Havola bo‘lakli qo‘shma gaplar taraqqiyoti reja: bmi


O‘zbek tilshunosligida havola bo‘lakli gaplarning o‘rganilishi



Yüklə 68,5 Kb.
səhifə4/23
tarix28.03.2023
ölçüsü68,5 Kb.
#90768
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   23
норкулова мухайё пдф файл

1.2 O‘zbek tilshunosligida havola bo‘lakli gaplarning o‘rganilishi.
O‘zbek tilshunosligida, umuman olganda, turkiyshunoslikda, hattoki boshqa tilshunosliklarda ham, ayniqsa ergash gapli qo‘shma gaplar haqida bahslar ko‘pdan davom etib keladi. Zero, ergash gapli qo‘shma gaplar bog’langan qo‘shma gaplarga qaraganda uzvlari o‘rtasidagi mazmuniy-tarkibiy munosabatlar tabiatiga, bu munosabatni yuzaga keltiruvchi mazmuniy, mantiqiy va sintaktik mexanizmlarning ancha murakkabligiga ko‘ra farq qiladi. Shuning uchun ham ergash gapli qo‘shma gaplarni baholashda jiddiy muammolar anchagina. Bu ayniqsa, tarkibida sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi va boshqa tizimlari mavjud bo‘lgan sintaktik birliklarni baholashda ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Ana shunday gaplarning sintaktik maqomini belgilashda, ya’ni bunday gaplar sintaktik sodda gapmi yoki ergash gapli qo‘shma gapmi, degan masaladagi munozara hali tingan emas.
O‘zbek tilidagi ergash gapli qo‘shma gaplarni o‘rganishda G’. Abdurahmonov, M.A. Asqarova, A. Berdialiyevlarning ilmiy tadqiqotlari diqqatga sazovordir. G’. Abdurahmonov va M.A. Asqarovalarning tadqiqotlarida o‘zbek tilidagi ergash gaplar, asosan, shakl jihatdan o‘rganilgan. Masalan,
M.A.Asqarovaning doktorlik dissertatsiyasi “Hozirgi o‘zbek tilida ergashish usullari va ergash gap tiplari”, deb nomlangan bo‘lib, uning birinchi bobi ergashish usullari va shakllarini tadqiq etishga bag’ishlangan15, keyingi uch bobda ham ergashgan qo‘shma gap uzvlarining bog’lanishida ishtirok etuvchi lisoniy vositalar tahlili asosiy o‘rinda turadi. Hatto ergash gaplarning mazmuniy-sintaktik tiplari haqida gap ketganda ham, mazmuniyat bilan bog’liq qisqa izohlardan keyin, yana baribir bog’lovchi vositalar, qo‘shma gap uzvlarining o‘rinlashuvi kabi masalalarga ko‘proq e’tibor qilingan. G’. Abdurahmonov tadqiqotlarida ham qo‘shma gaplarga ana shunday yondashuvni ko‘rish mumkin.
Har qanday til birligi kabi gap ham, xususan, qo‘shma gap ham ikki tomonlama birlikdir, ya’ni ifoda tomoni va mazmun tomoniga ega. Uzoq vaqtlar mobaynida qo‘shma gapning asosan ifoda va qisman mazmun tomonlari o‘rganildi. Keyingi yillarda tilshunoslikda gapning mazmun tomoniga, “semantika” deb yuritiladigan jihatga e’tibor kuchaydi, mazmuniy (semantik) sintaksis, degan yo‘nalish yuzaga keldi. A. Berdialiyevning tadqiqotlari ana shu yo‘nalishdagi o‘zbek tilshunosligidagi dastlabki ishlardandir. Uning doktorlik dissertatsiyasida ergash gapli qo‘shma gaplardagi paradigmatik va sintagmatik xususiyatlar chuqur tadqiq etilgan. Ergashgan qo‘shma gaplarning mazmuniysignifikativ xususiyatlari, ulardagi sintaktik omonimiya, polisemiya, ko‘p funksionallik kabi bir qator muhim masalalar ishonarli tarzda hal qilingan. Shubhasiz, bu ish o‘zbek tilshunosligidagi qo‘shma gap nazariyasiga qo‘shilgan muhim xissadir. Lekin ishning kirish qismida alohida ta’kidlanganiday, tadqiqotdagi asosiy metod tarkibiy-mazmuniy (mazmuniy-tarkibiy emas) bo‘lib, u “shakldan mazmunga” qabilidagi tahlilga asoslangan16.
Havola bo‘lak deganda umumiy tilshunoslikdagi “deyksis belgilar” tushuniladi. Deyksis belgilarning mohiyati shundan iboratki, ular mazmunni, voqea, belgi, narsalarni bevosita ifodalamaydi, balki ularga ishora, havola qiladi, shunga ko‘ra ularni mazmunan kuchsiz, bo‘sh so‘zlar sifatida qarash mumkin.

