HAYOTIY KUZATISHLAR VA DEPRESSIYADA PSIXALAGIK DAVOLASHNI AMALGA OSHIRISHNING YANGI SAMARADOR USULLARI
Shilqim (yopishqoq) holatlar nevrozi Fransuz ruhiyatchi olimi P. Jane tomonidan 1903 yilda yopishqoq holatlar nevrozi «psixosteniya» nomi bilan mustaqil kasallik sifatida tasvirlangan. Bu kasallikka tashvish — badgumonlik harakterli, ma`lum konstitusional moyilligi bo`lgan odamlarda yuzaga keladi. Barcha nevrozlarga xos bo`lganidek, yopishqoq holatlar nevrozi ham ruhiy shikastalik ta`sirida paydo bo`ladi.
Yopishqoq nevroz ko`rinishida turli-tuman va ko`p sonli yopishqoq holatlar ustun turadi. Kasallik holatlariga, ko`proq namoyon bo`lishiga qarab yopishqoq fikrlar (absessiyalar), yopishqoq qo`rquvlar (fobiyalar) va yopishqoq ta`sirotlar va qiziqishlar (kompul`siya) bo`lishi mumkin. Nevroz klinikasida bu holatlar ko`pincha qo`shilib keladi.
Barcha yopishqoq holatlar uchun umumiy belgi shundan iboratki, bu holatlar bemorning xohishiga qarshi paydo bo`ladi va u sog`lom odamdan farqli o`laroq, bundan qutula olmaydi. Sog`lom odamlarda ba`zan bo`lib qoladigan qulog`iga musiqa tovushi eshitilishi yoki biror so`zni «o`zidan -o`zi» qaytaraverishi birmuncha vaqtdan so`ng birdan yo’qoladi. Yopishqoq nevrozli bemor esa bu holatlar noxush bo`lsa-da, unga tanqidiy qaray oladi, ammo ongiga kirib qolgan narsalarni zo`rlab chiqara olmaydi. Yopishqoq fikrlar esdaliklar, gumonlar ko`rinishida bo`lishi mumkin. Ularning mazmuni turlicha, ba`zan juda tasodifiy, ba`zida juda bema`ni bo`ladi. Qandaydir fikr, maqol, alohida so`z, she`riy parchalar, ismlar va xokazolar uzoq vaqt (oylab, yillab) bemor ongida mustahkamlanib qoladi.
Shilqim gumonlarda bemor uyining eshigini qulfladimi yoki yo’qmi, gazni o`chirdimi yoki yo`qmi, dazmol simini rozetkadan oldimi-yo`qmi, xatlarni konvertga solayotganda almashtirib yubormayaptimi va boshqa ishlarni bajarayotganda o`ziga ishonmaydi. Yopishqoq hisobda bemorlar zinapoyaning sonini, uylarning derazasini, tramvaylarning raqamini, avtobuslar sonini, yo`lovchilar kiyimidagi tugmalarni sanayverib qiynalib ketadi. Yopishqoq fikrlar o`zga yopishqoq holatlar bilan qo`rquvlar (fobiyalar), qiynoqni, qo`rquvni boshidan kechirish, qizarib ketishdan qo`rqish (ereytofobiya), boshqalarning qarashidan qo`rqish, ochiq maydonlarda yurishdan qo`rqish (agarofobiya), yopiq binolardan qo`rqish (klaustrofobiya) va hokazolar bilan qo`shilib kelishi mumkin.
