Guliston davlat universiteti pedagogika va psixologiya kafedrasi oila pedagogikasi


O’ZBEKISTONDA “OILA PEDAGOGIKASI”



Yüklə 1,13 Mb.
səhifə20/97
tarix01.02.2023
ölçüsü1,13 Mb.
#82247
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   97
portal.guldu.uz-OILA PEDAGOGIKASI

O’ZBEKISTONDA “OILA PEDAGOGIKASI”
FANINING RIVOJLANISh TARIXI


Reja:
1. “Avesto” asarida nikoh va oilaviy munosabatlarning yoritilishi.
2. “Qur’oni karim” va hadislar oila tarbiyasining muhim manbalari sifatida.
3. Sharq mutafakkirlarining oila pedagogikasiga oid fikrlar.


Tayanch tushunchalar: “Avesto” asari, zardushtiylarning oila va oilaviy munosabatlarga yondashuvlari, nikoh va oilaviy munosabatlarning “Qur’oni karim”dagi talqini, hadislarda nikoh va oila munosabatlari masalalarining aks etishi, Sharq mutafakkirlarining nikoh va oila borasidagi qarashlari.

Avesto” asarida nikoh va oilaviy munosabatlarning yoritilishi. Eramizdan avvalgi VII asrda yaratilgan zardushtiylik dinining muqaddas manbai – “Avesto” asari o’zbek xalqining milliy-madaniy merosi, tarixiy yodgorligi sanaladi. Asar o’zida ijtimoiy hayotning barcha sohalari, xususan, nikoh va oilaviy munosabatlar masalalarini o’zida qamrab olganligi bilan nafaqat badiiy, balki pedagogik ahamiyatga ham ega. O’Zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov asarning milliy ma’naviyatni shakllantirishdagi roliga to’xtalar ekan quyidagilarga urg’u berib o’tadi: ““Avesto”ning tub ma’no-mohiyatini belgilab beradigan “Ezgu fikr, ezgu so’z, ezgu amal” degan tamoyilni oladigan bo’lsak, unda hozirgi zamon uchun ham behad ibratli bo’lgan saboqlar borligini ko’rish mumkin. Ana shunday fikrlar, yani, ezgu niyat, so’z va ish birligini jamiyat hayotining ustuvor g’oyasi sifatida talqin etish bizning bugungi manaviy ideallarimiz bilan naqadar uzviy bog’lik, nechog’lik mustahkam hayotiy asosga ega ekani ayniqsa etiborlidir”28.


“Avesto” tushunchasi lug’aviy jihatdan “o’rnatilgan, muqarrar qilingan qonun-qoidalar, hayotning asosiy yo’riqnomasi” ma’nolarini anglatadi. Nikoh va oila masalasi ijtimoiy munosabatlarning muhim asoslari sifatida muayyan davr va tuzumlar uchun o’ziga xos ahamiyat kasb etgan. Shu jumladan, zardushtiylar davrida ham ijtimoiy munosabatlarning istiqboli nikoh va oila rivoji bilan uzviy bog’liq ekanligi chuqur anglangan. Shu sababli hayotning asosiy yo’riqnomasi bo’lgan – “Avesto” asarida bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan.
Zardushtiylar balog’at yoshini aniq belgilashgan. 15 yoshga balog’at yoshi hisoblanib, ushbu yoshga to’lgan o’smirlar e’tiqod ramzi sifatida beliga yung ipakdan to’qilgan kamar bog’lab yurishlari, “otashparastlar ibodatxonasida o’tkaziladigan diniy marosimlarda qatnashishi shart bo’lgan”. Otashparastlik ibodatxonasida diniy tarbiya yo’lga qo’yilgan bo’lib, u bola 7 yoshga to’lgandan so’ng tashkil etilgan. Ibodatxonalarda tashkil etilgan tarbiya quyidagi yo’nalishlarga asoslangan:

  1. diniy va axloqiy tarbiya;

  2. jismoniy tarbiya;

  3. o’qish va yozishga o’rgatish.