8 Abdurahmonov G’.A “Qo’shma gap sintaksisi asoslari” Toshkent: O’zFA nashriyoti, 1958. Asqarova M.A.
Hozirgi zamon o’zbek tilida qo’shma gaplar. Toshkent: O’zFA nashriyoti, 1960
16 Berdialiyev A. Ergash gapli qo’shma gap konstruksiyalarda semantic-signifikativ paradigmatika. Toshkent, 1989
O‘zbek tilidagi olmosh va boshqa nisbiy so‘zlar ana shunday deyksis belgilar bo‘lib, ular qo‘shma gaplarda havola bo‘laklar sifatida ishtirok etishi mumkin.
Havola bo‘lakning mavjud yoki mavjud emasligi bilan bog’liq holatda bosh gap ham, ergash gap ham muayyan mazmuniy va sintaktik xususiyatlar bilan xarakterlanadi. Quyidagi gaplarni qiyoslaylik: Tolib aka shuni bilib qo‘ysinki, Akrom Saidning ham ocherki jurnalda chiqmaydi (F. Musajonov). Onasi kiyinib chiqquncha, ota-bola toychoqni yaltiratib artib qo‘yishardi (A. Ko‘chimov). Birinchi gapning bosh qismida shuni havola bo‘lagi bor, u to‘ldiruvchi vazifasida, ikkinchi gapda ota-bola toychoqni yaltiratib artib qo‘yishardi shaklidagi bosh gap havola bo‘lak yo‘q. Avvalo, havola bo‘lakning tabiatiga ko‘ra ayni bosh gapdagi to‘ldiruvchi sintaktik o‘rni faqat shaklan berkitilgan, chunki havola bo‘lak mazmunan bo‘sh, shuning uchun bosh gap sintaktik to‘liq bo‘lsa ham, mazmunan noto‘liq. Ikkinchi gapdagi bosh gap esa mazmunan, ham sintaktik jihatdan to‘liq. Birinchi bosh gap mazkur havola bo‘lakning keyingi ergash gapga havola qilishiga ko‘ra mazmunan to‘liq bo‘ladi, ergash gap bosh gap predikatining kuchli sintagmatik valentligini berkituvchi to‘ldiruvchi o‘rniga qo‘yilib idrok qilinadi. Ikkinchi gapda esa ergash gapning o‘rni bosh gap tarkibiy qurilishining bevosita ichida. Birinchi gapda ergash gap bosh gapning sintaktik o‘rinlar tizimidan tashqarida bo‘lib, u bu tizimga muayyan mantiqiy-mazmuniy harakatlar orqali kirilsa, ikkinchi gapda bunday harakatlarga zaruriyat yo‘q, chunki u ayni tizimning uzviy a’zosi. Ikkinchi gapdagi ergash gap bosh gap predikatining kuchsiz sintagmatik valentligini berkituvchi sintaktik o‘rinni egallagan, shuning uchun ergash gap ishtirok etmaganda ham, bosh gap mazmuniy-sintaktik ma’nosini yo‘qotmaydi. Aytilgan mulohazalarga ko‘ra yana bir narsani ta’kidlash lozim.
Havola bo‘lakli bosh gaplar sinsemantik, ya’ni ergash gaplardan ajratib olinganda, mustaqil qo‘llana olmaydi, mazmunan chala bo‘lib qoladi. Havola bo‘laksiz bosh gaplar esa avtosemantik, ya’ni ergash gaplardan ajratib olinganda ham mazmunan nisbiy mustaqilligini saqlay oladi, mazmunan chala, noto‘liq bo‘lib qolmaydi.
Ergash gapli qo‘shma gaplarning ayrimlarida bosh gapdagi havola bo‘lakning o‘zi bilan chegaralanmaydi. Bu havola bo‘lak bilan muvofiq keluvchi boshqa bir havola bo‘lak ergash gap tarkibida ham mavjud bo‘ladi. Bosh va ergash gaplardagi bu havola bo‘laklar savol-javob tarzidagi doimiy qarshilantirishni tashkil etadi: kim – u, kim – o‘sha, kimlar – ular, nima – shu, nima – u, qancha – shuncha, qanday – shunday, nechta – shuncha, qanchalik – shunchalik, qayer – shu yer, qay tomon – shu tomon kabi. Ana shu havola bo‘laklardagi qarshilantirishga ko‘ra bosh va ergash gaplar o‘rtasidagi aloqa tabiatida ham o‘ziga