Shilqim fobiyalar ichida nozofobiya alohida o`rin tutadi va alohida guruhni tashkil qiladi. Kardiofobiya — yurak kasalliklari bilan kasallanishdan qo`rqish, kanserofobiya — rak kasalliklaridan, sifilofobiya — zaxmdan, mesifobiya — quturishdan, tanatofobiya — o`lim vahimasi, iotofobiya OITS dan qo`rqish va hokazolar ko`rsatib o`tish lozim. Yopishqoq holatlar kutish nevrozi sifatida ko`rinishi mumkin (E. Kreplin, 1915). Bunda bemorlarda kutish nevrozi paydo bo’ladi, ularni muvaffaqiyatsizlik kutib turgandek tuyuladi. Bu guruxdagi yopishqoqlik fiziologik faoliyatga (ovqat yutish, siydik ajralishi, jinsiy aloqa-kuyovlar nevroziga. (Abu Ali ibn Sino) tegishli bo`lishi mumkin. Bu kundalik ish faoliyati bilan bog`liq bo`lishi mumkin (aktyor sahnaga chiqqanda yoki musiqachi g`ijjak chalganda, o`yinchi esa o’yin tushayotganda, ma`ruzachi ma`ruza paytida yanglishib ketaman deb vahima qilishi kabi).
Shunday qilib, kutish nevrozida bir qator odatlar darajasidagi «o`z-o`zidan» o’ylamasdan bajariladigan ishlar «buziladi». Nevrozning paydo bo`lishiga juda arzimagan muvaffaqiyatsizlik tasodifan eshitilgan bir og`iz noo`rin so’z sabab bo`lishi mumkin. Bu nevroz ko`pincha psixoastenik shaxsda kuzatiladi. Fobiyaning paydo bo`lishi ko`pincha vegetativ belgilar bilan o`tadi: yurak urib ketadi, qon bosimi o`zgarib turadi, ko`z qorachig`i kengayadi, bemor terlab ketadi, yuzi oqaradi yoki kizaradi, og`zi qurib, qo`llari titray boshlaydi.
Abu Ali ibn Sino ruhiyat buzilishini bayon qilgan, uni hozirgi zamon tushunchalari bo’yicha psixoastenik va yopishqoq holatlar nevrozi va kutish nevrozining varianti deb baholash mumkin. Bunda bu kasallarning «foydasiz fikrlashlari va qo`rqoqlikka moyilliklari qo`shilib» melanxoliya belgilari paydo bo`lishi ta`kidlanadi. Ibn Sino kutish nevrozining kelib chiqishini juda mohirona bayon qiladi. «Kuyovlar nevrozi»da bemor jinsiy aloqaning muvaffaqiyatsiz bo`lishini xavotirlanib kutadi.
Shilqim ta`sirotlar (rituallar) odatda nevroz ko`rinishida, aloxida uchramaydi. Ular odatda yopishqoq qo`rquv va gumonlar bilan qo`shilib keladi, bunda bemorlar qo`rquvni yengillatish yoki undan qutulishga harakat qilishadi, ya`ni o’z qo`rquvlarining noo`rinligini anglab, unga qarshi kurashmoqchi bo`lishadi, ehtiyot himoya harakatlarini qiladilar. Masalan, yuqumli kasalliklar (zaxm, sil, kuturish va b.) bilan og`rib qolishdan qutulish uchun bemorlar qo`lni to`xtovsiz yuvadilar (hatto teri shilinib ketadi), uylarini ko`p marta dezinfeksiya qiladilar, ust-bosh va ich kiyimlarini almashtiradilar.
Bemorlarga bunday xarakatlari bir oz tasalli beradi, qo`rquvni yengillatish, g`amni yoqotish uchun harakat rituallariga murojaat etadi, masalan, biror ish qilishdan oldin oyog`ini uch marta tapillatib qo`yadi, stolni qoshiq bilan taqillatib urib qo`yadi. Yopishqoq holatlarning boshqa ko`rinishlaridan biri kompul`siv (g`oya, qiziqish, harakat) yopishqoqligidir. Bunda kontrast, yomon fikrlar, yorqin obrazlar va ko`rinishlar, himoya ko`rinishidagi irimlar, ilohiy ta`sirotlar bilan qiziqish yopishqoqligi qo`shilib ketadi. Bu yopishqoqliklar vaziyatga nisbatan va mazmunan zid bo`ladi, bemorning ma`naviy yo’l-yo’riqlariga qarama-qarshiligi, begonalik hissi bilan farq qiladi. Bemor ularni juda og`ir holda boshidan kechiradi.