“Avesto” asarida qayd etilishicha, zardushtiylik ta’limotida ip yigirish, liboslar tikish qiz bolalar, kurash tushish, chavandozlik, qilichbozlik, suvda suzish, kamondan o’q uzish kabi jismoniy-harbiy malakalarni egallash o’g’il bolalar uchun majburiy bo’lgan. Bu boradagi malakalar o’zlashtirilgandan so’ng qizlar 15, o’g’il bolalar esa 16 yoshida oqsoqol boshchiligida jamoa oldida maxsus imtihondan o’tkazilgan. Imtihondan o’ta olmagan bolalarning ota-onalariga nisbatan muayyan jazo qo’llanilgan.
O’smirlar 15-16 yoshlarida balog’atga etgan hisoblanib, turmush qurish xuquqiga ega bo’lishgan. Oila qurish va farzand ko’rish har bir zardushtning insoniylik burchi deya e’tirof etilgan. Bordi-yu, balog’atga etgan yigit yoki qiz oila qurishni istamasa, bu holda unga nisbatan keskin jazo belgilangan: “Agar erkak zurriyod qoldirish qobiliyatiga ega bo’lsa-yu, ammo uylanmasa unga tamg’a bosishar yoki beliga zanjir bog’lab yurishga majbur qilishgan. Er yuzida zurriyotni ko’payishiga qarshi chiqib, turmush qurmagan qiz qopga solinib, 25 darra kaltaklangan.
“Avesto”da qarindoshlarning o’zaro oila qurishi qonun bilan qat’iy man qilingan. Ko’p bolali ayollarga tuyalar berilgan. Bolasini nobud qilgan ayollar esa o’limga mahkum etilgan. Shuningdek oilasini, bolalarini sarson qilgan oila boshlig’iga, zinoga berilgan erkak va ayolga nisbatan darra bilan kaltaklash yoki o’lim jazosi ko’llanilgan. Bir yo’la 2-3 ta farzand ko’rgan ayolga bir juft sog’in sigir, sariq tuya berilgan, davlat xazinasidan nafaqa to’langan.
O’g’il tomonidan otaga qo’l ko’tarish, oila a’zolariga shikast etkazish, zinokorlik, bachchavozlik, er va xotin, ota va o’g’il o’rtasidagi ahdnoma – “so’z qasami”ni buzgan odam malum miqdorda qamchin bilan savalangan.
O’sha davrda yashagan xalqlarning e’tiqo­di, urf-odatlari, turmush tarzi, shuningdek, bolalarni tarbiyalash va o’qitish to’g’risidagi ma’lumotlar bilan tanishish asosida aytish mumkinki, “Avesto” asarining nikoh, oila masalalariga oid g’oyalari bolalar tarbiyasini oqilona, to’g’ri tashkil etishga doir ko’rsatmalar bilan boyitib borilgan. Asar g’oyalariga ko’ra har bir yoshni shunday tarbiyalash zarurki, u avvalo yaxshi o’qisin, so’ngra hayotiy tajribalarni o’r­ganish orqali shaxsi sifatida rivojlanishda yuqori pog’onalarga ko’tarila olsin.
Zardushtiylar bolalarga gigienik ta’lim berishga ham alohida e’tibor qaratishgan. Bolalar yoshlikdan daraxt ko’­chati o’tkazish, uy-ruzg’or qurollari yasash, erga ishlov berish va chora bilan shug’ullanish kabi mehnat ko’nikmalarini o’zlashtirishlari shart bo’lgan. Ulardan har kuni uch marotoba yuvinish, ota-ona bilan birgalikda duolarni takrorlash talab etilgan.
“Avesto” asarida o’g’il bolalarni yigitlikka o’tkazish o’ziga xos marosim tarzida tashkil etilgan. Balog’atga etgan o’g’il bolalar quyosh­ga qarab “Men zardo’shtiylik diniga sodiq bo’lishga va’da beraman, men yaxshi fikr, yaxshi so’zlar, yaxshi ishlarni amalga oshira olishimga ishonaman” deya etti marta takrorlagan.
Yoshlarda to’rt narsa, ya’ni, quyosh, suv, tuproq va olov muqad­das degan tushunchalar shakllantirilgan. Dunyo yorug’lik va qorong’ulik, yaxshilik va yomonlik o’rtasidagi kurashdan iborat. Bolalarni mehnat qilishga, o’z qo’llari bilan moddiy noz-ne’matlarni yaratishga o’rgat­ish yaxshilik, ezguliklarning yomonlik, yozuvlik ustidan g’alaba qozonishini ta’minlaydi. Mehnat qilmaydigan odam yot eshiklarga ta’zim qilishga, o’zgalar oldida bosh egishga mahkum deb hisoblangan.

