Muhokama uchun savollar: 1.1. Otlarda ko’plik qo’shimchasi yana qanday ma’nolarda qo’llaniladi?
1.2. Mavhum va atoqli otlar ko’plik qo’shimchasini olganda qanday ma’nolarni anglatadi?
1.3. Kelishik qo’shimchalarining uslubiy xususiyatlarini sanab bering.
1.4. Qaratqich va tushum kelishigining turli ma’nolarda qo’llanishini izohlang.
1.5. Gul ochildi, gul bargi, gul keltirdi jumlalarini qiyoslang.
1.6. Tushum kelishigi bilan chiqish kelishigi qo’shimchalari qo’llanishidagi o’xshash va farqli tomonlarini qiyoslang.
1.7. Jo’nalish kelishigi bilan tushum kelishigi qo’shimchasidagi sinonimik munosabatni izohlang.
1.8. Kelishik qo’shimchalarini ko’makchilar bilan sinonimik munosabatda bo’lishini misollar yordamida izohlang.
2-savol bo’yicha dars maqsadi:
Talabalarda egalik qo’shimchalarining uslubiy qo’llanilishi va sub’ektiv baho qo’shimchalarining uslubiy xususiyatlari haqida tushunchalar hosil qilish.
Identiv o’quv maqsadlari: 2.1. Hozirgi o’zbek adabiy tilidagi egalik kategoriyasining uslubiy xususiyatlarini tushuntiradi.
2.2. Talabalarga –niki qo’shimchasining uslubiy xususiyatlarini tushuntira oladi.
2.3. Egalik qo’shimchalari qaysi holatlarda tushirib qoldirilishini izohlay oladi.
2.4. Egalik qo’shimchalarining ma’no nozikliklarini ajrata biladi.
2.5. Otlarda sub’ektiv baho shakllarining uslubiy xususiyatlarini izohlay oladi.
2- savolning bayoni: Egalik kategoriyasining usulubiy xususiyatlari
Hozirgi o’zbek tilida egalik kategoriyasi ko’rsatkichlarining morfologik varaintlari uncha ko’p emas. Ikkinchi shaxsning ko’pligi uch morfologik variantga ega: -ingiz, -inglar, -laring. Uchinchi shaxs ko’rsatkichining esa ikkita morfologik varianti bor: -i, -si.
Ikkinchi shaxsning morfologik variantlaridan –ingiz formasi adabiy til uchun ham, og’zaki so’zlashuv nutqi uchun ham umumiy. Qolganlari esa jonli so’zlashuv nutqi uchun xarakterli. Ularni og’zaki nutqda, badiiy va publitsistik nutqda bir-birlariga nisbatan sinonim sifatida qo’llash mumkin.
-i, -si variantlarining qo’llanishi qat’iy qonuniyatga asoslangan. Ularni biri o’rnida ikkinchisini ishlatish ko’pincha adabiy til normasining buzilishiga olib keladi.
Umuman, egalik tushunchasi o’zbek tilida morfologik, sintaktik va aralish yo’llar bilan ifodalanadi. Qaratuvchi qo’llanmagan holatda tegishlilik, xoslik ma’nosi egalik qo’shimchasini olgan qaralmishdin sezilib tursa, bu morfologik yo’l bilan egalikning ifodalanishi hisoblanadi.
O’zbek tilida, umuman turkiy tillarda ham egalik qo’shimchalarining kishilik olmoshlariga aloqadorligi, ya’ni egalik qo’shimchasining har biri o’zi qo’shilib kelgan so’z orqali ifodalangan predmetning ma’lum shaxsga tegishli ekanligini ko’rsatishi xuddi shu shaxslarni ko’rsatuvchi–kishilik olmoshlari bilan ifodalangan qaratuvchini tushirib qoldirish imkoniyatini tug’diradi. Chog’ishtiring: mening kitobimG’G’ kitobim, sening kitobingG’G’ kitobing. O’zbek tili egalik, qarashlilik tushunchasini ixcham ifodalash xususiyati Bilan boshqa ko’pgina tillardan farq qiladi. Jumladan, nemis, frantsuz, rus tillarida (moya kniga) –qaralmish hech qanday qo’shimcha olmaydi. Qaratqich tushirib qoldirilsa, predmet kimga yoki nimaga tegishli ekanligini bilib bo’lmaydi.