Onasining qo`lida pichoqni ko`rganida to`satdan ko`z o`ngida pichoqning uchi bolasining ko`ziga sanchilgandek ko`rinib ketadi, qiz bola tovushini chiqarib yomon so`zlar aytgisi kelib qoladi, jamoat joylarida ruxsat qilinmagan qiliqlar qilish fikri kelib qoladi. Bu o`rinda shuni ta`kidlash lozimki, bunday bemorlar yopishqoq kompul`siv qiziqishlar ta`siri ostida hech qachon nojo`ya, jinoiy xavfli xarakatlar yoki hatto noo`rin so`zni ham ishlatmaydilar yoki ish bajarmaydilar, o`zlarining yopishqoq kechinmalariga tanqidiy qaraydilar.
Ko`pincha absessiv sindrom kuchayganda yopishqoq, kontrast kompul`siv g`oyalar, qiziqishlar va harakatlar nevroz kechishiga qo`shilsa, nevrozning kechishi qiyinlashadi va shaxsning absessiv nevrotik taraqqiyotiga moyillik paydo bo`ladi (N. D. Lakosina, 1988).
Shilqim holatlar kasallikning bir marta xuruj qilishi bilan o`tib ketishi, bir necha haftadan bir necha yilgacha davom etishi, qaytalanish shaklida bo`lishi mumkin. Vaqti-vaqti bilan bemor sog`lomlashib ham qoladi. Nihoyat, nevroz uzluksiz davom etishi mumkin. Bunda nevroz klinikasida murakkab absessiv fobik buzilishlar kasallik yuqishidan qo`rqish, o`tkir asboblar, kontrast holatlarni ko`z oldiga keltirish holatlari namoyon bo`lishi mumkin. Nevrozlar asosan sog`ayish bilan tugaydi. Davomiyligi bir necha xaftadan bir necha oy, hatto yillab davom etadi. Ammo nevrozni chaqirgan nohush vaziyat saqlanib qolgan hollarda kasallik surunkali davom etadi. Nevrozlarning surunkali cho’zilishiga somatik kasalliklar sabab bo`lishi mumkin. Masalan, bosh miyaning tomir kasalliklari yoki ruhiy kasalliklarga irsiy moyilliklar va boshqalar.
Nevrozning so`nishi rivojlanishi kabi asta-sekin bo`lishi mumkin.
Nevrozning kelib chiqishida yuqorida ko`rsatilgandek ruhiy shikastlanish asosiy sabab hisoblanadi. To`satdan va birdan ta`sir ko`rsatadigan ruhiy jarohat, tabiiy ofatlar va boshqalar kam hollarda nevrozga sabab bo’ladi. Nevrozlar odatda nisbatan kuchsiz, ammo uzoqroq yoki ko`p marta ta`sir qiladigan, kuchli hayajon chaqiruvchi ta`sirotlarda, o`zaro janjallar natijasida va shu kabi holatlarda kelib chiqadi. Nevroz hosil bo`lishida ko`proq patogenetik ahamiyati bo`lgan, o`ziga xos voqea sifatida kelajakka noaniqlik, xavf tug`dirayotgan yoki qarama-qarshi ruxdagi qaror qabul qilish muhim o`rin tutadi.
Patogen ahamiyatga shu individ uchun qiyin va hal etib bo’lmaydigan holat (ikkilanish holati) paydo bo`lishi isbotlangan. Shunday holatga misol bo`lib o`ziga yoqmaydigan majburiy ish faoliyati, doimiy oilaviy janjal xizmat qiladi. Ko`pgina mualliflarning ishlarida yoshlikdan yetim qolishlik, ota-onadan ajrab qolish, nohush holatlar, kechinmalar, bolalikda ko’p dard tortganlik, shifoxonalarda uzoq muddat davolanganlik bolalarda nevroz paydo bo`lishiga olib keladi deb ko`rsatiladi.