Qur’oni karim” va hadislar oila tarbiyasining muhim manbalari sifatida. Islom dinining muqaddas kitobi – “Qur’on” jahon madaniyatining bebaho boyligi sanaladi. Arab tilida “qiroat” ma’nosini anglatuvchi mazkur manbada shaxs ma’naviyatining yuksak namunasini ifodalovchi g’oyalar o’z aksini topgan. Qur’oni karimda tabiiy va ijtimoiy borliq, ularning mohiyatini yorituvchi g’oyalar ifodalangan bo’lib, ushbu manba orqali ijtimoiy, shaxsiy faoliyatning halol va harom, yaxshi va yomon, ezgulik va yovuzlik tamoyillarga asoslanishi, oqibatlari, shaxslararo munosabatlar, shuningdek, jamiyat rivojiga ta’siri kabi ko’plab masalalar yoritilgan.


Eng e’tiborli jihati Qur’oni karim g’oyalari ijtimoiy munosabatlarning kishilar o’rtasidagi o’zaro tenglik, birodarlik, hamjihatlilikka asoslanishi, har bir insonning ma’naviy-axloqiy kamolotga intilishi borasidagi g’oyani targ’ib qiladi. Ijtimoiy hayotning qaysi sohasiga taalluqli bo’lmasin kishilarni o’zaro tinch-totuv yashashga, ezgu amallarni bajarishga da’vat etadi. Shu nuqtai nazardan asar katta ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy qiymatga ega. Qur’oni karimda e’tirof etilishiga ko’ra, inson – eng oliy qadriyat sanaladi. Binobarin, Er yuzidagi jamiki tirik mavjudotlar orqasida faqat insongina ong va so’zlasha olish qobiliyati (nutq)ga ega va u o’zining har bir xatti-harakatini ongli ravishda tashkil etish, nazorat qilish, boshqarish, tahlil qilish, baholash hamda to’g’rilay oladi. Insonning ana shunday qobiliyatlarni o’zlashtira olishida Qur’oni karim g’oyalari ham asos vazifasini bajaradi.
Yuqorida aytib o’tilganidek, Qur’oni karimda jamiyat hayotining barcha sohalariga oid g’oyalar bilan birga nikohning muqaddasligi, oilaning har bir inson uchun qadrli maskan ekanligi hamda oilaviy munosabatlarning shaxs kamolotidagi o’rni borasidagi qarashlari alohida o’rin tutadi.
Islom dinining muqaddas manbai bo’lgan – Qur’oni karim g’oyalarini o’rganish asosida ularning “Oila pedagogikasi” fani mazmunini boyitishdagi imkoniyati katta ekanligiga guvoh bo’linadi. Manbada ilgari surilgan quyidagi g’oyalar bu o’rinda g’oyat samarali va ahamiyatlidir:

  • nikoh qurish va uni bekor qilish tartibi (Qur’oni karimda nikohning muqaddasligi, har qanday sharoitda ham uni imkon qadar saqlab qolish zarurligi aytiladi);

  • oilaviy munosabatlarni to’g’ri, samarali yo’lga qo’yish shartlari;

  • ota-onalar va farzandlar, oilaning boshqa a’zolari ega bo’lgan huquq va majburiyatlar;

  • oila a’zolarining bir-birlariga bo’lgan munosabatlarida etakchi o’rin tutadigan g’oyalar;

  • farzandlar tarbiyasini muvaffaqiyatli tashkil etishga nisbatan yondashuv mazmuni;

  • oilaviy munosabatlarda yuzaga keladigan ziddiyatlar, ularning oldini olish va bartaraf etish yo’llari;

  • oila xo’jaligini oqilona yuritish va oila a’zolari o’rtasidagi mehnat taqsimoti;

  • oila sharoitida mulkiy munosabatlarni tashkil etish shakllari;

  • oila a’zolari o’rtasidagi mulkni taqsimlash tamoyillari va b.

