Ikkinchi davr – bog’chagacha bo`lgan davr (bir yoshdan 3 yoshgacha).
Bolada birinchi so`zlar paydo bo`lgandan so`ng, tayyorlov davri tugab, aktiv nutqni egallash davri boshlanadi. Bu vaqtda bola atrofdagilar artikulyasiyasiga e‘tibor beradi. U gapirayotganlar orqasidan so`zlarni ko`p marotaba takrorlaydi va o`zi ham so`zlarni talaffuz qiladi. Bola hayotining 2-3 yiliga kelib, uning lug‘at boyligi sezilarli darajada boyib boradi.
Eng keng tarqalgan ma‘lumotga ko`ra, bolalarning lug‘at boyligini bog‘chagacha bo`lgan davrda o`sishi quyidagi raqamlarni ko`rsatadi: 1 yoshu 6 oyda - 10-15 ta so`z, 2-yilning oxiriga kelib 300 ta so`z, 3 yoshga borganda – 1000 ta so`z.
Bola hayotining 3-yiliga kelib, nutqning grammatik tomoni shakllana boshlaydi. Avval bola o`z xohish va iltimoslarini bir so`z bilan ifodalaydi. Keyinchalik 1-2 ta so`zdan iborat sodda jumlalar paydo bo`la boshlaydi.
Uchinchi davr – maktabgacha bo`lgan davr (3 yoshdan 6 yoshgacha).
Maktabgacha bo`lgan davrda bolalar birinchi navbatda artikulyasion jihatdan oson talaffuz etiladigan: lab-lab, lab-til undoshlari - p, b, m, f, v va boshqalarni o`rganadilar. Artikulyasion jihatdan talaffuz etish qiyin bo`lgan: shivirlovchi, sirg‘aluvchi (s, z, sh, j, ch) va sonor (r, l), til orqa (k, g) tovushlarini talaffuzini egallashda qiynaladilar. Shuning uchun bolalar bu tovushlarni nutqda noto`g‘ri qo`llaydilar yoki talaffuz etmaydilar.
Bu davrda lug‘at boyligining o`sishi davom etadi. Bolaning 4-6 yoshida uning aktiv lug‘ati 3000-4000 ta so`zgacha etadi. Lug‘at boyligi o`sib borishi bilan birgalikda nutqning grammatik tomoni ham rivojlanib boradi.
Bola hayotining 4 - yiliga kelib, ular o`z nutqlarida sodda va murakkab gaplarni qo`llay boshlaydilar. 5 yoshga kelib esa, qo`shma gaplardan erkin foydalana oladilar. 5 yoshli bolalar qo`shimcha savollarsiz hikoya va ertaklarni aytib berish qobiliyatiga ega bo`ladilar.
Bu davrda fonematik idrok sezilarli darajada rivojlanadi. Bola avval unli va undoshlarni, so`ng sonor, shovqinli va sirg‘aluvchi tovushlarni ajrata boshlaydi. Normada 4 yoshli bola barcha tovushlarni ajrata olishi, unda fonematik idrok shakllangan bo`lishi lozim. Bu vaqtga kelib tovushlarni to`g‘ri talaffuzining shakllanishi tugallanadi va bola har tomonlama to`g‘ri, aniq gapiradi.
Dostları ilə paylaş: |