23-MAVZU. PEDAGOGIK KORREKSIYANI GURUHLI SHAKLDA O‘TKAZISH Asosiy savollar: Ijtimoiy-pedagogik trening.
Ijtimoiy-pedagogik trening: mazmuni, maqsadi, vazifalari va tamoyillari.
Ijtimoiy-pedagogik treningni tashkil qilish.
So‘nggi yillarda ijtimoiy va kasbiy faoliyatning turli sohalarida trening texnologiyalarini qo‘llanilishi masalasiga qiziqish ortib bormoqda. Xususan, ta’lim muassasasida pedagogik korreksiya jarayonida o‘quvchilarning ma’naviy-axloqiy fazilatlari, ijtimoiy va (yoki) kasbiy zarur sifatlarini shakllantirishga qaratilgan tadbirlarni guruhli shaklda o‘tkazishda ijtimoiy-pedagogik trening texnologiyalaridan samarali foydalanish mumkindir. Pedagogik korreksiyaning guruhli shakllarida trening mashg‘ulotlarini o‘tkazish psixologiya va sotsiologiya fanlari sohalaridagi tajribalarga asoslangan.
Ijtimoiy-pedagogik trening: mazmuni, maqsadi, vazifalari va tamoyillari.Trening (ingliz tilida - maxsus tartibdagi mashq) nazariy bilim berish minimallashtirilib, asosiy diqqat - qisqa muddatda shaxs faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan, trening dasturi bilan aniq qilib belgilangan bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishdir. Psixologlar treningdan shaxsdagi mavjud bo‘lgan yoki vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikma va malakalarni hosil qilish maqsadida turli xil o‘yin va mashqlar orqali o‘tkaziladgan mashg‘ulot vositasida foydalanadilar. Turli mualliflar treningga ta’rif berishda turlicha yondashgan bo‘lsalarda, ularning aksariyati trening mashg‘ulotlari o‘yin va mashqlar orqali amalga oshirilishini va trening jarayonida ko‘nikma va malakalar shakllanishini ta’kidlaganlar.
Ijtimoiy-pedagogik treningdan o‘quvchilarni pedagogik korreksiya qilishning quyidagi yo‘nalishlarida foydalanilishi mumkin:
shaxsdagi mavjud illatlarni (xulqdagi og‘ishishlar, intizomsizlik, ijtimoiy munosabatlarda qo‘pollik, fanlarni o‘zlashtirishdagi passivlik va xokazo) tuzatish;
hayotdagi qarama-qarshiliklarni to‘g‘ri tushunish va tahlil qilishni o‘rgatish;
shaxsning ruhiy holatini o‘zgartirishga erishish;
shaxs kamoloti uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni rivojlantirish;
nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qila olish ko‘nikmasini hosil qilish va boshqa.
Ijtimoiy-pedagogik trening mashg‘ulotlarining har birida tanlab olingan muammo yuzasidan ma’lum holat va vaziyatlar nazarda tutilgan bo‘lib, mashg‘ulotlarning umumiy mazmuni quyidagilardan iborat bo‘ladi:
guruh a’zolarining bir-birlari bilan tanishtirish;
guruh a’zolarini birgalikda umumqabul qilingan me’yor (ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy, korporativ va shu kabilarga amal qilishga o‘rganish;
guruh a’zolarining o‘z muammolarini gapirishlariga, o‘z fikrlarini bildirishlariga sharoit yaratish;
guruh a’zolari o‘rtasida o‘zaro do‘stona muhit yaratish;
guruh a’zolarining o‘zaro jipsligini, ahilligini ta’minlash;
guruh a’zolarida turli xil hayotiy ko‘nikma va malakalarni hosil qila oluvchi mashg‘ulotlar tashkil etish.
Pedagogik faoliyatning har qanday turi kabi, ijtimoiy-pedagogik trening ham o‘z maqsadi va vazifalariga ega.
Ijtimoiy-pedagogik treningning asosiy maqsadi - qisqa muddatda 3-14 kishilik guruhni muvaffaqiyatli ijtimoiylashuvi uchun zarur bo‘lgan ko‘nikma va malakalarni shakllantirishdan iborat.
Treninglarni guruhli shaklda o‘tkazilishi - ishtirokchilarning o‘zaro ma’lumot va tajriba almashishlariga, o‘z fikrlari va tajribalarini qay darajada to‘g‘ri ekanligini anglashlariga, ularda o‘zlariga nisbatan ishonch shakllanishiga yordam beradi. Pedagogik korreksiyani o‘quvchilar bilan guruhli shaklda o‘tkazish uchun eng qulayi - 12-14 kishigacha bo‘lgan guruh hisoblanadi. Ishtirokchilar sonining haddan ziyod oshib ketishi guruhni samarali boshqarish imkoniyatini keskin kamaytirib yuboradi.
Pedagogik korreksiya jarayonida o‘tkaziladigan ijtimoiy- pedagogik treningni o‘ziga xosligi - uning maqsadli o‘tkazilishi, mashg‘ulotlarga ajratiladigan vaqtining va ishtirokchilar sonining cheklanganligi hamda tuzatiladigan illat, shakllantiriladigan fazilat, ko‘nikma va malakalarning xarakteriga bog‘liqligidadir. Trening yordamida shakllantiriladigan ko‘nikmalarning xarakteri pedagogik muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish yoki o‘z-o‘zini anglashdan ijtimoiy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirishgacha diapazonda bo‘lishi mumkin. Trening natijasining samaradorligi esa uni majmuaviy va tizimli tashkil qilinishigi bog‘liq. Ta’limning har bir bosqichida o‘tkaziladigan ijtimoiy-pedagogik trening hal qilinadigan vazifalari bilan bir-biridan farq qiladi. Masalan, maktab o‘quvchilari bilan o‘tkaziladigan trening mashg‘ulotlari bolalarda asosan axloqiy fazilatlarni shakllantirish hamda bilish faolligini oshirishga qaratilgan bo‘lsa, kasb-hunar kollejlaridagi IPT mashg‘ulotlarida kasbiy va ijtimoiy zarur bo‘lgan fazilatlarni shakllantirish vazifalarini ham o‘z ichiga oladi.
N.M.Egamberdievaning “Ijtimoiy pedagogika” nomli risolasida ijtimoiy-pedagogik trening o‘quvchilar bilan ularning xarakterologik xususiyatlarini va yechimi topilishi kerak bo‘lgan muammo xarakteridan kelib chiqqan holda pedagogikaning faol metodlarini qo‘llashga qaratilgan sohasi, deb ta’rif berilgan bo‘lib, uning asosiy vazifalari sifatida shaxsga uning ijtimoiylashuvida va o‘quv adaptatsiyasida yordam berish, deviant xulqni korreksiya qilish, shaxsda aniq bir sifatlarni shakllantirish, axloqiy fazilatlarni tarbiyalash kabilar belgilangan.
Pedagogik korreksiya samarali tashkil qilinishi uchun IPT vazifalari, birinchi navbatda, ijtimoiy-pedagogik yordamga muhtoj bo‘lganlar guruhi aniqlanishidir. Bu guruhga o‘zlashtirishi sust, axloqiy sifatlari yetarlicha shakllanmagan, ijtimoiylashuvi yoki istiqboldagi kasbiy adaptatsiyasi murakkab kechishi mumkin bo‘lgan yoshlar kiritiladi. Trening guruhlarini shakllantirishda pedagogik va psixologik diagnostika natijalaridan foydalanib, trening ishtirokchilarining xarakterologik xususiyatlari va hal qilinishi rejalashtirilgan muammoning umumiyliga ham e’tiborga olinishi zarur.
Bundan tashqari, pedagogik korreksiyada trening guruhlarini shaxsiy faoliyat samaradorligini oshirishni xohlagan o‘quvchilardan ham tuzish mumkinligidir. Ko‘p hollarda bunday o‘quvchilardan tashkil topgan guruhlar faoliyati boshqa guruhlarga qaraganda ancha samarali bo‘lib, buning asosiy sababi - guruh a’zolarida tarbiyaviy mobillikning shakllanganligi hamda ularning o‘zlarida ijobiy fazilatlarni shakllantirishga bo‘lgan ehtiyojning mavjudligi bilan belgilanadi.
