Sharq mutafakkirlarining oila pedagogikasiga oid fikrlar. Oila tarbiyasi masalalari Sharq mutafakkirlarining shaxsga ta’lim berish, unda ijobiy sifatlarni shakllantirish borasidagi qarashlarining muhim unsuri sanaladi. Xususan, Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Muhammad Qoshg’ariy, Yusuf Xos Xojib, Unsurul Maoliy Kaykovus, Alisher Navoiy, Husayn Voiz Koshifiy kabi mutafakkirlarning asarlarida bolalarni oila sharoitida ma’naviy-axloqiy tarbiyalashga oid g’oyalar keng yoritilib, bu boradagi samarali yo’llar ko’rsatib berilgan.
Agarda Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy o’z asarlarida ota-onalarni ikki toifa (tug’ilish otasi (ya’ni, biologik ota) bolaning jismoniy yaratilishi, unib-o’sishi uchun mas’ul bo’lsa, ta’lim beruvchi ota (ya’ni, ma’naviy ota) esa bolaning ruhiy jihatdan to’laqonli voyaga etishi uchun javobgar kabi toifa)larga ajratgan bo’lsa, Abu Rayhon Beruniy inson tabiatining, eng avvalo, oila muhitida shakllanishini alohida qayd etib o’tgan. Alloma ota-onalarga bola ruhiyatini mo’’tadil saqlashni tavsiya etadi. Bola ruhiyatini mo’’tadil saqlash uni qattiq g’azablanish, qo’rqish, xafalik, jismoniy toliqish hamda uyqusizlikdan muhofazalash orqali ta’minlanishini aytadi. Shuningdek, ota-onalarni bolalar xohlagan va ular uchun foydali bo’lgan narsasini topishga, ularni imkon qadar yoqtirmagan narsalaridan uzoqlashtirishga undaydi. Allomaning qayd etishicha, ota-onalar bolaga nisbatan bir xil munosabatda bo’lishlari uni to’g’ri tarbiyalash uchun nihoyatda ahamiyatli. Ota-onaning bolaga nisbatan turlicha munosabatda bo’lishlari uning xulqida salbiy odatlar namoyon bo’lishi uchun sharoit yaratib beradi.
Abu Rayhon Beruniy bola xulq-atvorining mo’’tadilligi uning jismonan va ruhiy sog’lomligi uchun muhim asos ekanligini ilmiy jihatdan asoslab bergan. Shuningdek, alloma o’z asarlarida bolaning kamolga etishida irsiyat, ijtimoiy muhit va tarbiyaning birdek ta’sirga egaligini alohida ta’kidlab o’tgan.
Oilaning bola tarbiyasidagi roli masalasi buyuk mutafakkir Abu Ali Ibn Sinoning ilmiy merosida ham muhim o’rin egallaydi. Allomaning “Tadbiri al-manozil” nomli asarining alohida bobi oila tarbiyasini samarali tashkil etish masalalariga bag’ishlangan. Mutafakkir o’zining tibbiyotga oid bilim va hayotiy tajribalariga asoslangan holda “Tadbiri al-manozil” asarida “Alla” qo’shig’ining bolani ruhiy va jismoniy kamolotga etishida muhim ahamiyatga ega omillardan biri sifatida e’tirof etadi. Abu Ali ibn Sino “Alla” qo’shig’i ikki muhim vazifaning hal qilinishini ta’minlaydi. Birinchisidan, bolani tebratish unga jismoniy orom bag’ishlaydi; ikkinchisidan, beshikning bir maromda tebranishidan onaning mehri jo’sh uradi, farzandiga bo’lgan muhabbatdan onaning yuragida orzu, umidlar uyg’onadi. Sehrli, jozibali qo’shiq bolasi uchun qasida kabi yangraydi va farzandining murg’ak qalbiga singib boradi. Shu tarzda bolada u hali anglamagan holat paydo bo’ladi, asta-sekin borliqni anglay boshlaydi. Borliqning bu tarzda dastlabki anglanishi o’rganishning ilk bosqichidir. Bu bosqichda o’rganish asosida bola shaxsi shakllanib boradi. Alloma o’rganishning sezgiga asoslanini ilmiy jihatdan asoslab beradi. Qolaversa, Abu Ali Ibn Sinoning yosh bolaning sezgirlik quvvati katta yoshli kishining sezgirligiga teng degan fikrni ilgari surgan.
