Guliston davlat universiteti pedagogika va psixologiya kafedrasi oila pedagogikasi


Oilada milliy tarbiya vositalaridan foydalanish



Yüklə 1,13 Mb.
səhifə66/97
tarix01.02.2023
ölçüsü1,13 Mb.
#82247
1   ...   62   63   64   65   66   67   68   69   ...   97
portal.guldu.uz-OILA PEDAGOGIKASI

Oilada milliy tarbiya vositalaridan foydalanish. Oila sharoitida tarbiya jarayonining samarali kechishida ota-onalarning ta’sirchan pedagogik vositalardan foydalana olishlari ham muhim ahamiyatga ega. Muammoni nazariy va amaliy jihatdan tahlil etish natijasida oilada tarbiyani amalga oshirishda quyidagi tarbiyaviy vositalardan foydalanish maqsadga muvofiq ekanligiga ishonch hosil qilindi:
1) xalq pedagogikasi g’oyalari;
2) xalq og’zaki ijodi namunalari (ertaklar, topishmoqlar, maqollar, afsonalar, dostonlar, xalq qo’shiqlari, pand-nasihatlar, o’gitlar);
3) milliy axloq-odob, urf-odat, udum, qadriyatlar, bayram va marosimlar;
4) mutafakkirlarning o’git va pandlari, taniqli kishilarning hayoti va faoliyatiga oid ibratli misollar;
4) oilaviy an’analar, udumlar (oila a’zolari uchun ahamiyatli
bo’lgan sanalarni nishonlash, o’tganlarni yod etish va h.k.);
5) sulola uchun qadrli bo’lgan moddiy ashyolar (yodgorliklar, kitoblar,
sulola vakillarining kasb-koriga dahldor bo’lgan buyumlar, binolar, inshootlar (jumladan, tegirmon, ustaxona) va b.);
6) sulola haqida ma’lumot beruvchi shajara;
7) sulola vakillarining kasb-korlariga oid hayotiy lavhalar, xotiralar;
8) keksa avlod vakillari, ota-onalar hamda katta
yoshli oila a’zolarining shaxsiy namunasi;
9) oila va oila tarbiyasiga oid ilmiy, ilmiy-ommabop va ommabop asarlar;
10) vaqtli matbuot materiallari va h.k.
Ezgu g’oyalarni targ’ib etuvchi hikoya bolaning ma’naviy kamolotini ta’minlashda muhim o’rin tutadi. Shu bois har bir oilaning kitob javonida ertaklar to’plamining bo’lishi maqsadga muvofiqdir. Keyingi vaqtlarda O’zbekistondagi nashriyotlardan ko’pgina qiziqarli, ezgu g’oyalarni targ’ib etuvchi to’plamlar chop etildi. Yosh bolalarga hikoya qilinadigan ertaklar mazmunan qisqartirilishi, bayon uslubining o’zgartirilishi, ertakning tushunarli hikoya qilinishi ularning tarbiyaviy ta’sirchanligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ertakni tanlay bilish katta ahamiyatga ega. Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarga devu-parilar, shayton, yalmog’iz kampir, alvasti, ajina, suv parisi va shu kabi obrazlar mavjud bo’lgan ertaklarni aytmaslik kerak. Bunday ertaklarni katta yoshdagi bolalarga tavsiya qilish mumkin, negaki, ular bu vaqtda muayyan darajada tafakkurga ega bo’lib, ular ustidan ezgulikning, ijobiy qahramonlarning g’olib kelishlariga ishonishadi. Qolaversa, ular ertakdagi turli devu parilar, yalmog’iz kampir va boshqa salbiy obrazlar ertaklarga atayin kiritilgan obrazlar ekanligini, ular vositasida insonlarga yomonlikni tilovchi yot g’oyalar ifodalanganligini tushunib etadilar. Kichik yoshdagi bolalar esa devu parilar va boshqa shu kabi obrazlarni haqiqatan mavjud deb qabul qilishlari mumkin, buning natijasida bolada vahima uyg’onadi, kechalari yaxshi uxlay olmay, bosinqirab chiqishadi.
Yosh bolalar uchun eng ma’qul ertaklar – bu hayvonlar va ularning hayoti. Faoliyati, xatti-harakatlariga oid ertaklar sanaladi. O’zbek xalq ertaklari xazinasida bunday ertaklar juda ko’p va ular juda ta’sirchan ertaklardir. Xuddi shuningdek, O’zbekistonda istiqomat qiluvchi boshqa xalqlar ham tarbiyaviy ahamiyatga ega ertaklarga boy sanaladi.
