Harbiy asirlar va ularning qismati. Ikkinchi jahon urushida fashistik Germaniya va militaristik Yaponiya ustidan erishilgan buyuk g‘alaba taraqqiyparvar insoniyatga juda qimmatga tushdi. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Ikkinchi jahon urushida 50 mln nafardan ziyod kishi halok bo‘ldi. Bu urushda eng katta talafotga uchragan SSSR bo‘lib, u 27 mln kishidan ajraldi. Vayrongarchilikdan ko‘rilgan zarar va urush olib borish uchun sarflangan mablag‘lar miqdori 4 trillion dollarni tashkil qildi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, urush yillarida Germaniyaga asirga tushganlarning umumiy soni 6,2 mln kishini tashkil qilgan. Sovet-german urushida 5,7 mln kishidan ortiq sovet askarlari Germaniya konslagerlarida tutqunlikda bo‘lishgan. Asir tushishga majbur bo‘lgan sovet jangchilari orasida ko‘plab turkistonlik asirlar ham bo‘lgan. Ana shunday asirlardan biri va sobiq legioner, keyinchalik Germaniyada yashagan namanganlik tarixchi olim Boymirza Hayit fikrlariga qaraganda, 1941-yil yozidan to 1942-yil bahorigacha 1,7 mln turkistonlik jangchilar nemislarga asir tushgan hamda ularning ko‘pchiligi harbiy asirlar konslagerlarida bo‘lishgan. 1942-yil yozida ulardan faqat 400 000 kishi tirik qolgan, xolos. Fashist konslagerlarida harbiy asirlar juda og‘ir ahvolda yashagan, ocharchilik va turli kasalliklardan ularning ko‘pchiligi halok bo‘lgan. Turkistonlik muhojirlardan Mustafo Cho‘qay va toshkentlik o‘zbek Vali Qayumxon tashabbusi bilan 1942-yil martda Turkiston legioniga asos solingan. Legionni siyosiy va mafkuraviy jihatdan boshqarish Milliy Turkiston Birligi Qo‘mitasiga yuklatilgan. Vali Qayumxon qo‘mita prezidenti edi. Jang harakatlari davrida harbiy asirlikda bo‘lganlar, xususan, Turkiston legioni qatnashchilarining taqdiri ham nihoyatda og‘ir kechdi. Urush tugagach, ular hamma joyda ta’qib etildi, SSSRga qaytarilgan harbiy asirlarning ko‘pchiligi maxsus lagerlarga joylashtirilib, turli qiynoqlarga duchor qilindi. Bu qiynoqlardan omon qolgan oz sonli kishilargina, keyinchalik, ozodlikka chiqarildi. Ulardan shofirkonlik Abdulla Rasulov singari sanoqli yurtdoshlarimiz nemis va sovet konslagerlaridan omon chiqib, O‘zbekistonga qaytdilar.