Hozirgi vaqtda ruhiy jaroxatning nevrozlar shakllanishidagi ahamiyati ko`pchilik tomonidan tan olingan bo`lsa-da, bu fikr turli ilmiy maktablarning namoyondalari tomonidan turlicha baholanadi. Olimlar fikrining har xil bo`lishi bejiz emas, albatta. Chunki ruhiy shikast yetkazuvchi vaziyat har bir holatda turlicha bo`lishi mumkin va bu o`z navbatida shu bemorning shaxsiy xususiyatlariga, hayotiy tajribasiga, ijtimoiy ahvoliga va organizmning holatiga bog`liqdir.
Abu Ali ibn Sino nevrozlarning ko`pgina belgilarini tasvirlar ekan, ularning kelib chiqish sabablarini to`g`ri aniqlagan. Olim shunday holatarning sababi ruhiy shikast bilan bir qatorda bemor organizmidagi kasalliklar, ko`p vaqt och qolish, qon yo`qotish, u yoki bu ,a`zo, ayniqsa bosh miyaning bo`shligi deb hisoblagan.
Hozirgi vaqtda nevrozlarning kelib chiqishida bir necha ta`limot bor. 3. Freyd ta`limotiga binoan nevroz patogenezi psixogen shikastning xarakteriga emas, balki seksual olamining ruhiy shikastlanishiga olib keluvchi kechinmalar bilan qay darajada bog`liqligiga, qiziqishlari, erta yoshlikda bo`lgan ruhiy jarohat va hodisalar bilan bog`liq yashirin komplekslar bilan bog`lanishiga asoslanadi.
Boshqa olimlarning konstitusional ta`limoti bo’yicha nevrotik buzilishlarning kelib chiqishida nasliy moyillik asosiy o`rin tutadi, psixogen shikastlanish yordamchi ahamiyatga ega deyiladi. Hozirgi vaqtda bu dunyoqarash chegara harakatlarni tekshirishning kengayishi bilan shaxsning avtonomligi tashqi muhit ta`siriga berilmaydi degan tushuncha o`z ahamiyatini yo’qotadi.
Hozirgi yetakchi yo`nalish nevrotik holatlarning shakllanishida bir qator omillar ishtirok etadi deb hisoblaydi, shulardan eng zaruriylari shaxsning tuzilmasi va nasliy moyilligi deb hisoblanadi. P. B. Gannushkin (1933) ko`pgina nevrotik holatlarning vujudga kelish vaziyatini, ta`siri va rivojlanishini tasvirlab, kelib chiqishi ruhan bo`lsa-da, ko`pgina hollarda u ruhiyati shikasta shaxslarda paydo bo`ladi, deydi. V. A. Gilyarevskiy (1973), nevrozlarda ruhiy shikastlanishga alohida e`tibor qilib, shaxsning tuzilishida o`zgarishlar buzilishi shartligini ta`kidlaydi. Ruhiy shikast ko`pincha birinchi turtki ahamiyatini kasb etadi. D. J. Bird (1869) nevrasteniyani dastlabki marta ta`riflab, uni tez o`sayotgan sivilizasiya bilan bog`laydi va nerv tizimi hayot talab qiladigan sur`atga dosh berolmaydi va charchaydi deydi. P. D. Mobius (1906) nevrasteniyada konstitusional omil asosiy ahamiyatga ega deb ta`kidlaydi. Shu ikkala iqtisodiy va konstitusional omil hozirgi davrga qadar muhokama etib kelinmoqda.
K. Ye. Krasnushkin (1960) tez ish bitiraman deb zo`riqish, charchashni yengish uchun harakat qilish, ko`pincha majburan uxlamaslik organizmning dam ololmasligiga, ichki imkoniyatlari kamayishiga olib keladi, natijada asab charchashi oqibatida nevrasteniyani keltirib chiqaradi, deb uqtiradi.