Bola voyaga etib borishi bilan kishilarning bir-birlariga bo’lgan munosabatlarining ertaklarga ko’chganligini anglay boradi. Shu sababli ular orasidan tarbiyaviy ahamiyatga egalarini tanlay olish maqsadga muvofiqdir. Jumladan, Nasriddin Afandi haqida ko’plab qiziq latifalar mavud bo’lsa-da, biroq, ular orasidan kishini o’ta ahmoq qilib ko’rsatmaydigan latifalarnigina tanlagan holda oila tarbiyasida ulardan foydalanish talab etiladi. Kichik va o’rta yoshli bolalarga ezgu niyatli qahramonlar yoki bolalar halok bo’ladigan qayg’uli ertaklarni hikoya qilish to’g’ri emas. Aksincha, bolalarni harakatga undaydigan, faollikka da’vat etadigan, o’z kuchiga ishonchi ortadigan, hayotga ishonch bilan qarashga o’rgatadigan ertaklarni hikoya qilib berish maqsadga muvofiq sanaladi. Yordamga muhtojlarga ko’mak berishni targ’ib etuvchi ertaklar bolalarda ularni notavon va ojiz kishilar ekan, degan tasavvurning hosil qilishiga olib ketmasligiga e’tibor qaratish lozim. Zulm va zo’ravonlikning ayanchli oqibatlarini tasvirlovchi ertak, qissa va dostonlarni faqatgina katta yoshdagi bolalar bilan birga o’qish va tinglash pedagogik jihatdan to’g’ri yo’l hisoblanadi.
Bolalarning xayollarini boyitish va ularni maishiy hayot, ijtimoiy munosabatlar bilan yaqinroq tanishtirish uchun turli surat va tasvirlardan foydalanish ham alohida ahamiyatga ega. Bunda faqat bolalar jurnallaridan olingan rasmlardan foydalanibgina qolmay, balki ixtiyoriy rasm, gravyura yoki fotosuratlarning ko’chirmalaridan foydalanish mumkin. Asosiy e’tibor ularning mazmunan bolalarning yoshi, xususiyatlariga mos bo’lishiga qaratish kerak, xolos. Odatda bolalar bunday rasmlarni tomosha qilayotganlarida nihoyatda ko’p savollar beradilar, tafsilotlarini, sabablarini bilib olishga qiziqadilar. Savollarga hamma vaqt bola uchun tushunarli qilib javob bermoq kerak. Bordi-yu, javob berish mushkul bo’lgan savol berilsa, u holda: “Sen hali tushunmaysan, katta bo’lganingdan keyin bilib olasan”, – deyish lozim. Bu kabi javoblarning hech qanday ziyoni yo’q, hatto bu javoblar bolalarni berilgan savolga imkon darajasida javob berishga odatlantiradi. Kerakli rasmlarni “Funcha” hamda “Gulxan” kabi boshqa jurnallardan topish mumkin.
Bolalar uchun kitob sotib olishda yirik harflar bilan chop etilgan, rasmlari ko’p, mazmuni tushunarli bayon etilganlarini tanlash zarur. Bunday kitoblar bolalarda o’qishga bo’lgan qiziqishni uyg’otadi, shuningdek, savod chiqarish yo’lidagi muayyan qiyinchiliklarni engishga yordam beradi.
Savod o’rgatishdan bolalik hayotining ikkinchi davri – o’qish va bilim orttirishga bag’ishlangan davri boshlanadi. Bu davrda bola hayotida maktab eng muhim o’rin oladi, ammo bundan aslo, ota-onalar o’z bolalarini tarbiyalash vazifasini unutib, faqat maktabgagina tayanishlari mumkin, degan xulosaga kelish yaramaydi. Aksincha, ota-onalar tomonidan oilada tashkil etiladigan madaniy-ma’rifiy ishlari, barcha a’zolarning madaniy muomalasi bolaning maktabdagi o’qishi uchun, o’qishining sifati uchun, ota-onalari, o’rtoqlari va maktab jamoasi bilan ijobiy munosabatda bo’lishi uchun katta ahamiyatga ega. Gazeta, kitob, televidenie va ma’naviy tarbiyaning qolgan boshqa vositalari xuddi ana shu darajada juda ham katta ahamiyat kasb etadi.
