Boburiylar saltanati. Bobur 1526 yil 21 aprelda Dehli hukmdori Ibrohim Lodiy qo`shinlarini tor-mor keltirdi; natijada Bobur Shimoliy Hindistonni egalladi. Dehli shahrida 1526 yil 27 aprelda Bobur nomiga xutba o`qildi, shu tariqa Hindistonda boburiylar sulolasiga asos solindi. Bobur podshoh Hindistonda bir-biriga dushman bo`lgan mayda mustaqil rojalarni qilich va siyosat yo`li bilan birlashtirdi va markazlashgan yirik saltanatni barpo etdi. Boburiylar saltanati 1858 yil B.Britaniya Hindistonni to`liq bosib olguniga qadar hukm surdi. Rojalar-Hindistondagi mahalliy hukmdorlar.
Hindistonda va chet ellarda boburiylarni "buyuk mo`g`ullar" deb atashgan, bu mutlaqo xato, Boburiylar yurtdoshimiz, temuriyzoda Boburning avlodlaridir. Boburiylar tarixiy hujjatlarda o`zlarini "boburiy mirzolar" deb yuritishgan. Boburiylarning mo`g`ullar deb xato aytilishiga evropaliklar Temuriylarni mo`g`ullardan tarqalgan deb noto`g`ri hisoblashlari sabab bo`lgan. So`nggi yillarda "buyuk mo`g`ullar" deb atalgan ibora o`rniga "boburiylar" iborasi qo`llanilishi bilan tarixiy haqiqat tiklandi.
Bobur 1530 yil 26 dekabrda, 47 yoshida vafot etdi. U Agra shahrida, Jamna daryosi yonidagi "Bog`i Orom"ga dafn etilgan. Boburning vasiyatiga ko`ra uning jasadi Boburning o`zi obod qilgan Kobuldagi "Bog`i Kalon"ga ko`chiriladi, keyinchalik bu bog` "Bog`i Bobur" deb ataldi. Bobur Temurdek bunyodkorlik ishlariga katta e`tibor bilan qaragan davlat arbobi edi. U dovyurakligi va jasurligi uchun yoshligidan "Bobur" (Sher) laqabini oladi. Bobir davlat ishlarini adolat bilan yuritgan, turli din va urf-odatlarni hurmat qilgan. Safdosh arboblardan kimki o`z vataniga qaytishni istasa ruxsat bergan va muruvvat ko`rsatgan.
Bobur – mutafakkir. Bobur bilimga chanqoq davlat arbobi bo`lgani uchun ham bilim olishga intilganlarga otalarcha g`amxo`rlik qilgan. U olim, A.Navoiydan keyin turadigan shoir va bastakor edi. Bobur "Boburnoma", "Mubayyin" (bayon etilgan), "Turkiy devon" kabi asarlar yozgan. "Boburnoma"- Movarounnahr, Xuroson va Hindiston tarixini to`g`ri aks ettirgan asardir. "Boburnoma" xotira asarlar sirasiga kirib, 1493-1529 yillarda bo`lgan tarixiy voqealar haqida yilma-yil hikoya qiladi. Asarda ba`zi temuriyzodalarning birgalashib umumiy dushmanga qarshi kurashish o`rniga o`z dushmanlari bilan o`z manfaatlari yo`lida kelishishga qilgan harakatlari tanqid qilinadi. Bobur "Boburnoma"da Hindiston haqida: "Hindiston bizning viloyatlardan o`zgacha olamdir. Tog` va daryosi, jangal va sahrosi, eli va tili o`zgachadir. Aksar viloyati tuz erdan bo`libtur. Hindistonning bir aybi, oqar suvi yo`qtur" - deb yozgan.
Boburning "Mubayyin" asari islom huquqshunosligi va islom dinining asoslari: namoz, zakot va haj ziyoratining mezonlariga bag`ishlangan. U “Xatti Boburiy” deb ataluvchi alifbo ham yaratgan. Bobur Mirzo - davlat arbobi, sarkarda, shoir va tarixchi olim edi. Bobur tavalludining 510 yilligi munosabati bilan 1993 yil Andijonda Bobur haykali o`rnatildi, ramziy qabr maqbarasi qurildi, "Bobur milliy bog`i" va "Bobur va jahon adabiyoti" muzeyi tashkil etildi.