4. Adovatli oilalar. Farzandlar uchun oila – ular yoqtirmaydigan maskan. Ota-onalar o’z farzandlariga ishonmaydi, ularga nisbatan ishonchsizlik bildiriladi. Bolalar tez-tez jismonan jazolanadi. Farzandlar bir-birlari bilan ahil emas, shu bilan birga ota-onalariga yomon munosabatda bo’lishadi. Oilada farzandlar o’zaro hamda tengdoshlari bilan hamjihat bo’la olishmaydi. Ta’lim muassasasiga nisbatan salbiy munosabat shakllangan. Qolaversa, farzandlarning ba’zan oiladan qochib ketish holatlari ham kuzatiladi. Oila a’zolari o’rtasidagi munosabatlar shunday mexanizmga asoslangan: farzandlarning xulq-atvori, hayotiy qarashlari oilada ziddiyatlarning kelib chiqishiga sabab bo’ladi, munosabatlar jarayonida hamisha ota-onalar haq bo’ladi. Buning sababi – ota-onalarning hayotiy tajribaga egaliklari, yosh xususiyatlariga ko’ra farzandlar tomonidan ota-onalarning oila rivojidagi o’rni, rolining to’g’ri baholay olinmasligi hisoblanadi. Ota-onalar ko’p holatlarda farzandlarning hulq-atvoridan asosli ravishda xafa bo’lishadi. Biroq, aynan shu holat, bir tomondan, farzandlarning o’qishlariga ziyon etkazsa, ikkinchi tomondan, ularning amoral xulq-atvorga ega bo’lishlariga sabab bo’ladi. Ushbu vaziyatlardan chiqish uchun ota-onalar farzandlarining xulq-atvor motivlarini etarli darajada anglashga urinishlari, ular tomonidan ko’rsatilayotgan vaj (bahona) va dalillariga alohida e’tibor qaratishlari talab etiladi.
5. Antisotsial oilalar. Bu turdagi oilaning farzandlari uchun oila – bolalar uchun ularni kutmaydigan, sevmaydigan kishilar istiqomat qiluvchi boshpana sanaladi. Ota-onalar amoral hayot tarzini o’zlashtirib olishgan. Ular o’zaro ziddiyatlarga borishadi, o’zaro munosabatlarda bir-birlariga hamda bolalarga po’pisa qilishadi, spirtli ichimliklar iste’mol qilishadi. Mazkur oilalar tomonidan bolalarga ko’rsatiladigan har qanday ta’sir salbiy xususiyatga ega. Bunday oilalarda yashayotgan bolalar ko’p holatlarda davlat qaramog’iga olinadi56.
Ijtimoiy pedagogika sohasida uzoq yillar davomida bir qator tadqiqotlar olib borgan M.A.Galaguzova ijtimoiy holati nuqtai nazardan oilalarning quyidagi turlarini ajratib ko’rsatish taklifini ilgari surgan (8-rasm):
Quyida M.A.Galaguzova tomonidan kuo’rsatilgan oilalar turlariga xos xususiyatlar yuzasidan so’z yuritiladi.