Pedagogika (L.V.Golish va D.T.Saidova12, A.D.Goneev1, T.G.Nikulenko13) va ijtimoiy pedagogika (N.I.Nikitina va M.F.Gluxova14) sohalaridagi olimlarning fikriga ko‘ra, ta’lim muassasalarida ijtimoiy- pedagogik treningni samarali tashkil qilish uchun ushbu jarayoniga pioektiv yondashish, o‘quvchini o‘z shaxsiy tajribasiga tayangan holda o‘rgatish, refleksiv anglash va bilish faolligini namoyon qilishini ta’minlash, ijtimoiy tajribasidan foydalanish, u bilan o‘zaro do‘stona munosabatda bo‘lish hamda yaxshi moddiy-texnika bazasining mavjudligi talab qilinadi.
Proektiv yondashuv trening jarayoniga xuddi loyiha tarzidagi munosabatni shakllantirish orqali tarbiya jarayonining yaxlitligini, uning texnologik tarzda olib borilishini va kutilgan natija bilan yakunlanishini ta’minlaydi. Buning uchun avval korreksiyadan kutiladigan natija va maqsad aniqlanadi, vazifalar belgilanadi. So‘ngra belgilangan vazifalarni bajarish uchun korreksiya yo‘llari va vositalari tanlanib, kutilayotgan natijaga erishish uchun o‘quvchi shaxsining rivojlanish jarayonini boshqarish amalga oshiriladi.
O‘quvchini o‘z shaxsiy tajribasiga tayangan holda o‘rgatish - ijtimoiy pedagogik trening jarayonida modellashtirilgan sharoitda o‘quvchi o‘z tajribasi va shakllangan ko‘nikmalar asosida o‘rganadi, u yoki bu fazilat uning xulq-atvoriga aylanib boradi.
Refleksiv anglash - trening jarayonida o‘quvchi samarali va samarasiz faoliyat modellarini kuzatish orqali ularni o‘zidagi xulq-atvor algoritmlari bilan o‘zaro taqqoslash imkoniga ega bo‘ladi.
Bilish faolligi - o‘quvchi tomonidan u yoki bu fazilatni shakllantirish yoki muammolarni hal qilishning samarali yo‘llari va vositalarini o‘zi tanlashida, o‘z fikr va mulohazalariga ega bo‘lishida namoyon bo‘ladi. Bilish faolligi yuqori bo‘lgan hollarda, zarur didaktik materiallar yetarli bo‘lsa, o‘quvchida o‘z-o‘zini korreksiya qilish imkoniyati tug‘iladi.
O‘quvchining ijtimoiy tajribasidan foydalanish - trening jarayonida o‘quvchi o‘zining ijtimoiy tajribasi, dunyoqarashi hamda qadriyatlariga tanqidiy nazar bilan qarashi mumkin. Bu hol uni o‘z hayotiy tajribasini tahlil qilishiga, tajribaning ijobiy va salbiy jihatlarini aniqlashiga hamda boshqalarning samarali tajribasini o‘z faoliyatiga tadbiq qilishiga imkon beradi.
Ishchanlik muhiti va o‘zaro do‘stona munosabat o‘quvchining trening jarayonida pedagog bilan erkin va samimiy munosabati shakllanishiga, bu jarayonga nisbatan qiziqish va xohishning shakllanishiga ijobiy ta’sir qiladi. Bu shartning bajarilishi trening guruhi bilan ijtimoiy munosabatlarni oson modellashtirishni hamda guruh a’zolarining bir-birlariga o‘zaro faol yordam berishlarini ta’minlaydi.
Moddiy-texnika bazasi deganda tarqatma materiallar va ko‘rgazmali qurollar, ijtimoiy va kasbiy fazilatlarning trening ishtirokchilari o‘z xatti-harakatlarida namoyon bo‘lishini kuzatishlari uchun o‘quv filmlari va video uskunalar nazarda tutiladi.
Shunday qilib, ijtimoiy pedagogik trening - pedagogik korreksiyaning guruhli tashkil etilgan shakli bo‘lib, imkon qadar qisqa vaqt mobaynida o‘quvchilar guruhini muvafaqqiyatli ijtimoiylashuviga yordam beradigan fazilatlar, malakalar va ko‘nikmalarni shakllantirish hamda bu fazilatlarni ularning xulq-atvor me’yorlariga aylanishiga yo‘naltirilgan, bir-biri bilan o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lgan ta’lim- tarbiyaviy mashg‘ulotlar tizimidir.