Alloma bolani sekin-sekin tebratish va unga ohang yordamida alla aytish bola mijozining shakllanishida ham muhim ahamiyat kasb etishini ko’rsatadi: “Bolaning mijozini kuchaytirmoq uchun unga ikki narsani qo’llamoq kerak. Biri bolani sekin-sekin tebratish, ikkinchisi, uni uxlatish uchun odat bo’lgan musiqa va allalashdir. Shu ikkisini qabul qilish miqdoriga qarab, bolaning tanasi bilan badantarbiyaga va ruhi bilan musiqaga bo’lgan iste’dodi hosil bo’ladi”43.
Ibn Sinoning yondashuviga ko’ra, bola tarbiyasida oila boshlig’i sifatida ota alohida rol o’ynaydi: “Agar oilada oila boshlig’i tajribasizlik, no’noqlik qilsa, u oila a’zolarini yaxshi tarbiyalay olmaydi va oqibatda bundan yomon natijalar kelib chiqishi mumkin”. Bola tarbiyasi samarali yo’lga qo’yilgan oilalargina baxtli bo’ladi. Zero, oilaning eng muhim vazifasi bolani har jihatdan to’g’ri kamolotga etkazishdir. Ota-ona kim bo’lishidan qat’iy nazar ushbu ma’suliyatli vazifani to’la-to’kis ado etishi lozim.
“Tadbiri al-manozil” asarida farzandlarning to’g’ri kamolot topishi, kelajak taqdirining belgilanishida ular uchun ibrat bo’ladigan ota-onalar qiyofasida aks etishi zarur bo’lgan ijobiy fazilatlar sanab o’tiladi.
Ibn Sinoning alohida qayd etishicha, mehnat oilada bolani ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda eng muhim vosita sanaladi. Bolalarda mehnatsevarlikni xislatini tarbiyalashda ota-onalarning farzandlar tomonidan muayyan kasb-hunar asoslarining o’rganilishiga e’tibor qaratishlari muhimdir. Alloma mehnat insonni ulug’lasa, mehnat qilish ko’nikmalarini yoshlikdan o’zlashtirmaslik bolada salbiy odatlarning rivojlanishiga sharoit yaratadi.
Mutafakkir er-xotinning bir-birlariga bo’lgan munosabatlari, bir-birlarini hurmat qilishlari bola axloqining shakllanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi, deb hisoblaydi. Buning uchun ota-onaning har biri oilada ma’lum vazifalarni bajarishi zarur. Xususan, erkak kishi, asosan, oilaning ta’minotini yaratishi, ayol kishi esa oila boshlig’i topib kelgan mablag’, moddiy ne’matlarni tejab-tergashi, uy-joylarni saranjom-sarishtaligini ta’minlashi, farzandlar tarbiyasi bilan shug’ullanishi zarur.
Ibn Sino bola tarbiyasiga oid o’z fikr va mulohazalarni bildirar ekan, bola tarbiyasini unga ism qo’yishdan boshlashni lozim topadi hamda bolalarga yaxshi ism tanlashni ota-onaning dastlabki olijanob vazifalaridan hisoblaydi.
XI asrda yashagan mutafakkirlardan biri Yusuf Xos Hojib ham o’zining mashhur “Qutadg’u bilig” asarida bola tarbiyasi masalasiga alohida to’xtalib o’tgan. Xususan, ushbu asarda quyidagi g’oyalar o’z aksini topgan: “Farzand qanchalik bilimli, aqlli-hushli bo’lsa ota-onasining yuzi shunchalik yorug’ bo’ladi”.
Yusuf Xos Hojib ham bola tarbiyasida otaning ma’suliyati yuqori ekanligini ta’kidlaydi: “Kimning o’g’il-qizi erka bo’lsa u ung’a shu kishining o’zi mungli bo’lib yig’laydi. Ota bolani kichikligida bebosh qilib qo’ysa, bolada gunoh yo’q, barcha jafo otaning o’zida; o’g’il-qizning xulq-atvori yaramas bo’lsa, bu yaramas ishni ota qilgan bo’ladi. Ota bolalarini nazorat qilib, turli hunarlarni o’rgatsa, ular ulg’aygach, o’g’il-qizim bor, deb sevinadi; o’g’il-qizga hunar va bilim o’rgatish kerak, toki bu hunar bilan ularning fe’l-atvorlari go’zal bo’lsin”.