Fransuz ruhiyatchilari (P. Jannet, 1907, 3. D. YUpre, 1903 va b.) isteriyaning asosiy belgilarini bayon etib, isterik konstitusional tuzilishga yetakchi sabab deb qaradilar. Ye. K. Krasnushkin (1929) isterik reaksiya sabablari ruhiy-biologik qatlamlarda yetakchi omil deb hisoblaydi. E. Krepelin (1915) isteriya uchun xis-xayajon, ruhiy va somatik faoliyatning barcha jabxalariga yoyilishi xarakterli deb hisoblaydi va ular kasallik belgilariga aylanadi va hayajon to`lqini omillarning buzilgan va ko’paytirilgan holda namoyon bo`lishi deb qaraydi. Uning fikriga ko`ra xar bir odamda kuchli hayajonlanganda tovushi yo’qolib qolishi, oyog`i qiyshayib qolishi mumkin va hokazo. Isterik shaxslarda butun ruhiy faoliyati labil — beqaror bo`lgani uchun bu buzilishlar juda arzimagan sabab bilan kelib chiqishi va osongina o`rnashib qolishi mumkin. E. Krepelin ruhiy faoliyatning bu alohida reaksiyalarini ximoya moslashuvining instinktiv shakllaridan deb hisoblaydi.
K. Bangoffer (1921) xohish nazariyasini taklif qilgan bo`lib, isterik buzilishlarda hamma vaqt sun`iy ravishda, namoyishkorona kechinmalarni bayon etuvchi kasal xohishi seziladi. Klinik kuzatishlar isterik buzilishlar Shaxsni u ko`tara olmaydigan holatdan ximoya reaksiya ekanligini tasdiqlaydi. Bu yana shu bilan isbotlanadiki, vrach isterik somatik buzilishlar yaqqol bor holatda bemorga kasalligi yengil va xavfsiz deb ishontirmoqchi bo`ladi. Bunday holatlarda ba`zan isterik buzilishlar og`irlashadi.
I. P. Pavlov va uning shogirdlari nevroz holatlar patofiziologik tabiatini anglash asoslariga zamin yaratganlar. Tibbiyot tarixida ular birinchi marta laboratoriya sharoitida tajriba hayvonlarida nevroz hosil qildilar. I. P. Pavlov konsepsiyasiga binoan nevrozlar kelib chiqishida kuchi yoki davomiyligi jihatidan haddan tashqari kuchli ta`sir etuvchi omillarning markaziy asab majmuasiga ta`siri yotadi va bu nerv faoliyatining uzilishiga olib keladi. Bu konsepsiya nevrozlar shakllanishini klinik mushohada qilishda (S. N. Davidenkov, 1963) tasdiqlanadi. Nevrozlar kelib chiqish mexanizmida asosiy asab jarayonlari—ta`sirlanish yoki tormozlanish, yoki ularning surilishi, kuchlanishi muhim ahamiyat kasb etadi.
I. P. Pavlov nevrasteniyaning ikki shakli (bosqichi)ni ajratdi: giperstenik va gipostenik. Birinchisida ichki tormozlanish jarayoni bo’shashib ta`sirchanlik oshib qoladi, ikkinchisida esa tez toliqish, ta`sirchanlikning bo`shashuvi kuzatiladi. Nevrozlarning alohida turlarini ajratish (nevrasteniya, yopishqoq holatlar nevrozi va isterik nevroz) I. P. Pavlov ta`limotiga binoan quyidagicha bo`ladi: badiiy, fikrlovchi va oralik. Nevrasteniya ko’pincha odamlarning oraliq ko`rinishidagi vakillarida, isteriya badiiy va yopishqoq fikrlar — tafakkur ko`rinishlarida uchraydi.
I. P. Pavlov isteriyaning patofiziologik mohiyatini nafaqat po`stloq faoliyatining bo`shashishidan, balki po`stloq osti faoliyati po`stloq, faoliyatidan, birlamchi signal tizimi — ikkilamchi signal tizimidan ustunlik qiladi, deydi. O`ta kuchli ruhiy shikastalik, og`ir ta`sirotdan po`stloq tormozlanish holatiga tushib qoladi. Isterik bemorlarining o`ta hayajonli ekanligini, ortiqcha ta`sirotga berilishi shu bilan tushuntiriladi. Kasallik belgilarining isterik mustahkamlanishi asosida kasallikka qaytish «shartli xush yoqish yoki xohish» yotadi, shartli refleks hosil bo`ladi va mustahkamlanib koladi.