Abdulla Avloniy asarlaridan ham markaziy o’rin egallagan. Ma’rifatparvarning “Turkiy guliston
yoxud axloq” asari yaxlit holda komil inson qiyofasida aks etishi zarur bo’lgan
ijobiy fazilatlar, shuningdek, biologik va ijtimoiy omillar ta’sirida shakllanishi
mumkin bo’lgan salbiy illatlar, ular keltirib chiqaradigan oqibat xususidagi
g’oyalarni ifodalaydi.
Alloma bola tarbiyasida u yashayotgan muhit, ijtimoiy-iqtisodiy sharoit,
turmush tarzi qanchalik muhim bo’lsa, sub’ektlar, xususan, ota-onaning roli
shunchalik ahamiyatli ekanlagini ko’rsatadi. Bolaning axloqi, xulq-atvoriga kuchli
ta’sir etuvchi shaxslar, eng avvalo, ota-onalar ekanligini e’tirof etgan holda ularni
farzandlar tarbiyasida mas’uliyatli bo’lishga chaqiradi.
Abdulla Avloniy o’z asarlarida Abu Ali ibn Sino kabi tana salomatligini ruhiyat
sog’lomligi bilan uzviy bog’liq ekanligiga e’tiborni qaratadi. Ma’rifatparvarning
qayd etishicha, bolada ezgu fikr, yaxshi axloq va ma’rifatga ega bo’lish uchun
dastlab badanni tarbiya qilish zarurligini aytib, bolani sog’lom qilib tarbiyalash
uchun ota-onani javobgar deb hisoblaydi.
Xulosa qilib aytganda, nikoh, oilaviy munosabatlar va farzand tarbiyasi
masalasi o’zbek xalqi tarixidan juda qadimdan o’rganib kelingan. Zardushtiylik
dinining muqaddas manbai – “Avesto” asarida, milliy madaniy qadriyatlarimizning
muhim tarkibiy qismi bo’lgan Islom madaniyati g’oyalarini o’zida aks ettirgan
Qur’oni karimda, shuningdek, Sharq mutafakkirlarining asarlarida komil inson
shaxsi, uni voyaga etkazishda asosiy o’rinni egallovchi oila, unda tashkil etiladigan
bolalar tarbiyasi masalalarining tahliliga alohida o’rin ajratilgan. Ularda qayd
etilishicha, har bir oila jamiyatning kichik bir bo’g’ini. Minglab oilalarning o’zaro
birlashuvi esa jamiyatni hosil qiladi. Shunday ekan, har bir oila, unda qaror topgan
tarbiyaviy muhit bevosita jamiyatning taraqqiyotini belgilab beradi. Oila va
jamiyatning o’zaro aloqadorligi o’z-o’zidan ota-onalar zimmasiga bolalar
tarbiyasini to’g’ri tashkil etishdek muhim ijtimoiy vazifani yuklaydi.