5-§. Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash odil sudlov
manfaatlarini ta’minlashning eng muhim elementlaridan biridir, chunki u
keyingi jinoiy faoliyatga chek qo‘yish, qochish yoxud dalil-isbotlarni
yashirish yoki yo‘q qilishning oldini olishga qaratiladi (JPK 220-
moddasining 1-qismi). Bundan tashqari, shaxsni ushlash JK vazifalarini,
uning tamoyillarini amalga oshirish uchun katta ahamiyatga ega bo‘ladi.
Aynan shuning uchun jinoiy qonunchilik va sud-tergov amaliyoti bu
institutni hatto uni amalga oshirish natijasida ijtimoiy xavfli qilmishni
sodir etgan shaxsning huquqlari va manfaatlariga ma’lum zarar
yetkazilgan holda ham ijtimoiy foydali deb qaraydi. Bu hollarda ushlash
tashqi jihatdan jinoyatdan farq qilmasligi mumkin, lekin aslida u bunday
emas. Shu munosabatda ushlovchi shaxsning harakatlarini to‘g‘ri
malakalash uchun uning harakatlari
JK 39-moddasida mustahkamlangan
ushlashda zarar yetkazish qonuniyligi shartlariga muvofiq kelishi talab
etiladi.
NOTA BENE ! Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni hokimiyat idoralariga
topshirish maqsadida
ushlash paytida zarar yetkazish , bunda ushlash
vositalari va usullariga, qilmishning hamda uni sodir etgan shaxsning
xavflilik darajasiga, shuningdek, ushlash sharoitiga mos kelishiga amal
qilingan bo‘lsa, jinoyat bo‘lmaydi.
Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash paytida zarar yetkazish qonuniyligi shartlari , bir tomondan, ushlash huquqini amalga
oshirish, ikkinchi tomondan, noqonuniy harakatlar va sudsiz jazolash
imkonini istisno qilishga imkon beradi. Ushbu shartlar sharhlanayotgan
institut ikkita elementiga: ushlashga va ushlashda yetkaziladigan zararga
taalluqli bo‘ladi, ularning har birining alohida va birgalikda qonuniyligini
aniqlaydi va ushlash jarayonida zarar yetkazish qonuniyligini ko‘rsatadi.
414