Quyida ana shu vositalarning har biri va ularning tarbiyaviy imkoniyatlari xususida batafsil so’z yuritiladi.
Bolaning savodi chiqqach, gazetaning uning hayotida mustahkam o’rin olishiga erishish kerak. Ota-onalar bolalarga mo’ljallangan gazetalardan biriga obuna bo’lishi kerak. Ushbu gazetani ular bolaga eshittirmasdan o’qimasliklari, har birlari alohida gazeta bilan tanishib chiqmasliklari lozim. Har bir gazetada bolalarga maxsus o’qib berish uchun mo’ljallanmagan bo’lsa-da, har holda ularning oldilarida ovoz chiqarib o’qish va fikr almashish mumkin bo’lgan material topiladi, albatta. Agar gazetadan o’qigan material bolalar uchun mo’ljallanmagan bo’lsa, yanada yaxshi. Bola baribir quloq soladi, agarda ota-onalar o’zlarini xotirjam tutishsa, u shu qadar diqqat bilan quloq soladi. Xalqaro ahvol, mustaqillik bayrami, mamlakat chegarasidagi voqealar, fidoiy fuqarolar tomonidan ko’rsatilgan qahramonliklar, shaharlarning qurilishi va bezatilishi, ijtimoiy hayotga oid yangi tartib-qoida va qonunlar bolalarning dunyoqarashini boyitish bilan birga ularni shaxslararo munosabatlarga samarali tayyorlashga yordam beradi.
Bolalar voyaga etgan sari, ayniqsa, ularning o’zlari o’qishni o’rgangan vaqtidan boshlab, gazetaning ular hayotidagi ahamiyatini tobora oshirishga erishish lozim. Albatta, agar iloji bo’lsa oildagi har bir farzandning yosh xususiyatlarini inobatga olgan holda ular uchun gazeta va jurnallariga obuna bo’lish yanada afzal hisoblanadi. Biron sababga ko’ra buning iloji bo’lmasa, ushbu holat unchalik ziyon keltirmaydi. Chunki gazetalarning bayon uslubi har bir kishi uchun tushunarli, shu sababli ularda bola uchun ham biron-bir qiziq materialni hamma vaqt topish mumkin. Ota-onalar shunga e’tibor berishlari kerak, gazetani bolalarning o’zlari ham o’qishsin. Imkon qadar gazetaning har bir bola uchun hayotiy zaruratga aylantirish maqsadga muvofiq.
Biroq, ayni o’rinda shuni ham unutmaslik kerakki, har bir bola tomonidan o’qilgan material oila davrasida muhokama qilib borilishi yoki hech bo’lmaganda bu to’g’rida suhbat uyushtirilishi zarur. Muhokama jarayonida ota-onalar unutmasliklari kerakki, suhbatlar rasmiyatchilikka aylantirib yuborilmasin. Shuningdek, suhbatlar uchun alohida soat ajratib o’tirmaslik hamda unga ko’p vaqt sarf qilmaslik lozim. Odatda oila davrasidagi suhbatlarning maxsus saboq berishga asoslanishi, ezmalik qilish, buyruq, talab ohangida so’zlash bolalar tomonidan o’qilgan materialning tarbiyaviy ta’sirchanligini kamaytiradi. Shu bois o’qilgan materialni muhokama qilish erkin suhbat bo’lishi, munozaraning samimiylik kasb etishiga diqqat qaratilishi kerak. Agarda, bu kabi suhbatlar biron-bir uy yumushi bilan bog’liq ravishda yoki oila a’zolaridan birov aytgan fikr bahonasida “bexosdan boshlanib ketguday” bo’lsa, u yanada samarali uyushtiriladi. Bordi-yu, suhbatlarni boshlash uchun yaxshi bahonalar topilmasa, u holda ota-onalar o’z farzandlarigna “Xo’sh, bugun gazetada qanday qiziq xabar chop etilgan ekan?”, deya murojaat qilishlari mumkin.
Katta yoshdagi bolalar uchun gazeta madaniylikning, kichik yoshdagi o’g’il yoki qiz bolalar uchun esa ijtimoiy va tabiiy borliq mohiyatini anglashga imkon beruvchi vosita bo’lib qolishi zarur.
