3.2. Tarkibiy o’zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini
modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish:
milliy iqtisodiyotning mutanosibligi va barqarorligini ta’minlash, uning tarkibida sanoat, xizmat ko’rsatish sohasi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushini ko’paytirish;
ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatini olib borish;
yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini, eng avvalo, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo’shimcha qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarishni jadal rivojlantirishga qaratilgan sifat jihatidan yangi bosqichga o’tkazish orqali sanoatni yanada modernizatsiya va diversifikatsiya qilish;
iqtisodiyot tarmoqlari uchun samarali raqobatbardosh muhitni shakllantirish hamda mahsulot va xizmatlar bozorida monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish;
prinsipial jihatdan yangi mahsulot va texnologiya turlarini o’zlashtirish, shu asosda ichki va tashqi bozorlarda milliy tovarlarning raqobatbardoshligini ta’minlash;
ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni rag’batlantirish siyosatini davom ettirish hamda, eng avvalo, iste’mol tovarlar va butlovchi buyumlar importining o’rnini bosish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish;
iqtisodiyotda energiya va resurslar sarfini kamaytirish, ishlab chiqarishga energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat unumdorligini oshirish;
faoliyat ko’rsatayotgan erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari samaradorligini oshirish, yangilarini tashkil etish;
xizmat ko’rsatish sohasini jadal rivojlantirish, yalpi ichki mahsulotni shakllantirishda xizmatlarning o’rni va ulushini oshirish, ko’rsatilayotgan xizmatlar tarkibini, eng avvalo, ularning zamonaviy yuqori texnologik turlari hisobiga tubdan o’zgartirish;
turizm industriyasini jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda uning roli va ulushini oshirish, turistik xizmatlarni diversifikatsiya qilish va sifatini yaxshilash, turizm infratuzilmasini kengaytirish;
eksport faoliyatini liberallashtirish va soddalashtirish, eksport tarkibini va geografiyasini diversifikatsiya qilish, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini kengaytirish va safarbar etish;
yo’l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, boshqaruv tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish.
3.3. Qishloq xo’jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish:
tarkibiy o’zgartirishlarni chuqurlashtirish va qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini izchil rivojlantirish, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlash, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, agrar sektorning eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirish;
paxta va boshoqli don ekiladigan maydonlarni qisqartirish, bo’shagan yerlarga kartoshka, sabzavot, ozuqa va yog’ olinadigan ekinlarni ekish, shuningdek, yangi intensiv bog’ va uzumzorlarni joylashtirish hisobiga ekin maydonlarini yanada optimallashtirish;
fermer xo’jaliklari, eng avvalo, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan bir qatorda, qayta ishlash, tayyorlash, saqlash, sotish, qurilish ishlari va xizmatlar ko’rsatish bilan shug’ullanayotgan ko’p tarmoqli fermer xo’jaliklarini rag’batlantirish va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
qishloq xo’jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, yarim tayyor va tayyor oziq-ovqat hamda qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish bo’yicha eng zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlangan yangi qayta ishlash korxonalarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo’yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
qishloq xo’jaligi mahsulotlarini saqlash, tashish va sotish, agrokimyo, moliyaviy va boshqa zamonaviy bozor xizmatlari ko’rsatish infratuzilmasini yanada kengaytirish;
sug’oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash, melioratsiya va irrigatsiya ob’yektlari tarmoqlarini rivojlantirish, qishloq xo’jaligi ishlab chiqarish sohasiga intensiv usullarni, eng avvalo, suv va resurslarni tejaydigan zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, unumdorligi yuqori bo’lgan qishloq xo’jaligi texnikasidan foydalanish;
kasallik va zararkunandalarga chidamli, mahalliy yer-iqlim va ekologik sharoitlarga moslashgan qishloq xo’jaligi ekinlarining yangi seleksiya navlarini hamda yuqori mahsuldorlikka ega hayvonot zotlarini yaratish va ishlab chiqarishga joriy etish bo’yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish;
global iqlim o’zgarishlari va Orol dengizi qurishining qishloq xo’jaligi rivojlanishi hamda aholining hayot faoliyatiga salbiy ta’sirini yumshatish bo’yicha tizimli chora-tadbirlar ko’rish.