Mutafakkir bolalar tarbiyasini o’ta murakkab jarayon deb tushunadi. Bu jarayon beldan madorni, tanadan quvvatni, ko’zdan nurni, dildan oromni talab qiladi. Agar insonning o’zida go’zal fazilatlar bo’lsa, ularni boshqalarga o’rgatishi lozim. Lekin odob-axloq, odat va irodani hosil qilish uchun katta kuch va harakat talab etiladi. Bu jarayonda ta’lim va tarbiyaning samarali tashkil etilishi muhim ahamiyatga ega. Zero, shaxsni tarbiyalashdan maqsad uning ongiga atrofdagilarga yaxshilik qilish, borliqqa mehr-muhabbat bilan yondashish zarurligi to’g’risidagi tushunchalarni singdirishdan iboratdir. Ana shu maqsadga yo’naltirilgan mas’uliyatli vazifani bajarishda esa ota-ona asosiy o’rinni egallaydi.
Sharq mutafakkirlaridan yana biri Unsurul Maoliy Kaykovus o’zining “Qobusnoma” asarida oila, oilaviy munosabatlar hamda oilada farzandlarni tarbiyalash masalalariga katta e’tibor qaratadi. Asarning alohida bobi “Farzand parvarish qilmoq zikrida” deb nomlangan. Alloma ushbu bobda ota-onaning zimmasiga yuklatiladigan vazifalarni yoritadi. Bu vazifalar quyidagilardir:
1) bolaga yaxshi ism qo’yish;
2) bolani oqil va mehribon enagaga topshirish;
3) to’y-tomosha qilib, sunnat to’y o’tkazish;
4) o’qish-yozishni o’rgatib, kasb-hunarli va ilmli qilish;
5) harbiylar ahlidan bo’lsa, sipohiylikni o’rgatish.
Kaykovusning yondashuviga ko’ra, bola tarbiyasida talabchanlik bilan mehribonlik birga qo’shib olib borilishi lozim. Ammo bunda ota-onaning bolaga nisbatan qahrli bo’lishi, uni bevosita o’zlari jazolashlari to’g’ri emas, chunki bu bolada ularga nisbatan nafratni yuzaga keltiradi. Eng to’g’ri yo’l bu o’rinda muallimlarning yordamiga tayanish, ular orqali bilvosita bolani jazolashdir: “Yosh bola ilm bilan odobni tayoq bilan o’rganur, o’z ixtiyori bilan o’rganmas. Ammo farzand beadab bo’lsa va sening ul sababdan qahring kelsa, o’z qo’ling bilan urmagil, muallimlarning tayog’i bilan qo’rqitgil! Bolalarga muallimlar adab bersinlar, toki sendan o’g’lingni ko’nglidagina qolmasin”.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning badiiy-ilmiy merosida ham oilaviy munosabatlar va oilada farzand tarbiyasini tashkil etish masalasi alohida o’rin egallagan. Uning fikricha, jamiyatning taraqqiyoti, istiqboli yoshlar kamoloti bilan bevosita bog’liq. Shu sababli bolani har jihatdan etuk, oliyjanob qilib tarbiyalash ota-onalar oldida turgan eng muhim vazifadir. Alloma bolalarning tarbiyasida ota-onaning o’rni beqiyos ekanligini qayd etadi. “Mahbub-ul-qulub” asarida ayolning oiladagi, xususan, bolalarning tarbiyasidagi roli mas’uliyatli ekanligini ta’kidlaydi: “Yaxshi xotin oilaning davlati va baxti, uy egasining xotirjam va osoyishtaligi undan, husnli bo’lsa – ko’ngil ozig’i, xushmuomala bo’lsa, jon ozig’idir. Oqila bo’lsa, ro’zg’orda tartib-intizom bo’ladi. U beandisha bo’lsa, ko’ngil undan ozor chekadi, yomonlik axtaruvchi bo’lsa, undan ruh azoblanadi. Agar mayxo’r bo’lsa, uy obodligi yo’q oladi, aqlsiz bo’lsa, oila rasvo bo’ladi”.