Oila muhitida farzandlarni kitob bilan tanishtirish ham ota-ona, yoshi kattalar tomonidan ovoz chiqarib o’qishdan boshlanishi kerak. Farzandlarning savodi chiqqandan keyin ham iloji boricha ota-ona va katta yoshli oila a’zolarining ovoz chiqarib kitob o’qishlari oila tarbiyasining eng samarali usuliga aylanishi zarur. Shunga erishish zarurki, kitoblar mutolaasi kunlari bolalar uchun bayram kabi kun bo’lib qolsin. Bunga erisha olish ota-onalarning eng katta yutug’i bo’lgan bo’lardi. Asta-sekin avvallari ota-onalar tomonidan asarlarning o’qib berilishi o’rnini keyinchalik farzandlarning o’zlariga topshirish kerak. Jarayonning samarali bo’lishi quyidagicha yo’l tutilishiga bog’liq:

  1. ota-ona tomonidan asarlarni maxsus o’qib berishda

dastlab bolaning tinglovchi bo’lishga o’rgatish;

  1. asta-sekin asarlarning ota-ona yoki yoshi katta oila a’zolarining

bolalar bilan birgalikda, o’zaro hamkorlikda (muayyan
sahifalarni navbatma-navbat) o’qishga erishish;

  1. o’qilgan asarni oila davrasida jamoa bo’lib muhokama qilish;

  2. asar yuzasidan o’zaro fikr almashishga erishish.

Oila davrasida farzandlarning badiiy asarlarni mutolaa qilishga bo’lgan qiziqishini jamoa asosda rivojlantirish hamda ularda o’qilgan asarga tanqidiy yondashish, bayon etilgan voqelikdan xulosa chiqarish, qahramonlarning ijobiy fazilatlarini o’zlashtirishga intilish ko’nikmasini tarbiyalash maqsadga muvofiqdir.
Ota-ona va oilaning katta yoshli a’zolari o’zlari namuna ko’rsatish orqali bolalarda sekin-asta ularning o’zlari mustaqil ravishda ishtiyoq bilan badiiy asarlarni o’qishga bo’lgan qiziqishlarini oshirishga e’tibor qaratishlari oila tarbiyasida yuksak samaradorlikka erishishni kafolatlaydi. Bolalarning, ayniqsa, katta yoshdagi bolalarning badiiy asarlarni mustaqil o’qishlari maktab ta’limi jarayonida yana mustahkamlanadi. Ammo ota-onalar shu unutmasliklari kerakki, agarda bolalarning badiiy kitoblarni mutolaa qilishlariga oila sharoitida e’tibor qaratilmas, bolalarda bu boradagi dastlabki ko’nikmalar shakllantirilmas ekan, ta’lim muassasalari bu borada hech bir natijaga erisha olmaydi.
Ayni o’rinda ota-onalarning e’tiborlariga farzandlarni oila sharoitida kitob, xususan, badiiy asarlarni mutolaa qilishga o’rgatish yuzasidan quyidagi tavsiyalarni havola etish maqsadga muvofiqdir:
a) ota-onalar bolalar tomonidan badiiy asarlar va maxsus adabiyotlarni tanlashni nazorat qilib borishlari kerak, zero, bolalarning yosh va psixologik xususiyatlari, dunyoqarashi, bilim darajasiga mos bo’lmagan adabiyotlar, asarlarni mutolaa qilishlari ularda noto’g’ri tasavvurlarni hosil qiladi, qolaversa, vaqtlarining behuda sarflanishiga olib keladi.
b) oilaning katta yoshli a’zolari, xususan, ota-onalar bolalarning badiiy asarlar, maxsus adabiyotlarni qanday o’qishlaridan xabardor bo’lishlari lozim; ular bolalarni kitoblarni o’qishda ularning mazmuniga e’tibor bermay, sahifama-sahifa tez-tez o’qishdan, qiziqarli voqealarni yuzaki kuzatib borishdan saqlanishga o’rgatib borishlari kerak;
v) ota-onalar va oilaning katta yoshli a’zolari bolalarni kitoblarni ehtiyot qilib tutishga odatlantira olishlari zarur.
Bolalar kitobxonligi masalalarini o’rganish natijalarining ko’rsatishicha, ota-onalar kitob tanlashga ko’pincha yaxshi e’tibor bermaydilar. Bundan tashqari, bolalar uchun lotin alifbosida yozilgan kitoblar hali kam. Har holda, kitobga doir hamma masalalar yuzasidan ota-ona yoki kutubxonachidan maslahat olish mumkin va hech kim bunday maslahat berishdan bosh tortmaydi.
Televidenie va radio, ular orqali namoyish etiladigan kino, video filmlar, teatr spektakllari, dam olish dasturlari nafaqat bolalarni, balki kattalarni ham tarbiyalovchi ta’sirchan vositalardir. Biroq, zamonaviy sharoitda suratga olinayotgan kino, video filmlar, teleseriallar, sahnalashtirilayotgan teatr tomoshalarini ham birdek tarbiyaviy ahamiyatga ega deb bo’lmaydi. Aksariyat kino, video filmlar, teleseriallar esa o’zbek xalqiga xos milliy mentalitetga zid g’oya, qarashlar bilan boyitilgan, ayrimlari esa “ommaviy madaniyat” ko’rinishlarini targ’ib qilishga mo’ljallangan bo’lib, ular bolalar ongida salbiy fikr, xulqida esa axloqsiz sifatlarning shakllanishiga zamin yaratadi.
Shu sababli ota-onalar kino, video filmlar, teleseriallarning davlat kinostudiyalarida yaratilganligi yoki davlat buyurtmasi bilan tayyorlanganligiga e’tibor qaratishlari zarur. Binobarin, bu kabi san’at mahsulotlarigina o’zida milliy g’oya va mafkura tamoyillarini targ’ib etish bilan birga, milliy qadriyatlarni targ’ib etishga xizmat qiladi. Ularni tomosha qilgan bolalar o’zlari uchun zarur bo’lgan “ma’naviy ozuqa”ga ega bo’ladilar.
Mustaqillik yillarida yaratilgan kino, video filmlar, teleseriallarning deyarli barchasi badiiy jihatdan yuksak bo’lib, ulardan oila tarbiyasini tashkil etishda foydalanish kutilgan natijalarni kafolatlaydi. Shunga qaramay, ota-onalar bolalarni kino-teatrlarga olib borishdan butunlay voz kechmasliklari, ularni nazoratsiz qolishlariga yo’l qo’ymasliklari kerak.
Ota-onalar, avvalo, bolalarning kinofilmga bo’lgan munosabatlariga e’tibor qaratishlari kerak. Ba’zan shunday hollar bo’ladiki, bolaning fikri-yodi kinoda bo’lib qoladi. Namoyish etiladigan kino, video film yoki teleserailni deb bolalar boshqa vazifalarni, jumladan, dars tayyorlashni ham unutib qo’yadilar. Birorta ham filmni qoldirmay ko’radilar, vaqtlarini asosiy qismini televizor qarshisida o’tkazadilar.
Televizorni ko’p ko’rish bir talay zararli oqibatlarga olib keladi. Masalan:
1) doimiy kam harakatlilik tana vaznining oshishini ta’minlaydi;
2) ko’rish gigienasiga rioya qilmaslik ko’zni toliqtiradi;
3) bolalarning miyasi muhim-nomuhim, kerak-nokerak axborotlarni qamrab oladi, buning oqibatida miya toliqib, bosh og’rig’i yuzaga keladi;
4) televizorni doimiy tomosha qilish bolalarda ishtiyoqsizlikni yuzaga keltiradi, natijada ular asta-sekin har bir filmni zavqsiz tomosha qilishga odatlanishadi; bora-bora bolalar kartinani shunchaki kuzatib o’tirishga o’rganadilar; bu esa bolalarni fikrlashga undamaydi; filmga nisbatan hech bir savol yuzaga kelmaydi. Bu tariqa film ko’rishning foydasi juda kam bo’ladi, ba’zan esa katta zarar ham keltiradi. Shu sababli yuqorida aytib o’tilganidek, ota-onalar kino, video filmlar, teleseriallarni tomosha qilishda yo’l-yo’riq ko’rsatib, rahbarlik qilib turishlari zarur.
14-15 yoshgacha bola badiiy yoki videofilmlarni ota-onalari yoki opa va akalari bilan birga ko’rgani ma’qul. Bu nafaqat bolalarni nazorat qilish shakli bo’lib qolmay, balki, ko’proq, birgalashib kitob o’qish to’g’risida bergan tavsiyamizda ko’zlangan maqsad uchun zarurdir. Har bir film oilada hech bo’lmaganda bir necha minut muhokama va muzokara uchun mavzu bo’lishi kerak. Ota-onalar bu to’g’rida bolaning ham o’z fikrini bayon qilishiga, unga nima ma’qul bo’lib, nima ma’qul bo’lmaganini, nimasi qattiq ta’sir etganini gapirib berishiga erishmoqlari kerak. Agar bunda ota-onalar bolani faqat tashqi hodisalar, syujetning qiziqligi, kino qahramonining sarguzashtlarigina qiziqtirayotganini payqasalar, bir-ikki savol yordamida uning e’tiborini kinofilmning mazmuniga qaratishlari lozim. Ba’zan, hatto bolaga hech qanday savol bermay, faqat uning oldida o’z fikringizni aytishingizning o’zi ham kifoya qiladi.
Bolalarning qanday filmni ko’rishlari ko’proq ma’qul ekanini ota-onalar hal qilishi kerak. Biron kartinani ilgariroq ko’rgan va u to’g’rida ba’zi narsalarni aytib bera oladigan shaxsni deyarli har vaqt uchratish mumkin. Ba’zi kartinaning mazmuni bolaga og’irlik qiladi, bola undan hech narsa tushunmaydi, boshqa bir xillarining mazmuni bolaga aks ta’sir qilishi mumkin, uchinchi bir xillarida bolaning anglashi uchun hali juda erta bo’lgan muhabbat yoki tibbiyotga doir mavzular ko’rsatiladi. Bolalarni bunday lavhalarni ko’rishdan saqlanish kerak. O’z-o’zidan ravshanki, kartina tanlashda bolaning ahvolini ham, maktabdagi o’qishini, xulqini ham inobatga olish kerak.
Oila tarbiyasi samaradorligini oshirish va bu yo’lda muvaffaqiyatlarga erishish omillaridan yana biri ota-onalarga mo’ljallangan tarbiyaviy mazmundagi bukletlardir. Bukletlar mazmunida hayotiylik, bugungi kun qiyofasi aks etib turishi kerak. Ana shunda ularning ta’sir kuchi yuqori bo’ladi.
Oilada jamoa bo’lib gazeta va jurnallarni mutolaa qilish bolalarning jamiyatda ro’y berayotgan ijobiy o’zgarishlar, erishilayotgan yutuqlarni to’g’ri anglash, Vatan himoyasi yo’lida jon bergan fidoiylardek bo’lishga intilish hissiga ega bo’lishlariga yordam beradi. Mamlakat sportchilarining xalqaro musobaqalardagi muvaffaqiyatlari, musiqa festivallari va boshqa ommaviy tadbirlar to’g’risidagi ma’lumotlarni o’zlashtirishga bo’lgan qiziqishlarini rivojlantiradi. Ota-onalar bolalarni dastlab u yoki bu mazmundagi xabarlar olamiga olib kirishlari va asta-sekin ularni mustaqil mafkuraviy ma’lumot olishga o’rgata borishlari kerak.
Odatda oilada tashkil etilgan har bir ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo’yicha kundalik yoki xotira daftarlarini yuritish, do’stlar bilan xat yozishish, bolalarni sayr yoki sayohatga olib chiqish, bolalarning mahalla, hovlini obod qilish ishlarida ishtirok etishi, turar-joy uylarining hovlilaridagi bolalarni uyushtirish, uchrashuvlar, o’yinlar, sayrlar va boshqa shu kabilar tadbirlarni tashkil etish ham bolalarni oila muhitida atrofdagilar – qo’ni-qo’shnilar yordamida, ularning ibratlari vositasida samarali tarbiyalash imkonini beradi.
Uy sharoitida bolalar tomonidan milliy axloq talablarini o’rganishlariga erishishda ham tarbiya metodlarini tanlash ham muhim ahamiyatga ega. Bunga ularning nafaqat mazmuniga, balki shakliga ham e’tibor berish kerak. Har bir ishda bolalarning faol bo’lishlariga erishish lozim, ularda faqat ko’rish va eshitish malakasinigina tarbiyalab qolmay, balki istak, xohish, qiziqish, g’alabaga intilish, to’sqinliklarni engish, o’ziga o’rtoqlarini va kichik bolalarni jalb qila olish malakalarini ham tarbiyalab borish talab etiladi.