xoslik yuzaga keladi. Masalan: Kim mehnat qilsa, u rohat ko‘radi (“Mashriqzamin – hikmat bo‘stoni” kitobidan). Qayerda intizom bo‘lsa, u yerda muvaffaqiyat bo‘ladi. (“Tafakkur gulshani” jurnalidan). Bu gaplardagi tobelik aloqasi boshqa ergash gapli qo‘shma gaplardagidan farqli o‘laroq, ikki tomonlamadir, ya’ni “aloqa yo‘nalishi ergash gaplardan bosh gaplarga, ayni vaqtda bosh gaplardan ergash gaplar tomon harakat qiladi”15. Tobe aloqaning o‘ziga xos bu turi turli tilshunoslar tomonidan turlicha nomlangan. Ular orasida dastlab А.М.Пешковский tomonidan tavsiya etilgan “Взаимное подчинение”, ya’ni “O‘zaro tobelanish” atamasi16 hodisa mohiyatini aniq aks ettiradi.
O‘zaro tobelanishli ergash gapli qo‘shma gaplarda ergash gap oldin, bosh gap esa keyin keladi. Ergash gap tarkibidagi havola bo‘lak umumlashgan so‘roq ma’nosida (kim, nima, qancha, qanday, qayer kabi), bosh tarkibidagi havola bo‘lak esa shu so‘roqqa umumiy javob ma’nosida (u, o‘sha, shuncha, shunday, o‘sha yer kabi) bo‘ladi17. Bunday ergash gapning predikati shart ergash gapning predikati kabi shart maylidagi fe’l (yoki ba’zan shart ma’nosiga ega bo‘lgan boshqa fe’l: masalan -r ekan) orqali ifodalangan bo‘ladi, lekin undagi shart ma’nosi kuchsizlangan bo‘lib, bu shakl mazkur havola bo‘laklar bilan birgalikda bosh va ergash gaplarni bog’lovchi vosita vazifasini bajaradi. Ayni havola bo‘laklar shart ma’nosini xiralashtiradi, shuning uchun ham o‘zaro tobelanishli, demak, har ikki qismida ham havola bo‘laklar mavjud bo‘lgan ergash gapli qo‘shma gaplar sirasida shart ergash gapli qo‘shma gaplar yo‘q. Agar imkon bor o‘rinlarda havola bo‘laklar tushirib qoldirilsa, gapdagi shart mazmuni yaqqol yuzaga chiqadi va gap shart ergash gapli qo‘shma gapga aylanadi. Masalan: Kim mehnat ko‘rsa, u rohat ko‘radi (ega ergash gap). Mehnat qilsang, rohat ko‘rasan (shart ergash gap). Qayerda intizom bo‘lsa, u yerda muvaffaqiyat bo‘ladi (o‘rin ergash gap). – Intizom bo‘lsa, muvaffaqiyat bo‘ladi (shart ergash gap).
Ammo ta’kidlash lozimki, havola bo‘lak faqat bosh gapdagina mavjud bo‘lganda havola bo‘lakning tushirib qoldirilishi ergash gap turning o‘zgarishiga olib kelmaydi. Qiyoslang: Tolib aka shuni bilib qo‘ysinki, Akrom Saidning ham ocherki jurnalda chiqmaydi. Har ikki holatda ham to‘ldiruvchi ergash gap mavjud.
Ikkinchi holatdagi, ya’ni bosh gapdagi havola bo‘lagi tushib qolgan gaplarni ham havola bo‘lakli bosh gap sifatida qarash maqsadga muvofiq, chunki havola bo‘lak bunday hollarda qo‘llanmaganda ham uning sintaktik o‘rni ochiq ekanligi aniq sezilib turadi. Odatda bosh gapdagi havola bo‘lakning tushib qolishi, asosan, ega va to‘ldiruvchi ergash gapli qo‘shma gaplarda kuzatiladi. Gapdagi predikat ifodasining kuchli sintagmatik valentliklari ko‘pincha ana shu bo‘laklar – ega va to‘ldiruvchi bilan berkiladi. Ana shuning uchun ham bosh gapdagi ega va to‘ldiruvchi vazifasida kelgan havola bo‘laklar qo‘llanmaganida ham baribir, uning borligi anglanadi, istagan paytda uni tiklash mumkin.

Yüklə 68,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   23




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin