Nazorat savollari: 1. Jamoatchilik nazoratining maqsadlari nimalardan iborat? 2. Jamoatchilik nazoratining sub‘ekti kimlar bo’lishi mumkin? 3. Jamoatchilik nazoratining qanday shakllarini bilasiz? 4. Ichki ishlar organlari yoki prokuraturaning qonunlar bajarilishini nazorat qilishi jamoatchilik nazorati bo’lishi mumkinmi? 5. Jamoatchilik nazoratining zamonaviy shakllarini ko’rsating
13-MAVZU: IJTIMOIY SHERIKLIK Reja: 1. Ijtimoiy sheriklik-etuklik mezoni 2. Ijtimoiy sheriklikning tarixi va tadriji 3. Ijtimoiy sheriklikning nazariy asoslari 4. O’zbekistonda ijtimoiy sheriklik nazariyasining boyitilishi va amaliyotining rivojlantirilishi 1. Ijtimoiy sheriklik-etuklik mezoni Respublikamiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov o’zining 2010 yil 12 noyabrida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik Palatasining qo’shma majlisida bayon qilgan ―Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi‖da davlat hokimiyat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o’rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini o’rnatish zarurligini ko’rsatib o’tdi. Bu ko’rsatma mazmun e‘tibori bilan juda dolzarb va sermazmundir. Ijtimoiy sheriklik g’oyasi ijtimoiy va siyosiy sohada insoniyat kashf qilgan eng buyuk ixtirolardan biridir. Insoniyat ijtimoiy sheriklikning zururligini anglab etishi uchun ko’p asrlar kerak bo’ldi. Bu jarayonda uzoq davom etgan konfrontatsiyani, murosasiz kurashlarni, keskin ijtimoiy nizolarni boshdan kechirishga to’g’ri keldi. ―Ijtimoiy sheriklik‖ tushunchasi ijtimoiy fanlarga kirib kelganiga ko’p vaqt bo’lgani yo’q. Bu tushuncha dastavval mehnat munosabatlari doirasida va ularni tartibga solish maqsadida yaratildi. Kapital bilan mehnat, ish beruvchilar bilan yollanma ishchilar o’rtasidagi munosabatlar asrlar davomida rivojlanib kelayotgan bo’lsa ham, ularni tartibga soladigan ijtimoiy sheriklikning zarurligi va mumkinligini XIX asrning oxirlariXX asr boshlariga kelibgina anglay boshlandi. Bu davrgacha ijtimoiy mehnat jarayonlaridagi ziddiyatlar goh pasayib, goh kuchayib davom etaverdi. Bu ziddiyatlar ijtimoiy munosabatlarning negizini tashkil etuvchi munosabatlar, ya‘ni ish beruvchilar bilan yollanma ishchilar manfaatlarining mos kelmasligi natijasida vujudga kelgan edi. Ijtimoiy sheriklik ijtimoiy va siyosiy sohada insoniyat kashf qilgan eng buyuk ixtiro sifatida XX asrda maydonga keldi. Ungacha ham odamlar orasida sheriklik munosabatlari mavjud bo’lgan. Bunday munosabatlar minglab yillardan buyon davom etib keladi. SHeriklikning kurtaklari hatto yuqori darajada rivojlangan hayvonlar, masalan bo’rilar, arslonlar, sirtlonlar va Afrikadagi sirtlonsimon itlar galalarida ham ko’zga tashlanadi. Muvaffaqiyatga erishish uchun bu hayvonlarning har biri ov jarayonida o’zlarining hatti –harakatini sheriklarining hatti-harakatlari bilan moslashtirib amalga oshiradi. Bu sheriklikning kurtaklari va ibtidoiy ko’rinishlari edi. Ijtimoiy sheriklikning XX asrgacha jamiyatda mavjud bo’lgan sheriklikdan asosiy farqi shundaki, avvallari sheriklik alohida shaxslar, nari borsa, kichik guruhlar o’rtasidagi sheriklikdan iborat edi. Masalan, bir jamoada mehnat qilayotganlar, bir kasb egalari, qo’ni-qo’shnilar, qarindosh-urug’lar, tanish-bilishlar biror yumushni bajarishda bir-birlari bilan sheriklik qilar edi. SHeriklikning bu ko’rinishi hozir ham davom etib kelmoqda. Ijtimoiy sheriklik sheriklikning rivojlanishidagi yangi yuksak bosqichni ifodalaydi. Ijtimoiy sheriklik alohida shaxslar yoki kichik guruhlar emas, katta ijtimoiy guruhlar o’rtasidagi sheriklikni bildiradi.