera olish imkoniyatiga egaligini o’rganib chiqadi va qaror qabul qiladi. Nikohdan ajralayotgan ota-onaning qay biri bilan yashashni farzandning o’zi ham hal qilishi mumkin. Biroq, buning uchun u 10 yoshga to’lgan bo’lishi kerak.
Mamlakatimiz qonunchilik asoslariga ko’ra ota-ona voyaga etmagan o’z farzandi bilan birga yashash huquqiga ega.
Ota yoki onadan biri ota yoki onalik huquqidan sud organi qarori bilan mahrum etilmagan bo’lsa, u holda farzand ota yoki ona bilan yashashidan qat’iy nazar ikkinchi tomon u bilan doimiy aloqada bo’lish va uning tarbiyasida ishtirok etish huquqini saqlab qoladi.
“Ota bilan ona o’z bolasini qonun yoki sud qarori asosida ushlab turgan har qanday shaxsdan uni qaytarib berishni talab qilishi mumkin. Shu bilan birga sud bunday qilish bolaning manfaatlariga ziddir, degan xulosaga kelsa, bolani o’z ota-onasiga topshirish xususidagi da’voni rad etishga haqlidir”49.
O’z farzandlariga nisbatan vakillikni ham ota-onalar amalga oshiradilar. Ota-onalar o’z farzandlari yoki farzandlikka olingan voyaga etmaganlar uchun qonuniy vakil sanaladilar. Qonuniy vakillik O’zbekiston Respublikasining Oila kodeksi, Fuqarolik kodeksi hamda Fuqarolik-protsessual kodeksi asoslari bilan tartibga solinadi.
Ota-onalar balog’atga etmagan farzandlarini nazorat qilib turishga majburdirlar. 15 yoshga to’lmagan farzandlarga etkazilgan zarur uchun huquqiy nuqtai nazardan ota-onalar javob beradilar. Huquqiy asoslarga ko’ra, 15 va 18 yoshlar orasidagi voyaga etmagan bolalar tomonidan ijtimoiy sub’ektlarga etkazilgan har qanday zarar uchun ota-onalar umumiy tarzda javobgardirlar. Shu sababli ushbu yosh oralig’idagi voyaga etmaganlar tomonidan keltirilgan zararning o’rnini ularning maoshi yoki shaxsiy mulki bilan qoplashning imkoni bo’lmasa, u holda ota-onalar o’z hisoblaridan to’lashlari shart.
O’z farzandlari yoki farzandlikka olinganlarga nisbatan ota-ona teng huquq va majburiyatlarga ega bo’lish bilan birga ularning tarbiyasi, kamoloti uchun javobgardirlar. Huquqiy nuqtai nazardan ota-onalar farzandlarining sog’ligi, shuningdek, jismoniy, ruhiy ma’naviy-axloqiy kamoloti to’g’risida g’amxo’rlik qilishga majbur sanaladilar. Shu bilan birga farzandlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ham ota-onalarning zimmalariga yuklatiladi.
Qonunan ota-onaning, ota-onalik huquqiga ega bo’lishi farzandlarning manfaatlariga zid tarzida amalga oshirilishi mumkin emas. Farzandlarning manfaatlarini ta’minlash nafaqat huquqiy, shu bilan birga insoniylik nuqtai nazardan ham ota-onaning asosiy vazifasi bo’lishi zarur.
Ota-onalarning, ota-onalik huquqlari farzandlar “o’n sakkiz yoshga to’lganlarida (voyaga etganda), shuningdek, voyaga etmagan bolalar nikohga kirganlarida hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda bolalar voyaga etmasdan to’la muomala layoqatiga ega bo’lganlarida tugaydi”50.
Farzandlar bilan ularning ota-onalari o’rtasida shaxsiy munosabatlar bilan birga mulkiy munosabatlar ham yo’lga qo’yiladi. Ota-ona va farzandlar o’rtasidagi mulkiy munosabatlar, asosan, aliment va mulkka doir munosabatlar tarzida kechadi.
Qonunga muvofiq balog’atga etmagan farzandlarni boqish ota-onaning zimmasidagi eng asosiy vazifa sanaladi. Hayotda ko’p hollarda ota, kam vaziyatlarda esa onaning o’z farzandlarini tashlab ketishi hodisasi ham kuzatiladi. Shunday vaziyatda sud qaroriga ko’ra farzandlarini tashlab ketgan ota yoki ona aliment to’lashga majbur qilinadi. Aliment to’lashga o’z farzandlarini tashlab ketgan ota yoki ona ularning yoshi, ijtimoiy holati, ish bilan ta’minlanganlik darajasi yoki moliyaviy ahvolidan qat’iy nazar majburiydir.
“Aliment balog’atga etmagan bolalar foydasiga undiriladi va ish haqidan bolalar soniga qarab foiz hisobida to’lanadi: bir bolaga daromadning ¼ qismi, ikki bolaga ⅓ qismi, uch va undan ko’p bolaga ½ qismi to’lanadi. Ikki yoki undan ko’p bolaga aliment to’lashda har bir bolaga aliment to’lash muddati tugaganligi ko’rsatilishi kerak”51.
O’zbekston Respublikasida aliment to’lash tartibi Oila kodeksi asoslariga muvofiq amalga oshiriladi.
Meros qilib, shuningdek, shartnoma bo’yicha olingan hamda ishlab topilgan mablag’ga sotib olingan mulkka egalik qilishga farzandlar, shu jumladan, balog’atga etmagan farzandlar ham haqlidirlar. Huquqiy jihatdan farzandlar ham o’zlarining shaxsiy mulki (kiyim-kechaklari, poyafzallari, ish yoki o’quv qurollari, sovg’a sifatida olingan buyumlar, o’yinchoqlar va b.)ga ega. Ota-ona va farzandlarning mulki alohida-alohida bo’ladi. Garchi bir-birlarining buyumlaridan foydalana olsalar-da, farzandlar hayotliklari vaqtida ota-onalarining mulkiga egalik qila olmaganlaridek, ota-onalar ham farzandlarining shaxsiy mulklariga egalik qila olmaydilar.
Garchi avval O’zbekistonda keng ommalashmagan bo’lsa ham ota-onalar bilan farzandlar o’rtasida mulkdan foydalanish yuzasidan qonunda ko’zda tutilgan turli bitimlarni tuzish imkoniyatiga egalar, shuningdek, ular hissadorlik asosida mulkka ega bo’lishlari mumkin. M: ota-onalar va farzandlar hissadorlik asosida uy-joy, dala hovli va xizmat ko’rsatish shahobchalarini qurishlari, ularda hamkorlikda ish yuritishlari mumkin.
Demak, ota-onalar to farzandlari voyaga etgunlariga qadar ular to’g’risida g’amxo’rlik qilishlari, boqishlari, ularning har jihatdan kamolga etishlarini ta’minlashlari zarur.