Nikoh va oilaning ijtimoiy ahamiyati Qur’oni karim “Rum” surasining 21-oyatida shunday ifodalanadi: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o’zlaringizdan juftlar yaratgani va o’rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir”29.
Qur’oni karimda “Niso” surasining 34-oyatida oilani shakllantirish, uning mavjudligini ta’minlash, muhofaza qilishda erkak kishining zimmasiga katta majburiyat yuklatilishiga alohida urg’u beriladi: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig’i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o’z oilasiga) o’z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir”30. Shuningdek, oila boshlig’i sifatida erkak kishi zimmasidagi muayyan vazifalarni hal etish bilan birga o’z ayoli oldida ham ijtimoiy, jismoniy va moliyaviy jihatdan burchli ekanligi ta’kidlab o’tiladi: “...Ular bilan totuv turmush kechiringiz...”31.
Er yuzidagi barcha jonzotlar, shu jumladan, insonlar ham tabiiy instinktga ko’ra juft-juft bo’lib yashaydi. Ikki jins vakili o’rtasidagi kelishuvga asoslanib quriladigan oila insoniyat tarixining barcha davrlarida ham sharafli yumush hisoblanadi. Oila qurishdan asosiy maqsad sulolaning mavjudligini ta’minlash, umumiy holda insoniyat, juz’iy yondashuvga ko’ra esa millat (elat, qabila, urug’) hayotini davom ettirishdir. Bu haqida muqaddas manba “Nahl” surasining 72-oyatida shunday deyiladi: “Alloh sizlar uchun o’zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o’g’illar va nabiralar paydo qildi va Sizlarni pok narsalardan rizqlantirdi”32.
Oila qurish muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Nikohga kirishish va oila qurish orqali har bir balog’atga etgan yigit va qiz zimmasidagi ana shu muhim ijtimoiy vazifani ado etadi. Bu xususida Rasululloh (s.a.v.) har bir oila qurish layoqatiga ega yigitlarga shunday murojaat qilganlar: “Ey, yoshlar jamoasi! Sizlardan uylanishga qodirlari uylansin, chunki uylanish ko’zni va a’zoni haromdan saqlaydi. Uylana olmaganlar ro’za tutsin, chunki ro’za uning uchun bichilishdir”33. Boshqa bir hadisda esa uylanish nafaqat Islom ta’limoti nuqtai nazardan, balki boshqa dinlar g’oyalariga ko’ra ham sunnat (hadislarda targ’ib etilib, ibodat, muomala hamda ijtimoiy munosabatlarda qo’llaniladigan amal) sanaladi: “To’rtta yaxshi ish bor, ular payg’ambarlar sunnatidan sanaladi: hayo, xushbo’ylik, misvok tutish va uylanishdir”34.
Oila – insoniyat mavjudligini ta’minlovchi muhim omil sifatida baholanadi. Qur’oni karim “Ra’d” surasining 38-oyatida oilalarni yaratish uchun har bir voyaga etgan hamda oila qurish layoqatiga ega shaxs, hatto payg’ambarlarning ham insoniy burchi ekanligi uqtiriladi: “Darhaqiqat, Sizdan ilgari ham (ko’p) payg’ambarlar yuborganmiz va ularga xotinlar va zurriyotlar berganmiz”35.
Qur’oni karim “Niso” surasining 19-oyatida ijtimoiy munosabatlarning samimiy, sog’lom, o’zaro yordam, hamjihatlik, totuvlikka asoslanishi er va xotinning bir-birlariga bo’lgan mehru muhabbati, bir-birlarini qo’llab-quvvatlashlari, hayotiy qiyin vaziyatlarda bir-birlariga taskin berishlari, baxtli, saodatli vaqtlarda esa bir-birlarining quvonchlariiga sherik bo’lishlari, bir-birlarini ayb va kamchiliklari uchun kechirishlari hisobigagina ta’minlanishi aytiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlarga xotinlarni majburiy ravishda meros qilib olish halol emasdir. Yana, ularga bergan mahrlaringizning bir qismini qaytarib olib ketish niyatida xotinlaringizga tazyiq qilmangiz! Agar ular aniq buzuqlik qilsalar (bu mustasnodir). Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko’rsalaringiz, (bilib qo’yingki,) balkim sizlar yomon ko’rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko’pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin”36.