A.Navoiy o’z asarlarida oilada o’zaro kelishmovchiliklar, ota yoki ona, oilaning boshqa a’zolari xulqidagi illatlarning, qolaversa, ijtimoiy omillarning bola tarbiyasiga salbiy ta’sirini ko’rsatib beradi. Shu bilan birga alloma bola shaxsida namoyon bo’ladigan yaxshi va yomon xulqlar, ularni kelib chiquvchi manbalarni ko’rsatib berar ekan, bolada yomon xulq paydo bo’lishining oldi olinmasa, u holda bora-bora illatga aylanishini alohida qayd etib o’tadi.
Mutafakkir o’zining “Mahbub-ul qulub” asarida komil insonga xos ijobiy fazilatlar haqida so’z yuritar ekan, asosiy e’tiborni har bir shaxs, shu jumladan, bolalarda ham ana shu ijobiy sifatlarni shakllantirishning ijtimoiy zaruriyat ekanligini asoslab beradi. Bolalarning bilimli, oliyjanob va rostgo’y insonlar bilan izchil muloqotda bo’lishlari ularda halollik va to’g’riso’zlik sifatlarini tarbiyalashiga alohida urg’u berib o’tadi.
Oilaning har bir shaxs hayotidagi o’rni, oila muhitida tashkil etilayotgan tarbiyaning bola shaxsi shakllanishiga ko’rsatadigan ta’siri Abdulla Avloniy asarlaridan ham markaziy o’rin egallagan. Ma’rifatparvarning “Turkiy guliston yoxud axloq” asari yaxlit holda komil inson qiyofasida aks etishi zarur bo’lgan ijobiy fazilatlar, shuningdek, biologik va ijtimoiy omillar ta’sirida shakllanishi mumkin bo’lgan salbiy illatlar, ular keltirib chiqaradigan oqibat xususidagi g’oyalarni ifodalaydi.
Alloma bola tarbiyasida u yashayotgan muhit, ijtimoiy-iqtisodiy sharoit, turmush tarzi qanchalik muhim bo’lsa, sub’ektlar, xususan, ota-onaning roli shunchalik ahamiyatli ekanlagini ko’rsatadi. Bolaning axloqi, xulq-atvoriga kuchli ta’sir etuvchi shaxslar, eng avvalo, ota-onalar ekanligini e’tirof etgan holda ularni farzandlar tarbiyasida mas’uliyatli bo’lishga chaqiradi.
Abdulla Avloniy o’z asarlarida Abu Ali ibn Sino kabi tana salomatligini ruhiyat sog’lomligi bilan uzviy bog’liq ekanligiga e’tiborni qaratadi. Ma’rifatparvarning qayd etishicha, bolada ezgu fikr, yaxshi axloq va ma’rifatga ega bo’lish uchun dastlab badanni tarbiya qilish zarurligini aytib, bolani sog’lom qilib tarbiyalash uchun ota-onani javobgar deb hisoblaydi.
Xulosa qilib aytganda, nikoh, oilaviy munosabatlar va farzand tarbiyasi masalasi o’zbek xalqi tarixidan juda qadimdan o’rganib kelingan. Zardushtiylik dinining muqaddas manbai – “Avesto” asarida, milliy madaniy qadriyatlarimizning muhim tarkibiy qismi bo’lgan Islom madaniyati g’oyalarini o’zida aks ettirgan Qur’oni karimda, shuningdek, Sharq mutafakkirlarining asarlarida komil inson shaxsi, uni voyaga etkazishda asosiy o’rinni egallovchi oila, unda tashkil etiladigan bolalar tarbiyasi masalalarining tahliliga alohida o’rin ajratilgan. Ularda qayd etilishicha, har bir oila jamiyatning kichik bir bo’g’ini. Minglab oilalarning o’zaro birlashuvi esa jamiyatni hosil qiladi. Shunday ekan, har bir oila, unda qaror topgan tarbiyaviy muhit bevosita jamiyatning taraqqiyotini belgilab beradi. Oila va jamiyatning o’zaro aloqadorligi o’z-o’zidan ota-onalar zimmasiga bolalar tarbiyasini to’g’ri tashkil etishdek muhim ijtimoiy vazifani yuklaydi.