Toshkent hokimligi hududi kengayishi. 1796 yil Chimkent, Sayram va o`nlab shaharlarni, 1799 yil Turkistondan Chu daryosigacha va Qorako`l mavzeini Toshkentga qo`shib oldi. Yunusxo`ja o`ziga tobe bo`lgan Katta qozoq juzi qabilalarini boshqarishni o`sha urug` boshliqlariga topshirib qozoq biylaridan o`ziga tayanch yaratdi. Yunusxoja qozoqlar, ayniqsa Qorakesak bo`lisi sultoni Bukey bilan yaqin aloqada bo`lgan, chunki Bukey sulton va uning o`g`illari Toshkent va rus karvonlarini qaroqchilardan himoya qilib, kuzatib borgan. Yunusxo`ja qo`shinida Katta juz qabilalari asosiy kuchni tashkil etib, Qo`qonga qarshi urushda jonbozlik ko`rsatgan.
Toshkent davlati Qo`qon va Buxoroni, Orenburg va Sibir bilan bog`lovchi karvon yo`llari o`tadigan Turkiston, Chimkent va Sayramni o`z qo`lida tutib, Markaziy Osiyo bilan Rossiya savdosida etakchi bo`lishga intiladi. Bu hol Qo`qon bilan Buxoroning Toshkentga munosabatining keskinlashuviga olib keldi. Katta Qozoq juzi ustidan Toshkent o`z ta`sirini kuchaytirishi Qo`qonning mavqeini chegaralab qo`ydi, chunki Farg`onani Rossiya bilan bog`lovchi asosiy savdo yo`li Toshkent orqali o`tar edi. Olimxon 1799 yil Toshkentga yurish qildi. Yunusxoja 1799 yil Chirchiq bo`yidagi Qorasuv mavzeida Qo`qon xoni Olimxonga zarba bergach Sirdaryo o`ng sohilidagi Qurama mavzeini qo`shib oldi.
Toshkent shahrini o`ragan devorning uzinligi 18 chaqirim bo`lib, 10 ming xonadon yashagan. Toshkent Rossiya, Qoshg`ar va Xitoy bilan savdo qilgan. Yunusxoja davrida 2 xil pul: rupiya va tanga zarb qilingan (5 tanga 1 rupiyaga teng bo`lgan). Shahar nazorati va soliq yig`ish Boshchixojaning qo`lida edi. Hokimning 4 ta maslahatchisi bo`lib, shahar savdosini qozi va devonbegi nazorat qilishgan. Rais shariat qonunlarini, bozordagi narx va o`lchovlarni nazorat qilgan.
Toshkent - Rossiya savdo munosabatlari XVIII asr oxiri - XIX asr boshlarida rivjlandi. Toshkentlik savdogarlar B.Ismoilov va Azizxoja 1786 yil Irbit yarmarkasiga borishgan. Troiskdan 1787 yil Toshkentga 27773 so`mlik rus va nemis movuti, qizil charm, gazmol, mis, baxmal keltirilgan. 24 kishidan iborat Toshkent savdo karvoni 1795 yil sentyabrda Semipalatinsk shahriga kelgani hujjatlarda qayd etilgan. XVIII asrning 90-yillarida Rahmatulla karvonboshi rahbarligidagi Toshkent savdogarlari doimo Petropavlovskka qatnab turganlar. Toshkent-Rossiya elchilik munosabatlari rivojlanishiga Toshkentning qulay geografik holati ijobiy ta`sir ko`rsatgan.
Yunusxoja 1792 yil Sibirga borgan Muhammadxoja va Azizxoja boshliq Toshkent savdo karvoni orqali Sibir ma`muriyatiga maktub jo`natadi va bu savdogarlarga Sibir ma`muriyati bilan muzokoralar olib borish vakolatini bergan edi. Yunusxojaning elchilariga javoban Sibir ma`muriyati 1794 yil Beznosikov va Burnashevlarni Toshkentga jo`natadi, biroq ular Buxorodan qaytib ketadi. Sibir ma`muriyati 1796 yil ikkinchi bor yuborgan elchilarni O`rta qozoq juzi Qorakesak bo`lusi sultoni Bukeyning o`g`li Eshim Sulton Toshkentga kuzatib keladi. Toshkent elchilari 1803 yil Sankt-Peterburgga borib imperator Aleksandr I qabulida bo`ladilar.