1-savolning bayoni: Frazeologik iboralar va ularning turli nutq uslublarida ishlatilishi. Frazeologiyada tildagi turg’un–barqaror birikmalar o’rganiladi.
Odatda, so’zlarning birikuvi tufayli so’z birikmasi hosil bo’ladi. Bu so’z birikmalarining ba’zilari erkin bo’lsa, ba’zilari turg’un (barqaror) bo’ladi. Oyoq uchida birikmasi kontekstdan anglashilgan ish-harakatning imi-jimida, yashirincha, maxfiy bajarilganligini bildiradi. Birikma tarkibidagi har bir so’z o’z mustaqil ma’nosini saqlamagan, shunga ko’ra bu tarkibdagi so’zlari (komponentlari) barqaror bo’linmas bir semantik birlikni hosil qilgan turg’un birikmadir.
Quyidagi gaplardagi og’zi qulog’ida, qo’l keladi, nonini tuya qilmoq iboralari ham turg’un birikma sanaladi: istar-istamas idoraga kirgan Bo’riboy bu erdan og’zi qulog’ida bo’lib chiqdi. U dinni qurol qilib sodda dil musulmonlarning nonini tuya qilib yurar ekan. Ibora tarkibidagi har bir so’znig ma’nosi tushunarli bo’lsa-da, ammo bu so’zlarning semantik bog’lanishi cheklangan, ularni boshqa biror so’z bilan almashtirish mumkin emas.
Ko’p ma’nolilik hodisasi turg’un birikmalarga, ya’ni frezeologik iboralarga ham xos. Masalan, «O’zbek tilining qisqacha frazeologik lug’ati»da bosh ko’tarmoq iborasining 6 xil ma’no qirralari ko’rsatiladi.
Quyidagi iboralar ham bir necha ma’noga ega: yo’lga solmoq: 1)ketish tomoniga to’g’rilab jo’natmoq, yurgizmoq;
2)to’g’ri yo’lga qaytarmoq;
3)manfaatdor bo’lgani holda rag’batlantirmoq;
4)faoliyatini yaxshilamoq;
bel bog’lamoq: 1)shaylanmoq, otlanmoq;
2)astoydil kirishmoq;
3)ahd qilmoq;
tilga kirmoq:1)nutqqa ega bo’lmoq;
2) ma’lum fursat o’tgandan so’ng gapira boshlamoq;
3) o’q uza boshlamoq.
Frazeolgik iboralarning ko’p ma’noliligi ularning sinonimik holati bilan bog’liq. Chunki u yoki bu iboraning yangi ma’nosi turg’un iboralar doirasida yangidan-yangi semantik bog’lanishlarni aniqlashga, frazeologik ma’nolar miqdorini kengaytirishga olib keladi.
Frazeologik iboralarning sinonimiya hodisasiga boyligi ulardan foydalanishda katta uslubiy imkoniyatlar yaratadi. Bu imkoniyatlarni, qisqacha, quyidagicha izohlash mumkin:
Frazeologik ibora alohida so’z bilan sinonimik munosabat hosil etadi. Masalan, tepa sochi tikka bo’ldi iborasi achchiqlanmoq, g’azablanmoq so’zlari bilan, ko’zi tor iborasi qizg’anchiq so’zi bilan, nonini tuya qilmoq iborasi aldamoq so’zi bilan sinonmik holatda bo’ladi.
Bir sinonimik uyani tashkil qiluvchi iboralar o’zaro obrazlilik darajasi jihatdan farqlanadi. Masalan, boshiga etmoq-boshini emoq frazeologizmlari ayni bir ma’noni anglatsa-da, ammo obrazlilik darajasiga ko’ra farq qiladi. Ikkinchi iborada «yo’q qilmoq», «halok qilmoq» ma’nosi kuchli va qat’iyroq. Boshi qotdi, boshi shishdi, miyasi g’ovlab ketdi iboralarining so’nggisi ma’no darajasining kuchliligi, obrazliligi va ifodaliligi jihatidan ajralib turadi. Xuddi shuningdek, mum tishlamoq, og’ziga talqon solmoq, og’ziga qatiq ivitmoq sinonimik uyada ikkinchi va uchinchi iboralar birinchisiga nisbatan obrazliroqdir. Olib borilgan maxsus «kuzatishlar frazeologik sinonimlarning ko’pincha obrazlilik darajasida farq qilinishini ko’rsatadi»1 Frazeologik sinonimlar ham nutq ko’rinishlariga xoslangan bo’ladi. Bir sinonimik uyadagi iboralarning ba’zisi umumnutqqa xos bo’lsa, ba’zisi boshqa biron nutq ko’rinishiga xoslangan bo’ladi. Masalan: erga tegmoq, turmushga chiqmoq, erga chiqmoq iboralarining birinchisi rasmiy nutqqa, uchinchisi esa so’zlashuv nutqiga xoslangandir. Xuddi shuningdek, oila qurmoq, turmush qurmoq, bir yostiqqa bosh qo’ymoq iboralarining birinchisi va ikkinchisi rasmiy nutqqa, uchinchisi so’zlashuv nutqiga mansub. Quyidagi iboralarning birinchisi badiiy nutqqa, ikkinchisi umumnutqqa oiddir: bir yoqadan bosh chiqarmoq, bir jon bir tan bo’lmoq. Badiiy adabiyot va publitsistikada iboralarni ishlatish, qo’llash yo’llari juda xilma-xil. Yozuvchi va publitsistlar umumtildagi mavjud tayyor iboralardan unumli foydalanibgina qolmay, o’zlari ham shular zamirida yangi iboralar yaratadilar. Bunda ular umumtil iborasi zamiridagi ma’noning yangicha talqinini ochish, iboralarning leksik tarkibini o’zgartish uning semantik-uslubiy funktsiyalarini kengaytirish, iboraga yangicha majoziy va obrazli ma’nolar kiritish kabi usullardan foylanadilar.
Yozuvchi Abdulla Qahhor «Qo’shchinor chiroqlari» romanida rus tilidan o’zlashgan o’z gazi bilan o’lchamoq iborasi asosida yangi ibora yaratadi. Bunga u «..ibora zamiridagi obrazni O’rmonjonning fikriga muvofiqlashtirish uchun uning talqiniga «o’lchagani gazi yaramay qolmoq, eskilik qilmoq» tarzida yangicha yo’nalish, yangicha tus beradi. Natijada tushunishga ojizlik qilmoq degan ma’noni ifodalaydigan individual frazeologik neologizm vujudga keladi: o’lchagani gazi eskilik qilmoq. Bu yangi ibora O’rmonjonning fikrini obrazli qilib, yorqin ifodalash imkonini beradi».
Quyidagi matnda esa loy bo’lmoq birikmasi ham erkin birikma, ham turg’un birikma sifatida ishlatiladi:
-Ie, Ra’noxon, etagingizga loy tegibdimi?-so’radim.
- Yo’g’e, qani? –deb etagini ushlagan edi, chippa loyga tegdi.
-Voy, loy qaerdan tekkan ekan-a?-dedi uyalib u lekin bu loyni yuvsa ketadi-ku, o’zingiz loy bo’lib qolmasangiz deyman
- Nega endi men loy bo’lar ekanman?–dedim jahlim chiqib,-shunday chiroyli qizlardan ham kesatiq chiqar ekan-a… Tavba...
-Chiroyli qizlar ketidan soyadek ergashaverishingizni kelinoyim ko’rsa-chi, naq bir zambil loy bo’lar edingiz, dedi. Terlab ketganimdan Ra’noxonning qaysi ko’chaga burilganini ham bilmay qolibman».
Umumtil frazeologik iboralaridan Oybek, Abdulla Qahhor, Abdulla Qodiriy, G’afur G’ulom va boshqa ko’pgina iste’dodli yozuvchilar o’z asarlarida mohirlik va ijodkorlik bilan foydalanganlar. Masalan, A. Qahhor «O’tmishdan ertaklar» qissasida To’raqul vofurushning juda ayyorligini, mug’ambir va quvligini ko’rsatish uchun ilonni yog’ini yalagan xalq iborasiga muqobil tarzda yangi ibora ijod qiladi:-Pulni oldingiz, usta, bo pand emang. Bu odam sof ajdaho. O’likning yog’ini, tirikning tirnog’ini eydi bu!