Ushbu g’oya Rasululloh (s.a.v.) hadislarida yanada rivojlantirilib, oiladagi tinchlik, totuvlikni ta’minlovchi, farzandlarning etuk shaxs bo’lib voyaga etishlarini kafolatlovchi shartlardan biri – bu oila boshlig’i bo’lgan erkaklarning o’z ayollariga nisbatan yaxshi munosabatda bo’lishi ekanligiga urg’u berib o’tiladi. Abu Hurayradan rivoyat qilingan quyidagi hadisda bu xususida shunday deyilgan: “Sizlarning ichingizdagi yaxshi erkak o’z ahli ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo’lganidir. Men esa o’z ahlimga sizlardan ko’ra yaxshiroq munosabatdaman”37. Shu bilan birga erkaklar oilaviy hayot, oilaviy munosabatlar muvozanatining barqaror bo’lishiga ham mas’ul ekanliklari aytiladi: “Hech bir mo’min hech qaysi mo’mina ayolini yomon ko’rmasin! Agar uning xulq atvoridan birini yoqtirmasa, boshqa xulqini yoqtirishi mumkin”38.
Ayni o’rinda shuni ham alohida qayd etib o’tish joizki, Islom ta’limoti o’zida insonparvarlik g’oyalarini aks ettiradi. Buning isbotini birgina ayollarga bo’lgan munosabatda ham ko’rish mumkin. Islomgacha bo’lgan insoniyat tarixidan ma’lumki, ayollar matriarxal (urug’chilik jamiyatining ona hukmronligi davri)ni istisno qilganda boshqa bosqichlarda ayol kishiga nisbatan past nazar bilan qaralgan. U bir buyum sifatida e’tirof qilingan va ayolga bir buyumga qilganidek munosabatda bo’lingan. Islom ta’limotida esa ayollar ham muayyan haq-huquqlarga egaligi ko’rsatib o’tilgan. Xususan, oila muhitida erkaklarning zimmalarida xotinlarning ham haqlari borligi aytiladi. Bu o’rinda misol sifatida quyidagi hadisni keltirib o’tish joiz. Abu Dovuddan rivoyat qilingan ushbu hadis mazmuniga ko’ra sahobalar Rasululloh (s.a.v.)dan: “Zimmamizda xotinlarimizning qanday haqlari bor?” – deb so’rashganda Ular: – Eganingizda uni ham edirmog’ingiz, kiyganingizda kiydirmog’ingiz, yuziga urmaslik, yomon so’zlar bilan haqorat qilmaslik, faqat xonadan chiqmagan holda o’rinni boshqa qilib yotmoqlik”, – dedilar”39.
Boshqa bir hadisda esa shunday g’oya yoritiladi: “Ayollar haqida Allohdan qo’rqinglar, darhaqiqat, ular sizning yordamchilaringiz bo’lib, sizlarning ulardagi haqqingiz shundan iboratki, sizning uyingizga siz yoqtirmagan birorta kimsa bostirib kirishiga yo’l qo’ymaslik. Bordi-yu, shunday qilsalar ularni jarohat etkazmaydigan qilib urishib qo’yingiz! O’z navbatida sizlar ham ularni yaxshilik bilan edirib, kiydiringiz”40.
Erkaklar tabiatan ayollardan fiziologik va jismoniy imkoniyatlariga ko’ra ustun qilib yaratilgan. Hadislarining birida oilaning moddiy ta’minotini yaratish, uni oqilona sarflash, o’z qaramog’idagilar – ayoli, farzandlari, ota-onasi va uning vasiyligidagi shaxslarni moddiy jihatdan ta’minlash uchun ham mas’ul ekanliklari, ularni bu omildan mahrum etish gunoh ekanligi alohida qayd etilib o’tilgan: “Kishi o’z qaramog’idagilarini nafaqasiz tashlab qo’yishi uning qattiq gunohkorligiga kifoya qiladi”41.
Rasululloh (s.a.v.) hadislarida jamiki yaxshiliklarning eng afzali – oilaga, uning a’zolariga qilingan yaxshilik ekanligiga alohida urg’u berib o’tilgan. Bu xususida Tabaroniydan rivoyat qilingan ushbu hadisda shunday deyiladi: “Yaxshilik qilishni, mehr-shafqat va mehribonlikni oilangdan boshla!”42.
Qur’oni karim hamda Rasululloh (s.a.v.) hadislarida oilaviy munosabatlarni tashkil etishning huquqiy asoslari borasida ham so’z boradi. Xususan, oila tarbiyasida o’ziga xos ahamiyatga ega masala – ota-onalar va farzandlar o’rtasidagi munosabat mohiyati, jumladan, ularning bir-birlari oldilaridagi haqlari aniq ko’rsatilgan. Ota-onaning o’z farzandlari oldidagi haqlarini uzishlari qanchalik muhim bo’lsa, farzandlarning o’z ota-onasiga ko’rsatadigan mehribonligi, rahm-shafqati ham shunchalik ahamiyatga ega. Muqaddas manbalarda farzandlarning ota-onar oldidagi haqlarining quyidagilardan iboratligi qayd etilgan:
- farzandga ota-ona xatti-harakatlarining malol kelmasligi;

