4.3. Arzon uy-joylar barpo etish bo’yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, aholining hayot
sharoitlari yaxshilanishini ta’minlovchi yo’l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish:
aholi, eng avvalo, yosh oilalar, eskirgan uylarda yashab kelayotgan fuqarolar va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boshqa fuqarolarning yashash sharoitini imtiyozli shartlarda ipoteka kreditlari ajratish hamda shahar va qishloq joylarda arzon uylar qurish orqali yanada yaxshilash;
aholining kommunal-maishiy xizmatlar bilan ta’minlanish darajasini oshirish, eng avvalo, yangi ichimlik suvi tarmoqlarini qurish, tejamkor va samarali zamonaviy texnologiyalarni bosqichma-bosqich joriy etish orqali qishloq joylarda aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlashni tubdan yaxshilash;
odamlarning ekologik xavfsiz muhitda yashashini ta’minlash, maishiy chiqindilarni qayta ishlash komplekslarini qurish va modernizatsiya qilish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, aholini chiqindini yo’q qilish bo’yicha zamonaviy ob’yektlar bilan ta’minlash;
aholiga transport xizmati ko’rsatishni tubdan yaxshilash, yo’lovchi tashish xavfsizligini oshirish va atrof muhitga zararli moddalar chiqishini kamaytirish, har tomonlama qulay yangi avtobuslarni sotib olish, avtovokzal va avtostansiyalarni qurish hamda rekonstruksiya qilish;
yo’l infratuzilmasi qurilishi va rekonstruksiya qilinishini davom ettirish, eng avvalo, mintaqaviy avtomobil’ yo’llarini rivojlantirish, xo’jaliklararo qishloq avtomobil’ yo’llarini, aholi punkti ko’chalarini kapital va joriy ta’mirlash;
yangi elektr energiya ishlab chiqarish quvvatlarini qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, past kuchlanishli elektr tarmoqlari va transformator punktlarini yangilash asosida aholini elektr energiyasi hamda boshqa yoqilg’i-energiya resurslari bilan ta’minlashni yaxshilash, shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo’yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
teatr va tomosha maskanlarini, madaniy-ma’rifiy tashkilotlar va muzeylar faoliyatini rivojlantirish hamda takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
4.4. Ta’lim va fan sohasini rivojlantirish:
uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, sifatli ta’lim xizmatlari imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash siyosatini davom ettirish;
ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, ularni zamonaviy o’quv va laboratoriya asboblari, komp’yuter texnikasi va o’quv-metodik qo’llanmalar bilan jihozlash orqali ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yuzasidan maqsadli chora-tadbirlarni ko’rish;
maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog’ini kengaytirish va ushbu muassasalarda bolalarning har tomonlama intellektual, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash, bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishini jiddiy oshirish va foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash, pedagog va mutaxassislarning malaka darajasini yuksaltirish;
umumiy o’rta ta’lim sifatini tubdan oshirish, chet tillar, informatika hamda matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi boshqa muhim va talab yuqori bo’lgan fanlarni chuqurlashtirilgan tarzda o’rganish;
bolalarni sport bilan ommaviy tarzda shug’ullanishga, ularni musiqa hamda san’at dunyosiga jalb qilish maqsadida yangi bolalar sporti ob’yektlarini, bolalar musiqa va san’at maktablarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish;
kasb-hunar kollejlari o’quvchilarini bozor iqtisodiyoti va ish beruvchilarning ehtiyojlariga javob beradigan mutaxassisliklar bo’yicha tayyorlash hamda ishga joylashtirish borasidagi ishlarni takomillashtirish;
ta’lim va o’qitish sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish asosida oliy ta’lim muassasalari faoliyatining sifati hamda samaradorligini oshirish, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini bosqichma-bosqich ko’paytirish;
ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag’batlantirish, ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, oliy o’quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari va texnoparklarni tashkil etish.
4.5. YOshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish:
jismonan sog’lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirish;
o’rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish hamda xususiy tadbirkorlik sohasiga jalb etish;
yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo’llab-quvvatlash va ro’yobga chiqarish, bolalar va yoshlar o’rtasida sog’lom turmush tarzini shakllantirish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish;
yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, yosh oilalar uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ta’lim muassasalari, yoshlar va boshqa tashkilotlarning samarali faoliyatini tashkil etish.
Dostları ilə paylaş: |