O’zbek tilida ham ba’zan og’zaki nutqda va poeziyada egalik tushunchasini mening kitob tarzida ifodalash uchraydi. Egalikning bunday ifodalanishi sintaktik usul bilan ifodalanish deb yuritiladi. Bizning xotinlarga hayo fazilat, mehnat bor, muhtojlik doim begona. (G’.G’.)
Qarashlilik, egalik tushunchasi –niki qo’shimchasi vositasida ham ifodalanadi. Bunday vaqtda abstrakt egalik ma’nosi anglashiladi. Chunki –niki qo’shimchasini olgan so’z qaysi predmetga yoki shaxsga (xoh birlik, xoh ko’plik bo’lsin) tegishliligi aniq ko’rsatilmaydi. -niki qo’shimchasini olgan so’z gapda ilgari eslatilgan predmetning shax syoki predmetga tegishli ekanligini ko’rsatadi. Ba’zan –niki qo’shimchasini olgan so’z gapda qo’llanadi-yu, ammo qarashli bo’lgan predmet tushirib qoldiriladi. Bunday vaqtda u gap konstruktsiyasidan bilib olinadi. Masalan: «Xolamning bola-chaqalari bo’lmaganligidan uylari biznikiga o’xshash to’s-to’polon emas, yig’inchoqlik»(G’.G’) gapida uyimiz so’zi tushirib qoldirilgan. Uni gap konstruktsiyasi talab ham qilmaydi. Lekin jumla mazmunidan xolaning uyi bizning uyga taqqoslanayotganligi anna shu «biznikiga» so’zidan anglashilib turadi. Bizniki so’zi bu o’rinda «bizning uy» birikmasi bilan sinonimik munosabatda.
Agar –(i)m, -(i)ng, -(i)miz -(i)ngiz turidagi egalik qo’shimchalari o’zi qo’shilib kelgan so’z orqali ifodalangan predmetning biror shaxsga tegishli ekanligini bildirsa, -niki qo’shimchasi shaxsga tegishli bo’lgan predmetni ko’rsatuvchi so’zga qo’shilmaydi., balki u predmet qarashli bo’lgan shaxs yoki predmetni ko’rsatuvchi so’zga qo’shiladi. Bu xususiyati bilan –niki qo’shimchasi egalik qo’shimchasidan ko’ra qaratqich kelishigi qo’shimchasiga yaqinlashadi. –niki qo’shimchali konstruktsiyani shuning uchun ham qaratqichli (aralash) konstruktsiya bilan almashtirish mumkin: Kitob seniki (meniki yoki uniki) kabi birikmalarni o’rni bilan ma’noga uncha zarar etkazmagan holda, mening (sening yoki uning) kitobi (-m, -ing), gulning g’unchasi, gul esa mening (sening yoki uning) guli (-m, -ing) tipidagi konstruktsiyalarni qo’llasa bo’ladi.
–niki qo’shimchasi anlatgan ma’noni ba’zan qaratqich kelishigi qo’shimchasi ham bajaradi. Bu ko’proq poeziya tili uchun xos:
Bag’ringga tort, quchoqla, bahor! Jozibalar barchasi sening, Ishga kirgan, gullagan chog’i, Sen yoshligi buyuk o’lkaning. (H.O)
Egalik qo’shimchasini quyidagi holatlarda tushirib qoldirish mumkin:
Egalik qo’shimchasini olish lozim bo’lgan so’z (qaralmish) jamlik, tur ma’nosini ifodalaganda, I shaxs egalik qo’shimchasining ko’plik shakli tushirilib qoldirilishi mumkin: -O’zimizning uzumdan, rahmatli qiblagohimiz o’tqazganlar. (J.Ikromiy)
Qaralmish atoqli otlar bilan ifodalanganda, I shaxs egalik qo’shimchasining ko’plik shakli tushirilib qoldirilishi mumkin: bizning Vatan, bizning Toshkent kabi.
Bunda egalik qo’shimchasi tushirib qoldirilganligi qaratqichdan bilinib turadi. Qaratqich qaralmishli birikmaning bu ko’rinishi poetik nutq uchun xos.