Uy-ro’zg’or yumushlarni turli metodlar yordamida amalga oshirish mumkin. Bu holat o’z-o’zidan bolalarni ham aqliy, ham jismoniy jihatdan fikrlashga, o’ylashga majbur qiladi. Oila sharoitida bajarilayotgan ishlarning barchasini doimo madaniy faollikdan ijtimoiy-siyosiy faollikka aylanib borishiga erisha olish lozim. Zero, shundagina bolalar o’zlarini shu jamiyat a’zosi ekanligini tobora chuqur his qilib boradi va samarali mehnat qilish ko’nikmalarini o’zlashtiradilar.
Sobiq Ittifoq davrida bolalar tarbiyasiga nisbatan umumiy, mavhum, ya’ni, “sovet o’quvchisi”, “sovet bolasi”ni tarbiyalashga yo’naltirilgan talablar qo’yib kelindi. Bolalarning kamolotiga qo’yiladigan milliy talablar ularda shaxsiy imkoniyatlariga bo’lgan ishonchni yuzaga keltiradi, shaxsiy hayotining jamiyat ijtimoiy hayoti bilan uzviy aloqadorlik va bog’liqlikda kechishi borasidagi qarashni qaror toptiradi, shuningdek, oilaning muqaddasligini tushunish, uning sha’ni, obro’si uchun kurashish oddiy insoniy burch ekanligini anglashga imkon beradi. Ota-onalar bilan bolalar o’rtasida samimiy munosabatni o’rnatish oila tarbiyasini samarali tashkil etishning asosiy shartlaridan biridir.
Millatparvarlik milliy mustaqillik sharoitida xalqning ijtimoiy-g’oyaviy birligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo’lgan fazilat bo’lib, u jamiyat fuqarolarining manfaatlari uchun kurashishni ifoda etadi.
Shunday qilib, bolalar bilan ishlashning boshlang’ich davrida ota-onalarning talabchanligi ularni foydali faoliyatga yo’naltirish, shuningdek, noma’qul, befoyda harakatlarning oldini olish hamda to’xtatishning muhim omillaridan biri sanaladi.
Bugungi kunda oila tarbiyasi jarayonida milliy istiqlol talablari asosida bolalarda muayyan sifatlarni tarbiyalashni ijtimoiy maqsadga aylantirish talab etilmoqda. Bu yo’lda qo’llaniladigan metodlardan biri – bolalarda istiqbolga ishonchni hosil qilish hisoblanadi.
Istiqbolga bo’lgan ishonchni hosil qilish bolalar bilan birga muayyan tadbirlarda ishtirok etish, birgalikda istirohot bog’i yoki mehmondorchilikka borishdan iborat bo’lishi mumkin. Mazkur metodni har bir bolaning hayotiy ehtiyoji, talabini inobatga olish asosida qo’llab, keyinchalik uni rivojlantirib, oilaviy, hatto, umummilliy munosabatlar darajasigacha ko’tarish mumkin.
Agar ota-onalar bolalarga istiqbolni ma’lum ko’rsatmalarsiz tushuntirsalar, ular ijtimoiy, umummilliy maqsadlarni shaxsiy maqsadlar sifatida qabul qiladilar. Buning oqibatida kelajakda ular tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyat shaxsiy manfaatlarga asoslanib qolishi mumkin. Bordi-yu, bolalarning istiqbol maqsadlari ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lsa, ularning faoliyatlari mazmunli bo’lish bilan birga, ularning faoliyatini boshqarish muayyan natijalarning kafolatlanishi asosida kechadi.
Shuning uchun bolalarda istiqbolli, ya’ni, shaxsning qiziqish va intilishlariga daxldor holda uni ijtimoiy faoliyatni tashkil etishga undaydigan maqsadni shakllantirish pedagogik jihatdan eng to’g’ri yo’ldir.
Bolalarda kelajakka bo’lgan ishonchni shakllantirish o’smir shaxsiga ta’sir ko’rsatishning ta’sirchan metodi bo’lib, uning yordamida zerikarli, uzoq muddatli faoliyatni ham maroqli jarayonga aylantirish, uni yangi mazmun bilan to’ldirish imkoniyati yuzaga keladi.

Yüklə 1,13 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   62   63   64   65   66   67   68   69   ...   97




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin