12-mavzu Ikkinchi jahon urushi yillarida O’zbek xalqining fashizm ustidan qozonilgan g’alabaga qo’shgan hissasi. Reja: O‘zbek diviziyalarining tashkil qilinishi.
Urushning dastlabki kunlaridagi janglar.
Tub burilish va undan keyingi janglar.
Yaponiya militaristlariga qarshi kurashda o‘zbekistonliklarning hissasi.
O‘zbek diviziyalarining tashkil qilinishi. Urushning birinchi kunlaridanoq O‘zbekistonda xalq lashkarlarining otryadlari tuzila boshladi. Keyin bu otryadlar umumiy harbiy ta’lim bo‘linmalariga qo‘shildi. O‘zbekistonda front uchun milliy harbiy qismlar va jangovar rezervlarni tayyorlash ishi boshlanib ketdi. 1941-yil yozida Samarqandda 19-O‘zbek tog‘-otliq diviziyasi qayta tuzilib, uning asosida 221-motorlashtirilgan diviziya tashkil qilindi. Diviziyada bu paytda katta tajribaga ega o‘zbek ofitserlaridan polkovnik Ismoil Bekjonov, mayor Sobir Rahimov va boshqalar bor edi. Diviziya jangchilari 17-mexanizatsiyalashgan korpus saflarida Yelna yaqinida dushmanga qarshi janglarda ilk marta qatnashdilar. 1941-yil 13-noyabrda Davlat Mudofaa Komitetining “Milliy harbiy qo‘shilmalar tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori chiqib, unda O‘zbekistonda 5 ta kavaleriya diviziyasi va 9 ta alohida o‘qchilar brigadasi tashkil qilish zarurligi, diviziyalar tarkibi mahalliy xalqlarga mansub 40 yoshdan katta bo‘lmagan sog‘lom va baquvvat kishilar bilan to‘ldirilishi, imkoniyat doirasida rahbariyat tarkibi ham mahalliy millat vakillaridan bo‘lishi ta’kidlandi. Urushning dastlabki bosqichlarida, xususan 1941–1942-yillarda milliy harbiy qismlarda, jumladan, o‘zbek diviziyalari va brigadalarida qurol-yarog‘ va o‘q-dori miqdori mutlaqo yetishmagan. O‘zbek jangchilarining hammasida ham urushning dastlabki oylarida hatto oddiy miltiq (vintovka) ham bo‘lmagan. Bu holat bolsheviklar va sovet rejimining hatto urush davrida ham mahalliy xalqlarga, xususan, turkiy xalqlar va musulmonlarga nisbatan bo‘lgan ishonchsizligi hamda shovinistik siyosatining yana bir dahshatli ko‘rinishidir.
Urushning dastlabki kunlaridagi janglar. O‘zbekistonlik jangchilar Brest qal’asi, Kiyev, Smolensk, Odessa, Sevastopol, Leningrad, Moskva va boshqa ko‘pgina shaharlar mudofaasida mardlik va matonat namunalarini ko‘rsatdilar. Moskvaning qahramon himoyachilari saflarida O‘zbekistonda tuzilgan harbiy qismlar ham bor edi. Moskvani himoya qilishda o‘zbek xalqining shonli qizlari ham mardona jang qildilar. Ular safida 28 nafar fashistni otib o‘ldirgan snayperchi Zebo G‘aniyeva ham bo‘lib, u mardligi va jasorati uchun Qizil Bayroq ordeni bilan mukofotlandi. “Moskva mudofaasi uchun” maxsus medali bilan mukofotlanganlar orasida O‘zbekiston jangchilaridan 1 753 kishi bo‘lgan. 1942-yil 27-martda SSSR Oliy Soveti Prezidiumining farmoni bilan 26 nafar ofitser va oddiy askarlarga Sovet Ittifoqi Qahramoni yuksak unvoni berildi. Ular safida birinchi o‘zbek qahramoni andijonlik Qo‘chqor Turdiyev ham bor edi.