3. Qaratqich qaralmish orqali ifoalangan predmet yoki belgi bilan faxrlanganda, mag’rurlanganda III shaxs egalik qo’shimchasining ko’pligi tushirilib qoldirilishi mumkin: Bizning xotinlarga hayo fazilat, Vafo hunaridir, mehnat odati. (G’.G’)
Egalik qo’shimchasini olgan so’zlar sof egalik (real qarashlilik), qarashlilik ma’nosidan tashqari, quyidagi ma’no nozikliklarini ifodalaydi:
Erkalatish, ilhomlantirish ma’nosini. Bu ma’no ko’proq egalik qo’shimchasini olgan so’zni erka, xushro’y, jon, ona kabi so’zlar yoki sub’ektiv baho shakllari bilan birga ishlatish natijasida kelib chiqadi, bu so’zlar va sub’ektiv baho shakllari egalik qo’shimchasining shu ma’noni ifodalashida aktualizator rolini bajaradi. So’zlovchi yoki yozuvchi egalik qo’shimchasini bunday qo’llashda shu qo’shimchani olgan so’z orqali ifodalangan predmetga yoki voqea-hodisaga befarq qaramaydi, unga o’z munosabatini bildiradi. Bu munosabat, asosan, ijobiy xatakterga ega bo’ladi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, intonatsiya vositasida har qanday ijobiy ma’no bildiruvchi yoki neytral ma’noli so’zga ham aniq situatsiyada salbiy bo’yoq berish mumkin. Qizim, qizginam, bolam, bolajonim, ona qizim, erka qizim turidagi so’zlar va birikmalarning ekspressivlik jihatdan farqini chog’ishtirib ko’ring: qizim so’zi intonatsiya yordamida erkalatish ma’nosini beradi. Lekin qizginam, bolajonim, ona qizim kabi so’zva birikmalar alohida intonatsiyasiz ham erkalatish ma’nosini bera oladi: Barakalla, bolajonlarim, ko’ngillariningga nima yoqsa, shuni qilinglar, -dedi u.
Koyish, nolish, norozilik ma’nosini. Bunday ma’noni aniqlashda kontekstning ahamiyati katta. – Sho’rginam qursin... Ko’rmaysizlarmi...Besh-olti yildan beri bitta paypoq olib bergani yo’q-ku hamma kiyimlarimga kerosin sepib o’t qo’ydi...(A.Q.)
Tinchlantirish, achinish ma’nosini. Bunda ham intonatsiya, kontekst hal qiluvchi rol o’ynaydi: -Bolaginam, bu ahvolda o’zingni eb qo’yadiganga o’xshaysan-ku! («Guldasta»).
Egalik qo’shimchasini olgan so’z undalma vazifasida kelib, tinglovchining diqqatini o’ziga tortish uchun ishlatiladi. Shu bilan birga ogohlantirish, ta’kid, mensimaslik ma’nosini bildiradi: Inim, sen hali yoshsan, endi yigirma ikkiga qadam qo’yding. (J.Sharipov)
Faxrlanish, kamtarinlik ma’nosini bildiradi. Kamtarinlik ma’nosi, asosan, ilmiy usul uchun xos bo’lib, egalik qo’shimchasining ko’plik shakli uning birligi o’rnida qo’llanganda yuz beradi. Misol: Ishimizda yirik turkolog olimlarning fikrlariga asoslanganmiz (ishimda deyilmoqchi). Faxrlanish ma’nosini anglatish uchun egalik qo’shimchasidan foydalanish og’zaki nutqda ham, badiiy asar tilida ham uchraydi: Olaxo’ja tushuntirdi:
- Bu bizning o’g’limiz, mulla, buni o’zingiz alohida e’tibor berib o’qitasiz. (P.T.)
7. Egalik qo’shimchasi ijobiy qirrali ma’nodagi so’zlarga qo’shilganda
ham, erkalatish ma’nosini anglatadi:
- Qizarma endi, bo’tam, –dedi Nabigul amaki meni tushungandek ma’noli jilmayib, -lekin bundan keyin hech qachon so’roqsiz bunaqa ish qilma.
8. Oilaviy munosabatda qo’llanadigan ayrim tabulashgan so’zlarga qo’shilib, xushmuamalalik ma’nosini ifodalaydi: -E, e, kelang, onasi Manzura Muqimova, manavini ko’ring-a. –Domla shishani uning burniga yaqinlashtirdi. («Chakkiga dakki»)