portal.guldu.uz-Navoiyshunoslik ishchi o`quv dastur
II. O’quv fanning maqsadi va vazifasi Fanni o’qitishdan maqsad – Alisher Navoiyning boy adabiy va ilmiy merosi yuzasidan ta’lim berish orqali talaba yoshlarda yuksak ma’naviyat va ma’rifatni tarbiyalash. Navoiy ijodini o’rganish o’zbek mumtoz adabiyoti va milliy ma’naviyatimiz shakllanishi hamda takomili qonuniyatlarini anglash yo’lida ochqich vazifasini o’taydi. O’shlarda sog’lom tafakkur tarzini shakllantirish, o’zbek adabiyoti tarixining eng muhim davri haqida har tomonlama bilim hosil qilish, ma’naviy dunyosi mukammal bo’lishiga ko’maklashish ushbu o’quv fanining asosiy maqsadlaridan hisoblanadi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun “Navoiyshunoslik” fani talabalarni nazariy bilimlar, amaliy ko’nikmalar, fanga doir muammolarga uslubiy yondashuv hamda ilmiy dunyoqarashni shakllantirish vazifalarini bajaradi.
Fan bo’yicha talabalarning bilim, ko’nikma va malakalariga quyidagi talablar qo’yiladi. Talaba:
Alisher Navoiyning fenomeni, shaxsiyati, hayot yo’li, tafakkur dahosi, o’zbek tili va adabiyoti, millat madaniyati rivojiga qo’shgan hissasi, ilmiy va ijodiy faoliyati, o’zbek davlatchiligi va ma’naviyati tarixida tutgan o’rni haqida tasavvurga ega bo’lishi;
Navoiy asarlarining o’rganilish tarixi, mazmun-mohiyati, adabiy merosining vazn xususiyatlari, janrlar poetikasi, xamsachilik an’anasi, tatabbu’, nazira, tavr, muxtara’, g’azallarning o’ziga xos jihatlari, Navoiy ijodida qo’llanilgan qofiya unsurlari, badiiy san’atlarning hosil bo’lish yo’llari, majoz tariqida yozilgan she’rlarda qo’llanilgan ilmiy, diniy-asotiriy va tasavvufiy istilohlarni sharhlash, badiiy nasr stilistikasi, ramz, timsol va obrazlar mohiyatini anglash, Navoiy asarlari tili, forsiy merosining badiiyati, ilmiy-filologik, tarixiy, irfoniy, diniy-falsafiy asarlarining o’zigak xos jihatlari, ma’no qatlamlari, o’zbek va jahon adabiyotining keyingi rivojiga ko’rsatgan ta’siri bilan bog’liq masalalarni bilishi va amaliyotda ushbu bilimlardan foydalana olishi;
Talaba Navoiy asarlarini o’rganish orqali mumtoz adabiyot namunalarini to’g’ri tahlil va talqin qila olish bilimi, malakasi va ko’nikmalariga ega bo’lishi kerak.