Amaliy topshiriqlar: Oilada tashkil etiladigan tarbiya yo’nalishlarini aks ettiruvchi tasvirni yarating.
Kichik guruhlarda oilada tashkil etiladigan tarbiya yo’nalishlarining mohiyatini aks ettiruvchi “Kichik esse”ni yarating.
Amaliy topshiriqlarni bajarish yuzasidan uslubiy ko’rsatmalar: 1. Talabalar oilada tashkil etiladigan tarbiya yo’nalishlarini aks ettiruvchi tasvirni shakllantirishda ikki guruhda ishlaydilar. Har ikki guruh tomonidan yaratilgan tasvir muhokama qilinishi, ular orasidan oilada tashkil etiladigan tarbiya yo’nalishlarini to’liq aks ettira olgan tasvir tanlanadi. 2. Kichik guruhlarda oilada tashkil etiladigan tarbiya yo’nalishlarining mohiyatini aks ettiruvchi “Kichik esse”ni yaratishda talabalar kichik guruhlarda ishlaydilar. Har bir kichik guruhga alohida-alohida topshiriq beriladi. M: kichik guruhlarga beriladigan topshiriqlar quyidagicha bo’lishi mumkin:
1. Oila tarbiyasini tashkil etishda qo’llaniladigan asosiy metodlar.
2. Ijobiy xarakterga ega ayrim metodlarning mohiyati.
3. Salbiy xarakterga ega ayrim metodlarning mohiyati.
4. Talab va uning tarbiyaviy ta’sirchanligi.
Oila tarbiyasini tashkil etishda qo’llaniladigan asosiy metodlar. Oila tarbiyasini tashkil etishda qo’llaniladigan metodlar asrlar davomida shakllanib, takomillashib borgan. Ular bevosita ajdodlardan avlodlarga hayotiy faoliyat jarayonida vorisiylik tamoyiliga muvofiq uzatilib kelingan. Shu bilan birga ular avlodlar tomonidan to’plangan hayotiy tajribalar asosida boyitib borilgan. Oila tarbiyasini tashkil etishda samarali bo’lgan metodlar ijtimoiy munosabatlarining yo’nalishi, mazmuni va asosiy g’oyasiga muvofiq tanlab olinadi hamda pedagogik ta’sir ko’rsatish maqsadida foydalanadi.