Xurshid Davron. Amir Temur o‘g‘lining o‘limi haqida rivoyat. t.me/e_kutubxona Mo‘ltonga yurishi oldidan o‘ziga sodiqlik so‘zini aytgan Lashkarshoh
afg‘onni mana shu qal’aning kutvoli qilib tayinlagandi. Amir Temur
qo‘shini Hindistonga qarab yo‘lga chiqishidan foydalangan karkas
deb atalgan afg‘on qabilasining boshlig‘i Muso afg‘on kelib qal’ani
qo‘lga kiritdi va kutvol Lashkarshoh afg‘onni qatl etdi. O‘ldirilgan
og‘asining qasosini tilagan Malik Muhammad Sohibqiron huzuriga
bosh urib bordi. Amir Temur uzoqni ko‘zlab ish tutdi: go‘yo bechora
inining o‘tinchiga quloq solmagan bo‘lib, uni qamab qo‘yishni
buyurdi. So‘ng Muso afg‘onga huzuriga kelishni talab qilib yorliq
yubordi. Muso afg‘on kelgan chopardan qon o‘chi talab qilib borgan
Malik Muhammad qamoqqa tushganini eshitib , xotirjam tortdi.
Ammo Amir Temur qo‘shini qal’aga qarab kelayotganidan voqif
bo‘lgach, unga peshvoz chiqib, qal’ani peshkash qilishni ma’qul deb
topdi. Ammo u o‘z askarlaridan biriga Amir Temur qal’aga kirishi
bilan o‘q uzib, uni halok etishni buyurgan edi. Ammo pastkash
niyatiga etmadi. Uzilgan o‘q xato ketdi. Muso afg‘on qilmishiga
yarasha jazolandi, u qatl etildi.
Aynan mana shu voqea yillar o‘tib afsonaga asos bo‘lganiga shak-
shubha yo‘q. Lashkarshoh afg‘ondan avval qal’ada Pirmuhammad
Jahongir turgani uchunmi, afsona Amir Temur o‘g‘lining o‘limi haqida
hikoya qiladi. Nabiraning o‘g‘ilga aylanishi esa faqat afsonalarda
emas, hatto tarixiy kitoblarda uchrab turadigan holdir. Qolaversa,
Pirmuhammad Jahongir Amir Temurning kenja o‘g‘li SHohruh bilan
deyarli tengqur edi. Endi navbat afsonaga..
II
Dunyoning to‘rt tarafiga ko‘z tikkan Sohibqiron Amir Temur qo‘shini
jangari afg‘on qabilalari bilan bo‘lgan og‘ir jangu jadaldan so‘ng
daryo yoqasida qo‘qqayib turgan ulkan qoya ustidagi qal’ani qo‘lga
kiritdi. Qal’a juda kichik, ammo baland devor bilan o‘ralgani uchun
g‘oyatda kuchli istehkom edi. SHuning uchun ham qal’aning qo‘lga
kirishi qiyin bo‘ldi. Aniqrog‘i qiyin bo‘lishi mumkin edi. Ammo
kutilmagan xiyonat tufayli qal’a uning qo‘liga juda oson o‘tdi.