  • ota-onaga ularning dillariga og’ir botadigan so’z aytmaslik;

  • ota-onaga ehtirom bajo keltirish;

  • otan-onaga rahm-shafqat ko’rsatish;

  • ota-onaning haqlariga duo qilish.

Qur’on karimda insonga xos eng yuksak axloqiy fazilat sifatida sabr-qanoat ulug’lanadi. Buning isbotini sifatning Qur’on karimda eng ko’p tilga olinishida ham ko’rish mumkin. Muqaddas manbada qayd etilganidek, sabr-qanoatlilik, sabotlilik qiyinchiliklarga, musibatlarga bardosh berish, yomon kishilar tomonidan etkazgan nohaqliklarga chidash deganidir. Shu blan birga Qur’oni karimda muayyan xislatlar sabrning, ya’ni ba’zi holatlarga nisbatan shaxs munosabatining darajasini belgilovchi mezon sifatida e’tirof etiladi. Jumladan, qiyinchiliklarga nisbatan shijoat, shahvoniy hirsga nisbatan iffat, jahlga nisbatan esa halimlik sabrning eng muhim mezonlar sanaladi.
Rasululloh (s.a.v.) hadislarida insonning kamolotini ta’minlovchi insoniy fazilatlar qayd etilgan. Bunday fazilatlar sirasiga o’zgalarga mehr-oqibat ko’rsatish, saxiylik, ochiq ko’ngillik, ota-ona, kattalar va qarindoshlarga nisbatan muruvvatli bo’lish, ularga g’amxo’rlik qilish, vatanga muhabbat, mehnat va kasb-hunarni ulug’lash, halollik, poklik, do’stlik, oliyjanoblik, rahm-shafqatlilik, kamtarlik, rostgo’ylik va vijdonlilik kabilar kiritilgan.
Hadislarda komil inson qiyofasida namoyon bo’luvchi ijobiy xislatlar ulug’lansa, aksincha, isrofgarchilik, ta’magirlik, ochko’zlik, nafs, shahvoniy hislarga berilish, baxillik, johillik kabi illatlar qoralanadi.



Yüklə 1,13 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   97




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin