1. Oilaning iqtisodiy vazifasi. Barcha davrlarda ham oilaning iqtisodiy vazifalarni ijobiy hal qilish imkoniyatiga ega bo’lishiga alohida e’tibor qaratib kelingan. Zero, oila iqtisodiyoti va uning ma’naviy-axloqiy qiyofasi uning mavjudligini ta’minlovchi muhim omillar sanaladi. Bozor munosabatlari sharoitida esa oilaning iqtisodiy vazifasini muvaffaqiyatli ado etish layoqatiga ega bo’lishi yanada muhim ahamiyatga ega. Iqtisodiy vazifalari sirasida oila iqtisodiyoti va byudjetini shakllantirish, oila daromadini rejali sarflash, oilaning kundalik xarajatlarini amalga oshirish, oilaviy ehtiyojlar uchun mablag’ yig’ish, oila xo’jaligini yuritish, moddiy ne’matlar ishlab chiqish kabilar alohida o’rin tutadi.
Har qanday oila o’zining iqtisodiyoti va byudjetiga ega bo’lishi zarur. O’z iqtisodiyoti va byudjetini shakllantirishda oilaning asosiy hamda qo’shimcha daromad manbalariga egaligi muhim ahamiyatga ega. Oila a’zolarining asosiy daromadi ularning doimiy ish joyidan oladigan oylik maoshlari, izchil olib turiladigan nafaqalar (keksalik yoki bolalik nafaqalari) yoki talaba bo’lgan oila a’zolarining stipendiyalari kabi manbalar negizida shakllanadi. Oila byudjetini shakllantirishga hissa bo’lib qo’shiladigan qo’shimcha daromad manbalari esa – tomorqa, issiqxona yoki yordamchi xo’jalik (chorva mollari, parrandalar)dan olinadigan meva, sabzovot hamda sut mahsulotlari, oilaviy tadbirkorlik (hunarmandchilik, maishiy xizmat ko’rsatish)ni tashkil etish hisobiga topiladigan pul mablag’lari, “suyunchi puli”, turli mukofot pullari, oila a’zolarining asosiy bo’lmagan ish joyidan oladigan maoshlari sanaladi.
Oila iqtisodiyotini shakllantirishda ota-onalarning iqtisodiy bilimlarga egaliklari, inson mehnatining mahsuli bo’lgan pul mablag’lariga nisbatan ham o’zlarida, ham farzandlarda ijobiy munosabatni shakllantira olishlari muhim ahamiyatga ega. Sobiq Ittifoq davrida jamiyat hayotining “ijtimoiy tenglik” tamoyiliga asoslanganligi bois boylik, boy bo’lishga nisbatan salbiy munosabat shakllangan edi. Hatto shaxsiy mulkka ega bo’lish davlat nazoratiga olingan, ma’lum darajada o’ziga to’q, boy bo’lgan shaxslar, ularning xatti-harakatlari qoralanar edi.
Bozor munosabatlari sharoitida esa, aksincha, oila a’zolari – ota-onalar, farzandlarning ishbilarmonligi, tadbirkorligi, yaratuvchanligi hamda ushbu sifatlarga egalik asosida qo’shimcha moddiy daromad manbalarini yaratishlari qo’llab-quvvatlanadi. Binobarin, qo’shimcha daromad oilaning farovonligini ta’minlaydi, farzandlarning har tomonlama sog’lom, baquvvat bo’lib o’sishlari, chuqur bilim olishlari uchun zarur, qulay shart-sharoit yaratib berilishini ta’minlaydi. Ota-onalar o’z tadbirkorliklari evaziga farzandlarining shaxsiy qobiliyatlarini yanada rivojlantirishga muvaffaq bo’ladilar. Iqtisodiy bilim, tadbirkorlik, ishbilarmonlik, tejamkorlik sifatlariga ega ota-ona oila muhitida farzandlarning bozor munosabatlariga to’laqonli moslasha olishlariga erishadi.
Oila iqtisodiyotini yaratishda ota-ona va farzandlarning birgalikda uy xo’jaligini yuritishlari, tomorqa va yordamchi xo’jalik mahsulotlarini etishtirishlari, hunarmandchilik buyumlarini tayyorlashlari ko’p tomonlama ahamiyatga ega. Birinchidan, oila a’zolarining birgalikda mehnat qilishlari hamjihatlilik, birlikni qaror toptiradi, ikkinchidan, farzandlarda mehnatga ijobiy munosabat shakllantiriladi, ularda mehnatsevarlik xislati tarbiyalanadi, uchinchidan, bolalar o’zlari mehnat qilar ekanlar, o’zgalarning mehnatini qadrlashga o’rganadilar, to’rtinchidan, oila sharoitida tayyorlangan, etishtirlgan mahsulotlarni sotish jarayonida bolalarning iqtisodiy tushunchalari kengayadi, savdo ko’nikma, malakalarini o’zlashtiradi.